Xodjayev O‘zbekiston turizmiga sarmoya kiritish uchun beshta yo‘nalishni taklif qildi
11:51 25.11.2026 (yangilandi: 12:07 25.11.2026)

© Sputnik
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston xorijiy investorlarga mehmonxona va kurortlar qurish, tog‘, ekologik, tibbiy turizm hamda transportni rivojlantirishni taklif etdi.
TOShKENT, 25 noya — Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev mamlakat turizm sohasiga sarmoya kiritish uchun beshta ustuvor yo‘nalishni taklif qildi. U bu haqda Toshkentda o‘tkazilayotgan birinchi xalqaro turizm investitsiya forumining ochilishida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Xodjayev xorijiy investorlarni quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga chaqirdi:
xalqaro brendlar bilan hamkorlikda zamonaviy mehmonxonalar va kurortlar qurish;
Bo‘stonliq, Chimon, Amirsoy, Chorvoq, Zomin va boshqa hududlarda yil davomida faoliyat yuritadigan tog‘ va ekologik turizm markazlarini tashkil etish;
Samarqand, Buxoro va Xivada tarixiy meros bilan uyg‘unlashgan mehmonxonalar, gastronomik va madaniy majmualarni barpo etish;
tibbiy, sog‘lomlashtirish va kinoturizm kabi yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish;
transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish.
Yirik investitsiya loyihalari
Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda turizm sohasida umumiy qiymati 6,2 mlrd dollarlik strategik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ular orasida Toshkent yaqinidagi yil davomida ishlaydigan kurortlar, "Sea Breeze Uzbekistan", Qashqadaryodagi tog‘-chang‘i kurorti, poytaxtdagi "Iron Fort" va "Ritz-Carlton" mehmonxonalari, Namangan viloyatidagi "Arashan" kurort majmuasi va Toshkent viloyatidagi "Chimon" xalqaro kurorti bor.
Hududlarda yangi turizm loyihalarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha 5 ming gektar yer ajratiladi. Umumiy qiymati 11 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish ishlari boshlanadi.
Bir yil ichida 34 ta loyiha bo‘yicha master-rejalar ishlab chiqilishi, xalqaro brendlar ostida faoliyat yurituvchi mehmonxonalar soni esa 100 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Xorijiy investorlar uchun imtiyozlar
Xodjayevning ta’kidlashicha, turizm O‘zbekiston iqtisodiyotining strategik tarmog‘iga aylanmoqda.
"Biz xorijiy investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti va ishonchli huquqiy kafolatlar yaratmoqdamiz", — dedi u.
Mehmonxonalar qurilishi uchun imtiyozli moliyaviy resurslar ajratilmoqda, yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar 2030-yilgacha uzaytirilgan. Shuningdek, yulduzli mehmonxonalarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.
Xodjayev xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi turistik agentliklar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinganini, bu esa ularga turpaketlarni 20 foizgacha arzonroq sotish imkonini berishini ta’kidladi.
Turizm sohasidagi natijalar va rejalar
2026 yilning dastlabki o‘n oyida O‘zbekistonga 11,6 mln nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,4 foizga ko‘p. Turizm xizmatlari eksporti esa qariyb 1,5 baravarga oshib, 6,1 mlrd dollarga yetdi.
So‘nggi ikki yilda uzoq xorijdan kelayotgan sayyohlarning O‘zbekistonda bo‘lish muddati o‘rtacha 6 kundan 8 kungacha uzaydi.
Joriy yilda mamlakatda 177 ta yangi mehmonxona, 479 ta oilaviy mehmon uyi va 245 ta xostel ochildi.
2030 yilga borib O‘zbekistonda quyidagi ko‘rsatkichlarga erishish maqsad qilingan:
xorijiy sayyohlar sonini 20 mln nafarga yetkazish;
turizmning iqtisodiyotdagi ulushini 7 foizga oshirish;
turizm xizmatlari eksportini 10 mlrd dollarga yetkazish;
ichki sayohatlar sonini 25 milliontaga yetkazish.
Ma’lumot uchun, Toshkentdagi "Central Asian Expo Uzbekistan" (CAEx) majmuasida "Ipak yo‘lida turizm" 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida birinchi xalqaro turizm investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda 20 dan ortiq davlatdan 100 nafardan ziyod yirik investor va 200 dan ortiq xorijiy delegat ishtirok etmoqda.
