O‘zbekiston faollari mamlakat xalqini dabdabaga qarshi kurashishga da’vat qildi

Pul topib, aql topmagan, ma’naviy saviyasi past ayrim kimsalar, ayniqsa, oyog‘i yerdan uzilgan ba’zi mansabdorlar bu borada axloq-odob mezonlarini unutib, o‘zlarining jamiyatdagi mavqeyini, boyligini ko‘rsatib qo‘yish kabi xudbin maqsadlarni ko‘zlamoqda, deyiladi murojaatda
Sputnik

TOShKENT, 2 mar — Sputnik. O‘zbekiston milliy axborot agentligi Respublika "Mahalla" xayriya jamoat fondi va "Nuroniy" jamg‘armasi faollarining o‘zbekistonliklarga murojaatini e’lon qildi.

Dabdabaning dabdalasi: dabdabaga qarshi qonun qabul qilinadigan vaqt keldi
Murojaatda keyingi paytlarda to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazishda shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, atrofda yashayotgan odamlarning hol-ahvolini inobatga olmaslik, o‘zbek xalqining urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi salbiy illatlar ko‘zga tashlanayotgani qayd etilgan va bunday illatlarga qarshi hamma bir tanu bir jon bo‘lib kurashishi lozimligi aytilgan.

"Ushbu dolzarb masala necha o‘n yillardan beri xalqimizning o‘tkir muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda. XX asr boshida jadid bobolarimiz to‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchilik va dabdababozlikning millatimizni ma’naviy tanazzul va qashshoqlikka yetaklaydigan illat ekani haqida kuyunib yozganlarini eslaylik. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy millatimiz taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladigan ikki narsa bor: bu — to‘y va azadir, deb ayni haqiqatni yozgan edi.

Afsuski, yillar o‘tsa-da, zamon o‘zgarib borayotgan bo‘lsa-da, milliy taraqqiyotimizga katta to‘siq va g‘ov bo‘lib kelayotgan bu illatga barham berish, to‘y-ma’rakalarni ixcham, zamonaviy ko‘rinishda o‘tkazish o‘rniga, to‘ydan oldin va keyin bo‘ladigan kerakli-keraksiz tadbirlarni o‘ylab topish, dabdababozlik qilib, haddan ziyod isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish holatlari tobora kuchayib bormoqda.

Mana, qanday bo‘lishi kerak: Toshkent viloyatida "namunali to‘y" o‘tkazildi
Pul topib, aql topmagan, ma’naviy saviyasi past ayrim kimsalar, ayniqsa, oyog‘i yerdan uzilgan ba’zi mansabdorlar bu borada axloq-odob mezonlarini unutib, o‘zlarining jamiyatdagi mavqeyini, boyligini ko‘rsatib qo‘yish kabi xudbin maqsadlarni ko‘zlamoqda.

Eng yomoni, bunday holatlar yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ularda halol mehnatga nisbatan bepisand munosabat va yengil-yelpi hayot kechirish, manmanlikka intilishning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

To‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha sarf-xarajatlar minglab oilalarning moddiy ahvoli yomonlashuviga, ularning qarz va g‘am-tashvish botqog‘iga botishiga, eng xavflisi, jamiyatimizda qaror topgan ma’naviy muhitni buzishga olib kelmoqda.

Bunday noxush holatlar jamoatchilikning haqli e’tirozini uyg‘otmoqda, ommaviy axborot vositalarida, mahalla-ko‘y, aholi o‘rtasida keng muhokama qilinmoqda. Lekin ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, afsuski, bu borada jiddiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmayapti", — deyiladi murojaatda.

Shuningdek, faollar to‘y va marosimlar shaxsiy ish emasligi, mamlakat va millat taqdiriga daxldor ijtimoiy ahamiyatga ega masalaligini alohida qayd etganlar.

"Xalqimizning milliy tabiatiga mutlaqo yarashmaydigan, oilalarning moddiy ahvolini og‘irlashtiradigan, ularning turmushini izdan chiqaradigan bunday bema’ni holatlarga barham berishni bugun hayotning o‘zi talab qilmoqda", — qo‘shimcha qilingan murojaatda.

Shu munosabat faollar o‘zbekistonliklarni o‘z hududlarida to‘y va ma’rakalar, oilaviy marosim va boshqa tadbirlarning o‘tkazilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda faol ishtirok etishga da’vat qilgan.

To‘yxona va bozorga aylantirilgan kinoteatrlar faoliyati tiklanadi
"Qur’oni karimda: "Yenglar, ichinglar, lekin isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymanglar. Zero, Alloh taolo isrof qilguvchilarni sevmagay", deb buyurilgan. Bir kunlik to‘y deb butun umr yiqqan-tergan mablag‘ini sovurish, bandasiga ato etilgan noz-ne’matni isrof qilish katta gunoh ekanini esdan chiqarmaylik. Soxta obro‘ orttirishga qaratilgan bunday ishlar o‘rniga beva-bechoralarga, nochor insonlar, muhtoj oilalarga yordam beraylik. Xayrli va savobli ishga qo‘l urgan, yetim-yesirning boshini silagan odam bir umr savob olishini, xalq ichida doim hurmat va e’zozda bo‘lishini mahalladoshlarimizga, ayollarimiz va bolalarimizga tushuntiraylik.

