TOShKENT, 19-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi doirasida "Andijan Silk.Co" korxonasida bo‘lib, ramziy tugmani bosib, uning faoliyatiga start berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur korxona mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida bo‘lib, O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida tashkil etilgan. Bu yerda pilla qayta ishlanib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
"Andijan Silk.Co" qo‘shma korxonasiga 2 million 100 ming dollar evaziga Xitoyda ishlab chiqarilgan ip yigiruv va tikuv mashinalari keltirib o‘rnatildi. Natijada 150 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Joriy yil oxirigacha ishchilar sonini 300 taga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushirilgach, yiliga 300 tonna quruq pilla qayta ishlanadi. 2018-yilning o‘zida 5,1 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
Shu yerning o‘zida pillachilikni rivojlantirish, charm-poyabzal, qurilish materiallari, ip-kalava hamda gazlamalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.
Prezident mazkur loyihalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.