"Yuqori darajadagi" telbalik: Tramp Eron bilan kelishuvni bekor qilib nimaga erishdi

Donald Tramp nima uchun Eron bilan yadroviy kelishuvni bekor qildi, bundan kimga foyda, endi AQSh, Eron, Yevropa va butun dunyoni nima kutmoqda - Sputnik kolumnisti mulohazasida.
Sputnik

Donald Tramp Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqishini e’lon qildi. Va bu bilan prezidentlik davridagi eng katta tashqi siyosiy xatoga yo‘l qo‘ydi.

So‘nggi daqiqalargacha tahlilchilar mo‘’jizadan umid qilib turishdi. Ular AQSh prezidenti oxirgi lahzada fikridan qaytadi deb o‘ylashgandi. Ammo 8-may kuni Tramp kelishuvni yana bir bor "chuqur nuqsonli" deb atadi, AQSh bu kelishuvdan chiqishini e’lon qildi va "Eron rejimiga qarshi eng yuqori darajadagi" sanksiyalarni tiklashni boshlash haqidagi farmonni imzoladi.

Isroil va Saudiya Arabistoni manfaatlari yo‘lida

Mazkur vaziyatning eng kinoyali jihati shundaki, Trampda yadroviy kelishuvdan chiqish uchun hech qanday qonuniy asos yo‘q. Eron yadroviy kelishuvning barcha shartlariga to‘liq amal qildi va buni baholash huquqiga ega bo‘lgan yagona organ — MAGATE bir necha bor tasdiqladi.

Rossiya, Turkiya va Eron rahbarlari Anqarada uchrashadi

Trampning e’tirozlariga kelishuvdagi ayrim jihatlar yoqmaganligi sabab bo‘ldi — masalan, unda Eron raketa dasturi haqidagi band yo‘qligi hamda Eronning tinch yadroviy dasturi bo‘yicha cheklovlarning vaqtinchaligi. Trampning ittifoqchilari va Eronni kelishuvni qayta tuzishga majburlashga urinishlari kutilganidek samara bermadi (chunki xalqaro munosabatlarda bunday ish tutilmaydi) va u kelishuvdan chiqishini e’lon qildi.

Hammadan ko‘proq albatta Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu xursand  bo‘ldi. U "Trampning bu dahshatli kelishuvdan chiqishini to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatlaydi". Bo‘lib ham so‘zdamas, amalda — Tel-Aviv Amerikaning kelishuvdan chiqishiga qonuniy asos keltirishga urinib Eron maxfiy ravishda yadro quroli ishlab chiqayotganligining isboti borligini ma’lum qildi.

Netanyaxuning urinishlarini tushunsa bo‘ladi — isroilliklar Yaqin Sharqda Eronning ta’siri keskin o‘sishidan qattiq xavotirda va sanksiyalarning tiklanishi Eronning imkoniyatlarini oz bo‘lsada cheklashidan judayam umid qilishmoqda. Ko‘pi bilan esa Eron yadroviy dasturining tiklanishi AQSh va Eron o‘rtasida harbiy to‘qnashuv keltirib chiqaradi. Oqibatda esa eronliklar ortga chekinishi mumkin.

Saudiyaliklar ham xuddi shu sababli quvonishmoqda — shahzoda Muhammad ibn Salmon uchun Eron xuddi tomoqqa tiqilgan suyakka o‘xshaydi va u ham Islom Respublikasi amerikaliklar qo‘li bilan majaqlanishiga qarshi emas.

Yakkalanishga marhamat

Amerikaliklar ham quvonishlari kerakmi? Bu judayam qiyin, chunki Amerika prezidentining qarori mamlakat milliy manfaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba beradi. Va bu AQSh Yaqin Sharqda navbatdagi urushga kirishi sababligina emas.

Tramp: AQSh endi "dunyo politsiyachisi" bo‘lmaydi

Birinchidan, Qo‘shma Shtatlar qurol tarqatmaslik rejimini xavf ostiga qo‘yadi. Eron yadroviy kelishuvi atom muammolarini urushmasdan ham hal qilish mumkinligini isbotlovchi voqea edi. Yadroviy dasturni vaqtinchalik cheklash yo‘li orqali mamlakat jahon iqtisodiyotiga qo‘shiladi, unda ishonch muhiti shakllantiriladi va shundan so‘ng mamlakatning o‘zi yadroviy qurol yaratish uchun o‘z maqomidan ajralishni istamay qo‘yadi.

