IIV "Toshturma"dagi mahkum va mahbuslar qanday joyga ko‘chirilgani haqida axborot berdi

Toshkent shahridagi tergov hibsxonasining yangi binoga ko‘chirilgani hamda jazoni ijro etish muassasalarida mahbuslarning yaqinlari bilan uchrashishlariga ajratiladigan xonalar uchun to‘lanadigan haq miqdori oshirilgani haqida xabarlar tarqalgan edi
Sputnik

TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Sakkiz qirrali yulduz shaklida qurilgan yangi tergov hibsxonasi MDHda yagona, deyilgan O‘zbekiston IIV tomonidan e’lon qilingan axborotda.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahridagi tergov hibsxonasining yangi binoga ko‘chirilgani hamda jazoni ijro etish muassasalarida mahbuslarning yaqinlari bilan uchrashishlariga ajratiladigan xonalar uchun to‘lanadigan haq miqdori oshirilgani haqida xabarlar tarqalgan.

Ichki ishlar vazirining Matbuot kotibi general-mayor Qutbidin Burxonov yuqoridagi xabarlarga aniqlik kiritdi.

Qodiriylar tutqunda bo‘lgan joy…

"Ma’lumki, poytaxtimizda joylashgan 1-sonli tergov hibsxonasini xalqimiz "Toshturma" deb atab kelgan. Bu muassasa 1891-yilda Chor Rossiyasi amaldorlari buyrug‘iga binoan toshdan barpo etilgani uchun ham ana shunday nom olgan. Binoning qurilishi ham o‘sha davrga xos va sharoitlari ham shunga yarasha edi. Qatag‘on yillarida bu yerda xalqimizning Fayzulla Xo‘jayev, Abdulla Qodiriy kabi ardoqli farzandlari ham tutqinda bo‘lgan", — deydi Burxonov.

O‘zbek militsiyasi 2018-yildan boshlab maxsus xonalarda tergov qiladi

Keyinchalik muassasa hududida qo‘shimcha binolar qurilgan, albatta. O‘zaro yer osti va yer usti yo‘llari bilan bir-biriga bog‘langan to‘rt korpus mavjud bo‘lsa-da, binoning umumiy ahvoli bugungi kun talablariga, xalqaro standartlarga javob bermasdi.

Shu bois 2012-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahrida bo‘lgan, Markaziy Osiyodadagi eng eski hibsxona sanalmish UYa 64\1-tergov hibsxonasi uchun yangi bino qurishga oid qarori imzolandi. Shu asosda Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududida xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan yangi tergov hibsxonasi qurildi.

Zamonaviy va xavfsiz

Burxonovga ko‘ra, mazkur binoni loyihalashtirishda iqlim sharoiti, sanitariya va xavfsizlik talablari, jazoni ijro etishga oid barcha jihatlar hisobga olingan. Binoni qurish va jihozlashda zamonaviy texnologiya va materiallardan foydalanilgan. Oshxona, kutubxona, yuvinish xonasi va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish xonalari yashash va foydalanish uchun har tomonlama qulay. Maxsus kontingentga zarur bo‘lgan tibbiy yordam ko‘rsatish va uni tashkillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Oziq-ovqat va dori-darmonlarni saqlash uchun zamonaviy muzlatkichlar o‘rnatilgan.

Qiynoq ostida olingan dalillar sudda o‘tmaydi - prezident farmoni

Yangi tergov hibsxonasining alohida jihati shundaki, mahkum va mahbuslarni saqlashga mo‘ljallangan binolar qurilishida shamol yo‘nalishi va quyosh nurining tushishigacha hisobga olingan. Jumladan, xalqaro va zamon talablariga javob beruvchi, qurilishi va jihozlanishi jihatidan MDH davlatlari ichida yagona hisoblangan ushbu hibsxona sakkiz qirrali yulduz shaklida qurilgani kameralarga har tomonlama yorug‘lik tushishini ta’minlaydi.

Hibsxonada saqlanayotgan mahkum va mahbuslarning jinoyat ijroiya qonunchiligida belgilangan huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida ularning yaqin qarindoshlari, advokatlari bilan uchrashuv xonalari mavjud. Bu xonalar barcha talablarga javob beradi.

