Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmonning qo‘shma bayonoti

O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari barcha sohalardagi keng qamrovli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga qaratilgan qo‘shma bayonot imzoladilar.
Sputnik

TOShKENT, 11 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-10 mart kunlari Tojikistonda bo‘lgan davlat tashrifi ochiq, do‘stona va konstruktiv muhitda o‘tgan samarali muzokaralardan iborat bo‘ldi.

O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari barcha sohalardagi keng qamrovli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish, do‘stlik, ahil qo‘shnilik va o‘zaro hurmatga asoslangan ko‘p asrlik tarixiy va madaniy umumiylikdan kelib chiqan holda, quyidagilar to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar:

1. Abadiy do‘stlik shartnomasi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida qanday hujjatlar imzolandi

2000-yil 15-iyunda imzolangan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Shartnoma qoidalariga tayangan holda, an’anaviy do‘stlik, ahil qo‘shnilik va hamkorlik munosabatlarini imkon qadar yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishga qat’iy tayyor ekanliklarini tasdiqlaydilar.

2. Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma

Prezidentlar uzoq muddatli hamkorlikning huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish va hamkorlikning barcha yo‘nalishlaridagi mavjud yuksak salohiyatni imkon qadar to‘la ro‘yobga chiqarish maqsadida yaqin istiqbolda ikki davlat o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani ishlab chiqishga kelishib oldilar.

3. Imomali Rahmon Shavkat Mirziyoyev islohotlari va siyosiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan, mamlakat salohiyatini mustahkamlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Tojikiston Respublikasi rahbariyati mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuvlari bo‘yicha uchrashuvlarni muntazam tashkil qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

4. Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonning tashabbusini qo‘llab quvvatladi

Mirziyoyev: O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida hal qilinmagan masalalar qolmadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning Tojikiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

O‘zbekiston rahbariyati Tojikistonning 2018-2028-yillarda «Suv barqaror rivojlanish uchun» xalqaro harakatlar o‘n yilligi to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

5. O‘zaro savdo hajmi va ayrboshlanayotgan tovarlar soni oshiriladi

Tomonlar o‘zaro savdoda kuzatilayotgan ijobiy o‘sish sur’atini mamnuniyat bilan qayd etdilar hamda ikki tomonlama tovar aylanmasi nomenklaturasini diversifikatsiya qilish va yaqin yillarda uning hajmini 500 mln. dollarga yetkazish uchun ulkan salohiyat mavjudligini ta’kidladilar.

Xususan, sanoat kooperatsiyalarini rivojlantirish, qo‘shma korxonalar va savdo uylarini yaratish, tashqi savdo infratuzilmalari va eksport-import operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini faol rivojlantirish, shuningdek, o‘zarolik asosida biznes-forumlar va sanoat mahsulotlarining milliy ko‘rgazmalarini tashkil qilish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdilar.

O‘zbekiston Hukumati bilan Tojikiston Hukumati o‘rtasida investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida Bitim imzolandi, o‘zaro tashkil qilingan milliy ko‘rgazmalar va biznes-forumlarga yuqori baho berildi.

6. Transport-kommunikatsiyaviy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Davlat rahbarlari transport qatnovi sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish va mavjud avtomobil, temir yo‘l, havo qatnovi tranzit yo‘nalishlarini qayta tiklash va yangilarini yaratish masalalarini ishlab chiqish yuzasidan tegishli idoralarga topshiriq berdilar.

O‘zbekiston va Tojikiston 140 million dollarlik shartnomalar imzolaydi

Toshkent — Dushanbe orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovning ochilishi va “G‘alaba – Amuzang” uchastkasida temir yo‘l qatnovining qayta ishga tushirilganini katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

7. Ijtimoiy-madaniy hamkorlik va axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi

Davlat rahbarlari madaniy-gumanitar sohada, ilmiy muassasalar, o‘quv yurtlari, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va sport jamoalari, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari, kasaba uyushmalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar va tajriba almashinuvni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikning ustuvor xususiyatini qayd etdilar.

O‘tgan 2017-yilda ikki mamlakatda o‘zaro madaniyat kunlari muvaffaqiyatli tashkil etilganiga yuqori baho berildi.

Tomonlar ilmiy va pedagogik kadrlarni tayyorlash, tadqiqotchilar, mutaxassislar, professor-o‘qituvchi kadrlar va talabalar bilan almashinuv, shuningdek, ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar, malaka va ilmiy darajalarni o‘zaro tan olish masalalari bo‘yicha axborot almashinuvi sohalarida hamkorlik qiladilar va qulay sharoitlar yaratadilar.

8. O‘zbek tilini Tojikistonda va tojik tilini O‘zbekistonda o‘rganish uchun barcha sharoitlar yaratiladi

O‘zbekiston va Tojikiston 140 million dollarlik shartnomalar imzolaydi

Ikki mamlakat Prezidentlari o‘zbek tilini Tojikistonda hamda tojik tilini O‘zbekistonda o‘rganish va o‘rgatishni takomillashtirish, o‘zbek va tojik tillarida o‘qitiladigan umumiy ta’lim o‘quv muassasalari tizimini kengaytirish, o‘quv va badiiy adabiyotlar, davriy va ilmiy nashrlar bilan almashinuv bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish, ikki mamlakatning mumtoz adabiyot vakillari va zamonaviy mualliflari asarlarini tarjima qilishni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratadilar.

Samarqandda S.Ayniy muzeyi qayta ta’mirlanadi, Dushanbeda esa A.Navoiy bog‘i barpo etiladi.

