Mirziyoyevning Buxoroga tashrifi nimalari bilan yodda qoladi

O‘zbekiston prezidenti an’anaga ko‘ra hafta oxirida viloyatlardan biriga tashrif buyurdi. Bu safar Mirziyoyev Buxoro viloyatida amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi
Sputnik

TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Davlat rahbari viloyatga tashrifi davomida nimalarga e’tibor berdi, Buxoro viloyatida yaqin ikki yil ichida qanday ishlar amalga oshiriladi — Sputnik muxbirlari mulohaza yuritadi

Yolg‘on axborot tirikchilik manbaimi

Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi boshlangan kuniyoq yolg‘on xabarlar tarqalishi boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda qator mulozimlarning ishdan bo‘shatilgani haqida yozishdi. Hattoki ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalari viloyat hokimining lavozimidan ozod qilingani haqida xabar berdi… 

Nima ham deyish mumkin, haqiqatan davlat rahbarining viloyatlarga tashriflari davomida amaldorlarning ishdan bo‘shatilishi kuzatilgan. Ammo mazkur holatda yuqoridagi xabarlar tasdiqlanmadi va bugun rasmiy raddiya ham e’lon qilindi. Bir narsani ham aytib o‘tish kerak, mahalliy hokimiyatlarda ochiqlik borasida hali ham muammolar bor. Agarda viloyat hokimligi matbuot xizmati keraklicha ishlaganida edi, bunday mish-mishlarga o‘rin qolmasdi.

Buxoroni turizmsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi

O‘zbekiston bugungi kunda turizmni rivojlantirish va xorijliklarni mamlakat gavharlari — Buxoro, Samarqand va Xivaga jalb etish bo‘yicha misli ko‘rilmagan ishlarni amalga oshirmoqda. Yaqinda yetti davlat fuqarolariga vizasiz rejim joriy etilishi va 39 davlat fuqarolariga viza rejimining soddalashtirilishi mamlakatga tashrif buyuruvchi mehmonlar sonini bir necha martaga oshiradi.

Buxoroda "uchar" darvish paydo bo‘ldi

Xo‘sh, ular bu yerga kelib nimalarni ko‘rishadi? Davlat rahbari bu bilan Buxoro viloyati misolida tanishdi. Buxoroning tarixiy qismida yoki Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, "shaharning yuragida" ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yerda haqiqiy o‘rta asrlar hunarmandlari mavzesi paydo bo‘ladi, Poyi Kalon va Mir Arab madrasalari qayta ta’mirlanradi, Haqiqat va Nurobod ko‘chalari kengaytirilib, turistlar uchun sayohat xiyobonlariga aylantiriladi.

Shaharga kelgan turistlar bugundanoq mazkur hunarmandlar ko‘chasida bo‘lishlari, o‘zlari yoqtirgan buyumlarni xarid qilishlari, ustalarning qanday ishlashlarini kuzatishlari mumkin.

Bundan tashqari, bu yil Poyi Kalon majmuasidagi tarixiy yodgorliklar, Abdulazizxon, Ulug‘bek va Mir Arab madrasalari ta’mirlanadi. Buxoroning yana bir ramzi — Ark qal’asi ham yangilanadi. Bu yerda inshootning ichki qismini ta’mirlash rejalashtirilgan.

Viloyatda turizmni rivojlantirish konsepsiyasida birgina shu yilning o‘zida 61 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Buxoroda 44 mehmonxona, 10 park quriladi, zamonaviy turistik avtobuslar sotib olinadi, yangi sayohat turlari tashkil etiladi.

G‘arblik talabchan turistlarning hordiq chiqarishlariga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini tashkil etish, havo sharlarida parvoz, maxsus fermer xo‘jaliklariga safarlar uyushtirish, veloyo‘laklar va yangi ko‘ngilochar maskanlar qurish rejalashtirilgan.

Vatanda ishlash kerak

O‘zbekiston hukumati milliy iqtisodiyotni tiklash va mamlakatda yangi ish o‘rinlari yaratish uchun bor imkoniyatini ishga solmoqda. Bu har yili qo‘shni davlatlarga yo‘l olayotgan millionlab migrantlar oqimini kamaytirish imkonini beradi. Bu ayniqsa Rossiyada ishlash uchun yo‘l olgan 52 nafar o‘zbekistonlikning Qozog‘istonda halok bo‘lishi voqeasidan so‘ng yanada dolzarb ahamiyat kasb etdi.

Shavkat Mirziyoyev Buxoroga tashrifidan asosiy maqsadi nima ekanligini aytdi

Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati faollari va mutasaddi rahbarlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tashrifdan eng asosiy maqsadi odamlarni ish bilan ta’minlash ekani, aniq loyihalarni hayotga tatbiq etish hisobidan viloyatda 90 ming ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilganini ta’kidladi.

Viloyatda bu borada qator ishlar amalga oshiriladi. Jumladan, Buxoroda baliqchilik sohasi rivojlantiriladi.