Har bir mahallada ko‘pni ko‘rgan, kayvoni otaxon va onaxonlar bosh bo‘lib, to‘ylarni ixcham, kamchiqim, zamonaviy qilib o‘tkazish bo‘yicha meyor va mezonlarni ishlab chiqaylik va ularga qat’iy amal qilaylik", — deyiladi faollar murojaatida.

Shuningdek, murojaatda oilaviy tadbirlarda san’atkorlarning ishtirokiga doir masala ham ko‘tarilgan.

San’atkorlarning sahnada o‘zini tutishi va muomala madaniyati nazorat ostiga olinadi
"Ular qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko‘rsatsa va shu tartibga qat’iy rioya qilinsa, san’atkorlarning mas’uliyati yanada oshadi, milliy urf-odatlarimiz va ma’naviyatimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan kuy-qo‘shiqlar, raqs va boshqa chiqishlarning oldi olinadi. Ayni paytda ko‘chalar, maydonlar va boshqa jamoat joylarida turli zamonaviy texnik uskunalar, jumladan, ovoz kuchaytiruvchi vositalardan foydalanish atrofdagi insonlarning halovatini buzayotganiga ham befarq bo‘lmaylik", — dedi faollar.

Faollap O‘zbekiston xotin-qizlariga murojaat qilar ekan,ko‘p masala ayollarga bog‘liqligini alohida ta’kidlashgan.

"Bugungi kunda mamlakatimizda xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakati, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy tarmoqlar, ilm-fan, tibbiyot, ta’lim-tarbiya, madaniyat va san’at kabi muhim soha va tarmoqlar rivojini sizlarning ishtirokingizsiz tasavvur etish qiyin. Sizlar xonadonlarimizda, mahallalarimiz, butun yurtimizda o‘zaro hurmat va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini yaratishda doimo faol bo‘lib kelmoqdasiz.

Shunday ekan, ijtimoiy hayotimizdagi nufuzingiz va mavqeyingizdan foydalanib, to‘y va turli marosim o‘tkazayotgan oilalarga kirib, sarpo, buyum yig‘ishga ruju qo‘yish, ortiqcha orzu-havasga berilish nafaqat oila budjetiga, balki yosh oilalar ma’naviyatining negiziga ham jiddiy putur yetkazishini hayotiy aniq misollar orqali tushuntirib berishingiz lozim", — deyiladi opa-singillarga murojaatda.

Murojaatning yoshlarga atalga qismida ularning vazifasi "shiddat bilan tez o‘zgarib borayotgan bugungi globallashuv zamonida zamonaviy ilm-fan yutuqlarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sirlarini, chet tillarni puxta egallash, mamlakatimizni har tomonlama ravnaq toptirishga hissa qo‘shishdan iborat"ligi eslatib o‘tilgan.

"Bugungi dunyo taraqqiyotidan yaxshi xabardor bo‘lgan XXI asr yoshlari sifatida sizlar millatimiz sha’niga dog‘ tushiradigan bunday salbiy illatlarga qarshi kurashda tashabbus va faollik ko‘rsatasiz, deb ishonamiz.

Avvalo, o‘zingizning, qolaversa, millatimizning sha’nini, ota-onalaringiz salomatligini, bo‘lg‘usi oilangiz baxtini o‘ylab, to‘ylarimizni kamtarona, ixcham qilib o‘tkazishga tashabbuskor bo‘ling!", — deyiladi yoshlarga da’vatda.

Faollar to‘y-ma’rakalar o‘zbek millatining azaliy qadriyatlari va an’analarini namoyon etadigan ko‘zgu ekanligini, ularni yuksak ma’naviy mezonlarga munosib tarzda o‘tkazish lozimligini ta’kidlashgan.

"To‘ylar muborak", yohud Dehqonqulga aylanmaylik! - Qudratxo‘jayevning to‘ylar haqida o‘ylari
"Bu ezgu ishga hamma birday bosh qo‘shishi lozim, hech kim o‘zini chetga olishi, menga buning daxli yo‘q, deb loqayd bo‘lishi mumkin emas. Zero, ne-ne mashaqqatlarni, og‘ir kunlarni bir jonu bir tan bo‘lib mardlarcha yengib o‘tgan donishmand xalqimiz odob-axloq mezonlariga ham, muqaddas dinimiz talablariga ham to‘g‘ri kelmaydigan bunday illatlarga barham berishga qodir, deb ishonamiz.

Biz yurtimiz jamoatchiligini shu yo‘lda hamfikr va hamjihat bo‘lishga, ushbu dolzarb masala muhokamasida taklif va tavsiyalar bilan faol ishtirok etishga chaqiramiz", — deyiladi murojaatda.