MXXning yangi raisi Ixtiyor Abdullayev haqida nimalarni bilamiz

Chorshanba kuni Shavkat Mirziyoyev MXX raisi lavozimiga, tashkilotga 1995-yildan beri rahbarlik qilib kelgan Rustam Inoyatov o‘rniga Ixtiyor Abdullayevni tayinladi.
Sputnik

TOShKENT, 31 yanv — Sputnik. Sputnik tahririyati MXX yangi raisi Ixtiyor Abdullayev faoliyatiga doir ochiq manbaalarda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni to‘pladi.

Ixtiyor Abdullayev 1966-yilda 22-may kuni Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida tug‘ilgan.

Ixtiyor Abdullayev MXX raisi bo‘ldi

1985-1990 yillarda Perm davlat universitetida huquqshunos mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan. 

O‘z ish faoliyatini Farg‘ona shahar sudida boshlagan. Universitetda ta’lim olayotgan davrda u sud ijrochisi bo‘lib ishlagan. Diplom olgandan so‘ng esa sud maslahatchisi lavozimidan to sudya lavozimigacha ishlagan.

1997 yilda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi xizmatiga o‘tgan. U yerda fuqarolik va amnistiya masalalari bo‘yicha referent bo‘lib ishgan.

2000-2001 yillarda Andijon shahar sudi raisi bo‘lib ishlagan.

Rustam Inoyatov MXX raisligidan ketdi

2001-2002-yillarda O‘zbekiston prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisining o‘rinbosari, 2002-2006-yillarda Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari, 2006-2007-yillarda O‘zbekiston prezidentining mamlakatni isloh qilish va yangilashning huquqiy bazasini takomillashtirish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi vazifasini bajaruvchi, 2007-2009-yillarda O‘zbekiston prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi, 2006-2009-yillarda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti direktori vazifasida ishlagan. 

2010 va 2015-yilda Oliy Majlis ikkinchi chaqiriq senat a’zo bo‘lib tayinlangan.

2015 yil 21-apreldan 2018-yil 31-yanvarga qadar O‘zbekiston bosh prokuror lavozimida bo‘lgan.

Ixtiyor Abdullayev ikkinchi darajali adliya davlat maslahatchisi.