9. Ikki davlat orasida chegara muammosi bo‘lmaydi

Tomonlar O‘zbekiston va Tojikiston Davlat chegarasidan o‘tkazish punktlari faoliyatining qayta tiklanganini mamnuniyat bilan e’tirof etib, ularning to‘laqonli faoliyat yuritishi ikkala xalq manfaatlariga xizmat qilishini hamda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishini ta’kidladilar.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashadigan, ikki davlat fuqarolarining 30 kunga qadar o‘zaro safarlari uchun vizasiz rejimning joriy qilinayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

10. Uyushgan jinoyatchilik va ekstremizmga qarshi birga kurash olib boriladi

Prezidentlar terrorizm va ekstremizm, narkotrafik, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy qurol savdosi, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatish, noqonuniy migratsiya hamda boshqa mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka oid xuruj va tahdidlarga qarshi kurashishda ham ikki tomonlama, ham xalqaro formatlarda hamkorlikni mustahkamlashga, shuningdek, o‘z hududlarida Tomonlarning milliy xavfsizlik manfaatlariga qarshi qaratilgan noqonuniy faoliyatni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslikka tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Samarqand viloyatidan Tojikistonga o‘tish mumkin bo‘ladi

Ushbu maqsadlarda O‘zbekiston va Tojikiston tegishli idoralarining maslahatlashuvlarini o‘tkazish orqali hamkorlikni takomillashtirish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘riladi.

11. Harbiy sohada hamkorlik rivojlanadi

Ikki davlat rahbarlari harbiy va harbiy-texnikaviy sohalarda, shuningdek, harbiy ta’lim sohasida o‘zaro manfaatli asoslarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

12. Chegaralar 2019-yilga qadar zararsizlantiriladi

Prezidentlar ikki mamlakatning chegaraoldi hududlarida muhandislik to‘siqlari uchastkalarini zararsizlantirish masalasi bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma ishchi guruhi tuzlishini mamnuniyat bilan e’tirof etdilar va mazkur ishlarni 2018-2019 yillarda yakunlash lozimligini qayd etdilar.

13. Favqulodda vaziyatlarda hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Tojikiston O‘zbekistonga ikkita teraktning oldini olishga yordam berdi

Prezidentlar favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf qilish sohasidagi aloqalarni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va aniq tadbirlarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar.

14. Markaziy Osiyo xavfsizligi borasida ikki tomon – yakdil

Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va izchil rivojlanishni ta’minlashga doir dolzarb masalalar bo‘yicha pozitsiyalarining bir-biriga mos kelishi yoki yaqinligini tasdiqladilar.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda barcha ichki mintaqaviy muammolarni hal etish mintaqa davlatlarining faqatgina o‘zlari tomonidan ochiq va konstruktiv muloqot orqali teng huquqlilik, o‘zaro manfaatdorlik va bir-birlarining manfaatlarini hurmat qilish va hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshirilishi mumkin va lozimligini ta’kidladilar.

15. Suv-energetikamasalalari mintaqadagi barcha davlatlar manfaatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak

Prezidentlar suv-energetika resurslaridan kompleks foydalanish mintaqaviy barqarorlikning asosi ekanligini ta’kidladilar. Ushbu sohada ochiq muloqot, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro maqbul, adolatli va oqilona yechimlarni topish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Rog‘un GESi qurilishida ishtirok etishi mumkin

Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomoni Tojikiston Respublikasida gidrotexnik inshootlar, shu jumladan, Rog‘un gidroelektr stansiyasining qurilishida, umum’tirof etilgan xalqaro normalar va mazkur obyektlarni qurish bo‘yicha standartlarga rioya qilinishini hisobga olgan holda, ishtirok etish imkoniyatini har tomonlama ko‘rib chiqishga tayyor ekanligini bildirdi.

Davlat rahbarlari mintaqadagi barcha davlatlarning manfaatlarini hisobga olgan holda konstruktiv muloqot o‘rnatishga ko‘maklashadigan Markaziy Osiyo transchegaraviy suv resurslaridan kompleks tarzda va samarali foydalanish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish zarurligini ta’kidladilar.

Tomonlar Markaziy Osiyo xalqaro ekologik forumi (Toshkent, 2018-yil 5-8 iyun) va 2018-2028 yillarda «Suv barqaror rivojlanish uchun» xalqaro harakatlar o‘n yilligi bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya (Dushanbe, 2018-yil 20-22 iyun) o‘tkazilishini mamnuniyat bilan e’tirof etadilar.

16. Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik rivojlanadi

Prezidentlar xalqaro masalalarda har qanday qarama-qarshilik va kelishmovchiliklarni faqatgina siyosiy yo‘l bilan, muzokaralar va boshqa tinch vositalar orqali hal qilish mumkin, degan yakdil fikrdalar.

Mirziyoyev va Rahmon ikki mamlakatni bog‘lovchi temir yo‘lni ochib berishdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligini yanada rivojlantirishga o‘zaro intilishlarini bildirdilar.

Tomonlar «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» nomli Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya (Toshkent shahri, 2018-yil 26-27 mart) hamda Terrorizm va radikalizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya (Dushanbe shahri, 2018-yil 3-4-may) o‘tkazilishini mamnuniyat bilan e’tirof etadilar.

17. Shartnomalar o‘z vaqtida vijdonan bajariladi

Davlat rahbarlari Tomonlar o‘rtasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarni o‘z vaqtida va vijdonan bajarishga sodiq ekanliklarini bildirdilar hamda o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan sohalarda O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarini jadallashtirish uchun shartnomaviy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish va kengaytirish maqsadga muvofiq ekanligini ta’kidladilar.

18. Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonni O‘zbekistonga taklif  qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonga va butun Tojikiston xalqiga O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik, samimiy va do‘stona qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonga davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lishni taklif qildi. Tashrifning aniq muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.