TOShKENT, 20-iyun – Sputnik. AQShning BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashida Xitoy nomiga yog‘dirayotgan ayblovlarini ochiqdan-ochiq aniq faktlarni pisand qilmaslik holatiga qiyoslash mumkin, AQShning hatti-harakatlari esa ko‘plab davlatlarda noroziliklarni keltirib chiqarmoqda, deb bayonot qildi chorshanba kuni XXR TIV rasmiy vakili Gen Shuan.
Seshanba kuni AQSh Davlat kotibi va AQShning BMTdagi doimiy vakili mamlakat BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashidan chiqishini e’lon qilishgan edi.
AQShning Inson huquqlari kengashidagi a’zoligi muddati 2019-yilning 31-dekabrida tugaydi.
AQShning hozirgi ma’muriyati vakillari Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitani Isroilga nisbatan "noxolis" munosabatda bo‘lgani uchun bir necha marotaba tanqid qilgan. Shuningdek, Kengash tarkibidan Venesuela, Xitoy va Kuba o‘rin olganligi tufayli ham tanqidiy fikrlarni ko‘p aytgan.
"AQShning Xitoy va boshqa davlatlardagi inson huquqlari holati bo‘yicha tanqidiy fikrlariga keladigan bo‘lsak — bu faktlarni ko‘r-ko‘rona inkor etishdir. Xitoy inson huquqlarini rivojlantirish masalasida katta taraqqiyotga erishdi. Buni soxta fikrlamaydigan har qanday inson ko‘ra oladi", — deb aytgan Gen Shuan AQSh tomonidan bo‘lgan tanqidga izoh berar ekan.
U shuningdek, AQShning Inson huquqlari kengashidagi harakati dunyoning ko‘plab davlatlari tomonidan noroziliklar va qarshiliklarni keltirib chiqarganini ma’lum qildi.
"Men o‘ylaymanki, AQSh buni to‘liq idrok etmoqda", — deb qayd etdi XXR tashqi siyosat mahkamasi vakili.