Muqobili yo‘q: Xorazmda uch xorijiy tilni biladigan otliq posbonlar ish olib bormoqda

Xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha maxsus otliq posbonlar Ichan-Qal’a atrofida aylanib yurishadi
Sputnik

TOShKENT, 23 fev — Sputnik. Xorazm viloyatida Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tomonidan tajriba tariqasida otliq posbonlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, ayni vaqtda jamoat tartibini saqlash va jamoat tartibini ta’minlash maqsadida "Ezgulik patruli" guruhlari faoliyati ham o‘z ishini boshladi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga Xorazm viloyati hokimligining turizm masalalari bo‘yicha shug‘ullanuvchi mutasaddi xodimi.

Mirziyoyev Xiva va Xorazmga keladigan turistlar sonini 2 baravarga oshirmoqchi
 Xiva shahrining "Ichan qal’a" majmuasi, Urganch temir yo‘l vokzali va xalqaro aeroporti atrofida xizmat qilayotgan "Ezgulik patruli" yosh yigit-qizlardan iborat bo‘lib, ular zamonaviy aloqa vositalari va xizmat anjomlari bilan ta’minlangan.

Xususan, patrulda xizmat qiluvchi qizlar tibbiy malakaga ega bo‘lib, maxsus aptechka bilan ta’minlangan. Ular jamoat joylarida o‘zini yomon his qilib qolgan fuqarolarga tez tibbiy yordam ko‘rsatishlari aytilmoqda.

"Ezgulik patruli" xizmati yigitlari esa maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan sportchilar, dedi suhbatdosh.

Ular qo‘l-kishani bilan ta’minlangan va biror huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda, darhol chora ko‘rish huquqiga ega. Shuningdek, ezgulik patruli xizmati xodimlari keksa kishilarga og‘ir sumkalarini ko‘tarishda yordam berish singari ezgu amallarni ham bajarishlari aytilmoqda.

Xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha maxsus otliq  xodimlar esa Ichan-Qal’a atrofida aylanib yurishadi.

Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarining turistik saytlari ishga tushdi
"Ular nemis, rus va ingliz tillarini mukammal bilishadi", — qo‘shimcha qildi suhbatdosh.

Shuningdek, sayyohlarga yo‘nalish ko‘rsatish, ularni tarixiy obidalar bilan tanishtirish, mehmonxonalar manzillarini ko‘rsatish singari vazifalarni ham bajaradilar.

Viloyatda yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha nazorat motosiklli posbonlar tomonidan amalga oshiriladi.

"Xorazmda joriy etilgan ushbu yangi tizim sayyohlar va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun xorijiy mamlakatlarda yo‘lga qo‘yilgan tizimdan mutlaqo farq qiladi va keyinchalik bu xizmat turlarini viloyatning odamlar gavjum bo‘ladigan hududlarida ham joriy etish ko‘zda tutilgan", deb suhbatga yakun yasadi suhbatdosh.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi boshida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Buxoro, Samarqand, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari IIB qoshida xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha boshqarmalari tuzilgani haqida xabar bergan edi. Ushbu boshqarmalar boshliqlari viloyat IIB boshliq o‘rinbosarlari hisoblanib, u yerda xorijiy tillarni biluvchi xodimlar faoliyat yuritishi aytilgandi.