TOShKENT, 21-iyul-Sputnik. Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l transport hodisalarining oldini olish, qoidabuzarliklarni aniqlash va turli jinoyatlarni fosh etish maqsadida, Chirchiq shahar markaziy dehqon bozori hududida hamda A.Navoiy ko‘chasida foto va video kuzatuv kameralari o‘rnatildi, deb xabar qildi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Ushbu videokuzatuv moslamalarining o‘rnatilishi natijasida avtoulovni belgilangan tezlikdan oshirish, svetoforning qizil chirog‘idan o‘tish, taqiqlovchi yo‘l chiziqlarini bosib o‘tish kabi qoidabuzarliklarning oldi olinadi.
Bu moslamalar shubhali shaxslarni aniqlash va avtoulov olib qochish jinoyatlarini fosh etishda samarali ko‘mak beradi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida yo‘l transport hodisalarni qayd etish maxsus foto va video kuzatuv tizimi joriy etilishi natijasida yo‘l transport xodisalari 3 baravarga kamaygan edi.