Mirziyoyevning Andijonga safari yakunlandi

Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga ikki kunlik tashrifi nihoyasiga yetdi
Sputnik

TOShKENT, 21-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijonga ikki kunlik safari yakunlandi. O‘zbekiston rahbari 20-may kuni Toshkentga qaytdi, deb xabar qildi prezident matbuot-xizmati.

Mirziyoyev Andijonga safari davomida nimalarga e’tibor qaratdi?

Maxsus jamg‘arma

Shavkat Mirziyoyev askarlarning qanday kitob o‘qigani bilan qiziqdi
Mirziyoyev Andijon viloyatiga safari davomida o‘rmon xo‘jaligida innovatsion g‘oyalarni qo‘llash, ekinlar turi va hosilini ko‘paytirish bo‘yicha maxsus jamg‘arma tuzish zarurligini ta’kidladi.

"O‘rmon xo‘jaligi yerlarida foydalanilmayotgan imkoniyat ko‘p. Masalan, pista, yong‘oq, no‘xot, loviya kabi xaridorgir mahsulotlar, za’faron, na’matak va boshqa dorivor o‘simliklardan qancha daromad olsa bo‘ladi! Asal yetishtirish ham mumkin. Faqat ilm, izlanish, harakat kerak. Vaqti kelib, o‘rmon xo‘jaligi alohida yirik sohaga aylanishi zarur", — dedi Mirziyoyev.

Shuningdek, viloyatda baliqchilikni rivojlantirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Joriy yilda 11 tumanda yangi hovuzlar barpo etish, aholi tomorqalari hamda sholi maydonida Xitoy va Vyetnam texnologiyasi asosida baliq yetishtirish rejalashtirilgan.

50ta ko‘p qavatli uy

Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida Sultonjo‘ra mahalasida beshta, Mustaqillik mahallasida ikkita 7 qavatli uy qurilib, foydalanishga topshirilgan edi.

Joriy yilda 14 ta shunday turar joy barpo etilmoqda. Mirziyoyev Andijonda bu masala dolzarb ekanini inobatga olib, shu yilning o‘zida qo‘shimcha yana beshta 7 qavatli uy qurish bo‘yicha topshiriq berdi.

Rejaga ko‘ra, bu yil Andijon shahrida 19 ta, yaqin yillarda jami 50 ta ko‘p qavatli uy bunyod etilishi belgilangan.

Minglab ish o‘rinlari

Mirziyoyev Andijon viloyati Ulug‘nor tumanida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda joriy yilda viloyatda yaratilishi rejalashtirilayotgan 25 mingta ish o‘rni Hukumatni mutlaqo qoniqtirmasligini aytdi.

Andijon tumanida pilladan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxona ish boshladi

"Viloyatda joriy yilda 25 mingta ish o‘rni yaratish nazarda tutilgani bizni mutlaqo qoniqtirmaydi. Chunki ishsizlar soni bundan yuqori.

Hokimlar, sektorlar rahbarlari investitsiya va texnologiya olib kelib, sanoat va xizmat ko‘rsatish korxonalarini tashkil etishga, shu orqali odamlarni ish bilan ta’minlashga ko‘mak berishi kerak", — dedi O‘zbekiston rahbari.

Mirziyoyev tashrifi arafasida maxsus Ishchi guruh tomonidan mavjud imkoniyatlarni keng safarbar qilish hisobiga 51 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish bo‘yicha reja ishlab chiqilganini ta’kidlagan.

Har bir oila tadbirkor

O‘zbekiston rahbari, shuningdek, Andijonga safari davomida "Har bir oila tadbirkor" dasturi konsepsiyasi bilan tanishdi.

Ushbu konsepsiya mehnat bilan band bo‘lmagan aholini tadbirkorlik, hunarmandlik, fermerlik, kasanachilikka o‘rgatish orqali ularga daromad manbai yaratib berishga qaratilgan.

Pop–Namangan–Andijon temir yo‘lini elektrlashtirish 2021-yilda yakuniga yetadi
"Andijonda aholi zich joylashgan. Bir-ikkita zavod bir foiz aholiniyam ish bilan ta’minlay olmaydi. Bu yerda odamlarni faqat tadbirkorlik, hunarmandlik orqali boqish mumkin. Xonadonlarga mablag‘ kiritsak, zarur uskunalar berib, aql bilan ishlashni o‘rgatsak, odamlar o‘zini o‘zi boqadi. Uyiga buyum oladi, bolasiga kitob olib beradi, soliqqa, elektrga pul to‘laydi, budjetga mablag‘ tushadi. Bir yildan keyin sarflagan pulimiz ikki barobar bo‘lib qaytadi. Iqtisodiy mexanizm mana shunday bo‘lishi kerak", dedi Prezidentimiz.

Prezident tadbirkor va hunarmandlar yetkazib beradigan mahsulotlar sig‘imini aniqlash, odamlar sotib oladigan tovarlar ishlab chiqarish, xususan, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar bergan.