TOShKENT, 8 fev — Sputnik. Oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan marg‘ilonlik Zarifa Dadajonova Sputnik tahririyatiga yo‘llagan maktubida nohaqlikka duch kelayotgani, korxonasi yopilish arafasiga kelib qolgani, yordam so‘rab qilgan murojaatlaridan esa hech qanday naf bo‘lmaganini bayon etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ayol bo‘lka non ishlab-chiqarish korxonasini ochgan. Korxonani yurg‘izib turish uchun hokimlikdan har oy 2-3 tonna un olib kelingan. Ammo o‘tgan yilning may oyidan so‘ng un yetkazib berish hech bir ogohlantirishsiz va sababsiz to‘xtatilgan.
Tadbirkor ayolning yozishicha, 2017-yil iyul oyida prezident Xalq qabulxonasiga ariza bilan murojaat qilgach, uni hokimiyatga chaqirib, kelasi oydan aniq un berilishini va’da qilishgan va arizani yopish uchun tushuntirish xati yozdirib olishgan.
"Xalq qabulxonasidan arizaga olgan javobimizda bizga uzluksiz 3 tonnadan un berilayotgani, kelasi oydan un miqdori ko‘paytirib berilishi, hozirda shaharga ajratilayotgan un fondi 260 tonna xolosligi, tadbirkorlar 40 nafardan ko‘pligi aytilgan. Vaholanki bizga un berilishi bir necha oy oldin to‘xtatilgan…", — deydi maktubi davomida tadbirkor.
Ayol o‘z maktubi davomida Xalq qabulxonasiga yozgan arizasi ham natijasiz qolganini, shu bilan 8 oy davomida har oyda hokimiyatdan "keyingi oyda beramiz" degan va’da bilan qaytib kelayotganini qo‘shimcha qilgan.
Chet elga ketamiz
"2017 yil oxirida yana hokim o‘rinbosariga borib, agar bizga un bermasa korxonamizni yopishga majbur bo‘lishimizni aytganman.
2016 yil dekabr oyida bankdan aylanma mablag‘ uchun 26% foizdan bir yil muddatga 20 000 000 so‘m kredit olib, un fondi yetmaganligi sababli, bozordan baland narxda un sotib olib, ish yuritishga majbur bo‘lganmiz. Okibatda ishlab chiqarish o‘zini qoplamay, kasodga uchraganmiz", — deb aniqlik kiritadi Dadajonova.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri tadbirkor ayol yo‘llagan maktubni chop etishdan avval Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahar hokimligi bilan bog‘landi. Marg‘ilon shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Iqboljon G‘ofurov Sputnik muxbirining savollariga javob berar ekan, "Firdavs shodlik" oilaviy korxonasiga hokimlik tomonidan imkon qadar 3-4 tonnadan un ajratib kelingani, ammo keyingi vaqtlarda fondga ajratilgan un miqdori har oyda 30-40 tonna kam bo‘layotgani uchun ayrim tadbirkorlar faoliyati rejadan chiqarilganini ma’lum qildi.
"To‘g‘ri, 6-7ta korxonaga keyingi vaqtlarda 1 tonnadan un ajratib kelayapmiz. Chunki fondga 285 tonna un keladi, shaharimizda 52ta tadbirkor ro‘yxatga olingan. To‘rt-beshta korxonaga ko‘proq miqdorda un ajratishimizni sababi ular ijtimoiy muassasalar bilan shartnoma tuzishgan", — dedi G‘ofurov.
Ma’lum bo‘lishicha, shaharda 29ta bog‘cha, 5 ta bolnitsa va harbiy qismlar bor.
Dadajonova Sputnik muxbiri bilan suhbatda, ayrim nopok tadbirkorlar "non yopish" uchun olingan unni mahalliy bozorlarga olib chiqib qopini 85 ming so‘mdan pullashayotganini aytdi.
"Tannarxi 52 ming so‘m (G‘ofurov bergan ma’lumot) bo‘lgan un, bozorlarda 33 ming so‘m qimmat narxda sotilayotganiga, nopok tadbirkorlarning bu harakatiga nima deysiz?", — degan savolga hokim o‘rinbosari hokimlik tadbirkorlar faoliyatiga aralashmasligini, qolaversa bunday holatlarni ular o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmaganini va qo‘li bilan ushlamaganini ma’lum qildi.
Korxonasini yopish arafasida turgan tadbirkor ayol Dadajonova endi o‘z faoliyati yo‘nalishini o‘zgartirarmikin? Nopok tadbirkorlarni "ushlab berish" bilan shug‘ullanishni xohlarmikin yo qora ishchilikni afzal ko‘rarmikin?.. Bu masalani hokimlik ko‘rib chiqib, tegishli choralarni ko‘radi, degan umiddamiz.
Sputnik tahririyati ushbu vaziyatni kuzatishda davom etadi.