Tovarlarni bojsiz olib kirish va olib chiqish bo‘yicha meyorlar yangilandi

Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan meyorlari doirasida tovarlar olib kirilganda ularni yozma deklaratsiyalash talab etilmaydi
Sputnik

TOShKENT, 8 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-fevral kuni "Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qarorni imzoladi.

O‘zbekistonda valyuta olib kirish va olib chiqish qoidalari tasdiqlandi

Prezident qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan quyidagi cheklangan meyorlari tasdiqlandi: 

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda — 2000 (ikki ming) AQSh dollari miqdorida;

O‘zbekiston Davlat chegarasidagi temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda — 1000 (bir ming) AQSh dollari miqdorida;

O‘zbekiston Davlat chegarasidagi avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda — 300 (uch yuz) AQSh dollari miqdorida;

xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar manziliga kelayotgan tovarlar uchun bir kalendar oy mobaynida — 1000 (bir ming) AQSh dollari miqdori belgilandi.

Moliya, soliq va bojxona organlaridan xodimlar ishdan bo‘shatilishi mumkin

Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan meyorlari doirasida tovarlar olib kirilganda ularni yozma deklaratsiyalash talab etilmaydi.

Shuningdek, jismoniy shaxslar 3 000 AQSh dollarigacha qiymatdagi tovarlarni bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan olib chiqishlari mumkinligi belgilandi. 

Ammo, ayrim turdagi tovarlar uchun olib chiqishning quyidagi meyorlari tasdiqlandi:

guruch — 3 kg.gacha, non mahsulotlari — 5 kg.gacha, go‘sht va go‘sht mahsulotlari — 2 kg.gacha, shakar — 2 kg.gacha, o‘simlik yog‘i — 2 kg.gacha, shuningdek yangi meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalar — 40 kg.gacha.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan ayrim turdagi tovarlarning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan olib kirish meyorlari ham belgilandi. Xususan: alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo — 2 litrgacha, barcha turdagi tamaki mahsulotlari — 10 qutigacha, atir va atirsimon suyuqliklar — 3 donagacha, qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari — 65 gr.gacha.