Mahbuslar yangi binoga ko‘chirildi…

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi asosida barcha jazoni ijro etish muassasalari, shu jumladan yangi tergov hibsxonasi videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan. Bu mahkumlarning huquqlarini himoyalashda muhim o‘rin tutuvchi vosita bo‘lib, ularga qo‘pol muomalada bo‘lish, zo‘rovonlik qilish kabi illatlarga barham beradi. Hozirgi kunda "Toshturma"da saqlanayotgan mahkum va mahbuslarning barchasi yangi binoga ko‘chirildi.

O‘zbekiston ombudsmani turmalardagi qiynoqlarning oldini olish mexanizmini yaratadi
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, mamlakatning boshqa hududlarida joylashgan jazoni ijro etish muassasalari ham bosqichma-bosqich zamon talablari asosida qayta qurilib, zarur vositalar bilan ta’minlanmoqda. 

Qolaversa, jazoni ijro etish muassasalarida mahkum va mahbuslarning Ombudsmanga murojaat qilish huquqini ta’minlash uchun maxsus qutilar joylashtirilgan. Unga mahkumlar ariza va shikoyatlarini yozib qoldirishi mumkin. Bu qutilar faqat Ombudsman yoki uning mintaqaviy vakillari tomonidan ochiladi va mazmunan hal etildi.

Avvalo inson…

"Xorij amaliyotiga nazar tashlasak, aksariyat rivojlangan davlatlarda mahkumlarni saqlash, oziq-ovqat ta’minoti masalasi jazo muddatini o‘tayotgan shaxsning hisobidan qoplanadi. Yurtimizda esa mahkumlarni saqlash harajatlari boshqa chet el davlatlaridan farqli o‘laroq davlat budjetidan qoplanadi. Mazkur amaliyot O‘zbekistonda inson huquqi oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgani, jazo muddatini o‘tayotgan shaxsga nisbatan uning ijtimoiy kelib chiqishi, qaysi davlat fuqarosi ekani, mavqeyi, irqi, dinidan qat’iy nazar, avvalambor, inson sifatida munosabatda bo‘linayotganidan darak beradi", —  dedi Burxonov.

Tariflar avvalgidan qimmatmi?

O‘zbekiston rahbarining 2017-yil 11-avgustdagi "Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazolarni ijro etish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida jazoni ijro etish muassasalarida uzoq muddatli uchrashuvlarga xonalar taqdim etganlik uchun yangi tariflar Moliya va Ichki ishlar vazirliklari tomonidan 2017-yil 29-dekabrda tasdiqlandi.

Hamkorlikda imzolangan qaror ilovasida 2 kishilik xonaga sutkalik to‘lov eng kam ish haqining 5 %i, ya’ni 8612 so‘m, 3 kishilik xonaga sutkalik to‘lov eng kam ish haqining 10 %i miqdorida, ya’ni 17 224 so‘m, 4 kishilik xonaga sutkalik to‘lov eng kam ish haqining 15 %i miqdorida, ya’ni 25 836 so‘m etib belgilandi. 

O‘zbekiston ombudsmeni internet-qabulxona ochdi
"Ayrim ommaviy axborot vositalarida mazkur tariflar oshirilgan, deb talqin qilindi. Shu bois jazoni ijro etish muassasalaridagi uzoq muddatli uchrashuvlarga xonalar taqdim etilgani uchun avval belgilangan narxlarga e’tibor qaratilsa yaxshi bo‘lardi. Demak, avval 2 kishilik xonaga sutkalik to‘lov — 15 895 so‘m, 3 kishilik xonaga — 30 100 so‘m, 4 kishilik xonaga — 45 166 so‘mni tashkil etgan. Raqamlarni taqqoslash asnosida yangi tariflar bilan bu boradagi narxlar ancha arzonlashtirilganini ko‘rish mumkin.

Tarif asosida to‘lovlar mahkumlardan, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalardan (agar bolalar katta yoshli kishilar bilan kelmagan bo‘lsa), 1 guruh nogironligi bo‘lgan shaxslardan, kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan shaxslardan (fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ma’lumotnomasi asosida) undirilmaydi.

Bu mablag‘lar xonalarni saqlash uchun sarflanadigan harajatlar, ularni joriy va kapital ta’mirlash, xo‘jalik inventarlarini sotib olish uchun sarflanadi", — deb ta’kidlagan Burxonov.