"Buxorobaliqsanoat" tomonidan tashkil etilgan baliq yetishtirish va uni qayta ishlash loyihasi aholini ushbu tansiq mahsulot bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Qo‘shimcha yer ajratilishi va zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi natijasida korxona quvvati yanada kengayadi. Chavoq yetishtirish, baliq go‘shtini dudlash, ozuqa ishlab chiqarish, sohadagi xo‘jaliklarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Prezident Buxoro viloyatida bu sohani rivojlantirishga yana 100 milliard so‘m ajratish, mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Prezident Buxoroda qorako‘lchilik instituti va jamg‘armasini tashkil etish topshirig‘ini berdi

Shavkat Mirziyoyev qorako‘lchilikni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Buxoro qorako‘lchilikning asl vatani ekani, mahalliy aholi ilgaridan bunday mahsulotlarni butun dunyoga sotib, katta daromad topganini qayd etdi. Bu sohada yo‘qolib borayotgan naslchilik va tajribani qayta tiklash, cho‘pon va tikuvchi hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. Qorako‘lchilik bo‘yicha institut va jamg‘arma, Buxoroda zavod tashkil etish yuzasidani topshiriqlar berdi.

Bundan tashqari, viloyatda tut bargidan foydali choy ishlab chiqarishga doir loyiha amalga oshiriladi. Mutaxassislarning fikricha, tut bargida kofein va tanin moddasi odatdagi choydan 200 barobar kam. Vitamin va minerallar esa, aksincha, ko‘proq.

Prezident bu loyihani ma’qullab, bunday choy aholi salomatligi uchun foydaliligi, import o‘rnini bosishi bilan alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, mamlakatda o‘sadigan shifobaxsh ne’matlar, xususan sistanxe va isiriq o‘simligiga xorijiy farmatsevtika korxonalarida talab yuqoriligiga e’tibor qaratilib, bunday tabiiy imkoniyatlarni to‘la ishga solish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, eksportni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Investitsiya va yangi ish o‘rinlari yaratish nuqtayi nazaridan, Singapurning Indorama kompaniyasi tekstil loyihasi yirik loyihalardan bo‘ladi. Kompaniya "Buxoroteks" korxonasi negizida yangi majmua barpo etadi. Loyihaning umumiy qiymati 115 million dollardan oshadi, bu yerda 650 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Kogon tumanidagi chiqindilarni saralash va qayta ishlash klasterida metall, tosh, shisha, yaroqsiz rezina va avtoshinalar, plastmassa, yog‘och-taxta bo‘laklari, shox-shabbalar, makalatura, qurilish materiallari, matolar chiqindisi saralanadi. Ulardan briket, sintetik tola, qog‘oz karton, to‘qimachilik matosi, qurilish bloklari, biogumus va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi.

"Chiqindi qayta ishlansa, tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi, ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi. Eng muhimi, ekologiyamiz toza bo‘ladi, keyinchalik suv va havo orqali aholi salomatligiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararning oldi olinadi", — dedi Mirziyoyev.

Kichkintoylar ham e’tiborda

Mirziyoyevning tashrifi davomida bolalar bog‘chalariga borish ham o‘ziga xos an’anaga aylandi. Ushbu e’tibor tufayli O‘zbekistonda keyingi yillarda mazkur tizimni qayta shakllantirishga jiddiy kirishildi. Xususan, Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi, Koreya tajribasi asosida maktabgacha ta’lim muassasalari qurish bo‘yicha rejalar tuzildi.

Bugungi kunda Buxoro viloyatida 343 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda, ulardan yettitasi xususiydir.

Mirziyoyev 280 o‘ringa mo‘ljallangan 54-maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘ldi. Bog‘cha binosi o‘tgan yili kapital rekonstruksiya qilinib, zamonaviy jihozlangan. Davlat rahbari bog‘chada bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, xodimlar bilan muloqot qildi.

Bog‘chada tajriba tariqasida tashkil etilgan qisqa muddatli boshlang‘ich rivojlantirish markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Ajdodlar yodi muqaddas

Tarixiy diniy yodgorliklar ham prezident e’tiboridan chetda qolmadi. Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifini Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi. Qur’on tilovat qilindi.

Mirziyoyev Buxoroga tashrifini Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi

Hozirda mamlakatda ziyorat turizmiga katta e’tibor qaratilmoqda, shu bois Mirziyoyev muqaddas qadamjolarning obodonlashtirilishiga alohida e’tibor qaratdi.

Davlat, Buxoro viloyatida muqaddas qadamjolar ko‘pligi, ularni ziyorat qilish ham qarz, ham ulkan saodat ekanini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev rejalashtirilgan qurilish ishlari mazmunan chuqur o‘ylanmaganini tanqid qildi hamda "Yetti pir" maqbaralarini obod qilish, ularni bir yo‘l bilan bog‘lash loyihalarini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Obodonchilik

Tashrifning ikkinchi kuni Mirziyoyev arzon uy-joylar qurilayotgan qurilish maydonchasida bo‘ldi. O‘tgan yili may oyida qurilishi boshlangan uylarni mart oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ushbu 39 ta ko‘p qavatli turar joy bitgach, 1024 ta oila o‘z uyiga ega bo‘ladi.

Buxoro shahrida ulkan bunyodkorlik loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Ulardan biri — Islom Karimov ko‘chasi qiyofasini o‘zgartirish loyihasidir. Unga muvofiq, ko‘chaning ikki tomonida zamonaviy binolar, yashil hududlar, dam olish maskanlari va boshqa obyektlar barpo etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Ibn Sino, Ayniy, Hamza, Iqbol va boshqa ko‘chalarda ko‘p qavatli uylar, savdo markazlari, maishiy xizmat obyektlari barpo etilmoqda. Bu aholini arzon va zamonaviy uylar bilan ta’minlash, turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Prezident loyihalarni takomillashtirish, sifat va muddatga amal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.