Hozir esa mutlaqo boshqacha vaziyat yuzaga keldi — xalqaro kelishuvni amerikaliklar istagan vaqtlarida buzishi mumkinligini har qanday mamlakat anglab yetdi.

Kelishuvdan oldingi holatga eronliklar qayta olishmaydi — ular ancha obyektlar va boyitilgan uran zaxiralarini yo‘q qilishgan.

Ikkinchidan, AQShning sobiq vitse-prezidenti to‘g‘ri ta’kidlaganidek, kelishuvdan chiqish haqidagi qaror "AQShni deyarli har bir davlat ko‘z o‘ngida yakkkalab qo‘yadi, ularga va ularning yetakchilik maqomiga bo‘lgan ishonchga darz ketishiga olib keladi".

Tel-Aviv va Ar-Riyoddan farqli o‘laroq, aksariyat davlatlar poytaxtlari AQShning yadro kelishuvidan chiqishiga butunlay qarshi bo‘lishdi. Va bu masalada Donald Tramp o‘z ittifoqchilari —Germaniya kansleri Angela Merkel, Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey va Fransiya prezidenti Emmanuel Makronlar (Tramp, Eron, Xitoy va Rossiya bilan birgalikda kelishuvni imzolaganlar) bilan ham til topisha olmadi. Ular oxirgi lahzalargacha prezidentni fikridan qaytarishga urinishdi.

Sharmandalik va urush o‘rtasida

Bundan tashqari, Tramp ittifoqchilarini antiqa tanlov qarshisida qoldirdi. Amerika prezidenti barcha mamlakatlar uning Islom Respublikasiga nisbatan qo‘llayotgan "yuqori darajadagi" sanksiyalariga amal qilishlari shartligini bildirdi. Boshqacha qilib aytganda, Yevropa Eron bilan so‘nggi yillarda tuzgan investitsiya va shartnomalarini axlatga uloqtirishi kerak. Hozirda YeI ikki o‘t orasida: Amerikaning talabiga bo‘ysunishi kerak yoki o‘z kompaniyalari va manfaatlarini himoya qilgan holda unga qarshilik ko‘rsatishi kerak. Kerak bo‘lsa, mabodo Amerika Yevropa firmalariga sanksiya qo‘llaydigan bo‘lsa, unga javob sanksiyalarini qo‘llashi kerak.

Eron: chet el qo‘shinlarini Afg‘onistondan chiqarib yuborish kerak

Vaziyat Cherchilning sharmandalik va urush o‘rtasidagi tanlov haqida aytgan mashhur iborasini eslatadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sharmandalik va urush orasida sharmandalikning tanlanishi kelgusida baribir urushga olib keladi. YeI rahbarlari agarda hozir Yevropa bo‘ysunadigan bo‘lsa, Tramp boshqa masalalarda ham yevropaliklarni Amerika tashqi siyosatiga bo‘ysundirishda davom etishini, bunda yevropaliklarning fikri uni mutlaqo qiziqtirmasligini tushunib turishibdi.

Qarshilik ko‘rsatish borasida ovozlar yangramoqda — hatto Yevrokomissiya a’zolari "sanksiyalar urushi" boshlansa Amerika kompaniyalariga nisbatan sanksiya kiritish imkoniyatlari haqida gapirishmoqda. Va eronliklar bu ovozlar kuchayishi va qo‘llab-quvvatlanishi uchun bor imkoniyatlarini ishga solishmoqda.

Aynan shu bois Tehron bu o‘yinda aqlli yurish qilmoqda — Islom Respublikasi kelishuvdan zudlik bilan chiqishini va o‘z yadroviy dasturini tiklashini e’lon qilmadi. "Endilikda bu kelishuv Eron va qolgan besh mamlakat o‘rtasida davom etadi", — dedi EIR prezidenti Hasan Rouhani. Lekin bu qaror vaqtinchalik — eronliklar o‘ylab ko‘rishadi. Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning so‘zlariga ko‘ra, yadroviy kelishuvning qolgan a’zolari Eron "manfaatlari"ni ta’minlay oladimi-yo‘qmi, sinab ko‘rishadi. Boshqacha aytganda, Tehron investitsiya va shartnomalarni himoya qilish bo‘yicha Yevropaning kafolatini olmoqchi. Shundan keyingina Eron yadroviy kelishuvda qolish-qolmaslik haqida qaror qabul qiladi.