TOShKENT, 19 mar – Sputnik. Qoraqalpog‘istonda hokimiyat, QFY, fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirokida iqlim o‘zgarishiga moslashishiga bag‘ishlangan seminarlar bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda BMT TD matbuot xizmati.
BMT Taraqqiyot dasturi O‘zGidrometeorologiya xizmati bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘istonda iqlim o‘zgarishining salbiy asoratlarini kamaytirish va oldini olishga mo‘ljallangan “O‘zbekistonning qurg‘oqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash” loyihasini amalga oshirmoqda.
2018 yilning 12-16 mart kunlari mazkur loyiha doirasida Qoraqalpog‘istonning Qanliko‘l, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir, Chimboy va Kegeyli tumanlarida “Landshaft darajasida moslashuv chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha mahalliy hokimiyat organlari va mahalliy hamjamiyatlarni o‘zaro hamkorligini tashkil etish” mavzusida seminarlar o‘tkazildi.
Seminar ishida qishloq fuqarolar yig‘inlari, tuman hokimiyatlari, tashkilot va korxonalar vakillari, fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari, jurnalistlar ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi Qoraqalpog‘istonning yaylovlarida sezilarli o‘zgarishlarning sababi bo‘ldi, bu esa chorva tomonidan iste’mol qilinishiga yaramaydigan o‘simliklar sonini ko‘payishiga, o‘simliklar unumini pasayishiga, o‘tloqlar holatini yomonlashuviga va degradatsiyasiga olib keldi.
Iqlim o‘zgarishiga moslashuv — bu tabiiy resurslar va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini boshqarish tizimiga yanada uyushqoq va diversifikatsiyalashgan yondashuvlarni talab qiluvchi jarayondir.
Unda fermerlarni moslashuv faoliyatiga jalb qilish, suvni va resurslarni tejash, ta’minlovchi iqlimga bardosh texnologiyalarni ishlatish bo‘yicha bilimlarni takomillashtirish muhim rol o‘ynaydi.