TOShKENT, 8 fev — Sputnik. Yaqin kelajakda Toshkent metropolitenida fotosurat va videolavhaga olish taqiqlanmaydi. Bu haqda 7-fevral, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubning navbatdagi uchrashuvida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha "Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga muvofiq, barcha turdagi suratga olishlar taqiqlanganligi haqidagi tegishli ko‘rsatkichlar o‘rnatilgan obyektlarni istisno qilganda, turistlar tomonidan jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va video suratga olish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
"Biroq hammasini bir kunda bajarib bo‘lmaydi. Qaror endi imzolandi. U hayotga tadbiq etilishi uchun esa vaqt kerak bo‘ladi. Shuni tushunimiz kerakki, yana xavfsizlik masalalari ham bor. Biz uni to‘la inobatga olishimiz kerak. To‘g‘ri, suratga olib bo‘lmaydigan obyektlar bor. Shu bois IIV bilan hamkorlikda suratga olish mumkin bo‘lgan va yoki mumkin bo‘lmagan obyektlar ro‘yxati tuziladi", deya qo‘shimcha qildi Qo‘mita raisi.