TOShKENT, 13 fev — Sputnik. O‘zbekistonda yaqin oylarda jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va videosyemka qilish ta’qiqlanishi yoki mavjud cheklovlar haqida ma’lumot beruvchi yagona belgi paydo bo‘ladi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Hujjatga muvofiq, har qanday fuqarolar ta’qiq yoki cheklov belgisi qo‘yilmagan jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va videosyemka qilish huquqiga ega.
Shuningdek, ular obyekt egalaridan syemka qilish tartibini aniqlashtiruvchi tushuntirishlar va hujjatlarni talab qilish huquqiga ega.
Hujjatda aniq qayd etilganki, Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida joylashgan bino va inshootlarning, agar u ta’qiqlangan obyektlar ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lsa, tashqi tomonini foto va videosyemka qilishga ta’qiq yoki cheklov qo‘yishga ruxsat berilmaydi.
Foto va videosyemkalarning o‘ziga to‘xtaladigan bo‘lsak, u jamoat joylarida tartibni buzmasligi, boshqa shaxslarga noqulaylik va xavf tug‘dirmasligi, transport harakatlanishiga to‘sqinlik qilmasligi, mansabdor shaxslarga o‘z vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilmasligi, yuridik va jismoniy shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini buzmasligi kerak.
O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi, viloyat hokimiyatlari va Toshkent hokimligiga foto va videosyemkalarni amalga oshirish mumkin bo‘lmagan jamoat joylari, binolar va inshootlar ro‘yxatini shakllantirish topshirig‘ini bergan. Bu ish uch oy muddatda amalga oshirilishi lozim.