Putin Ukraina bo‘yicha murosalar, saylovlar va Qrim ko‘prigiga javob haqida gapirdi
18:56 19.11.2026 (yangilandi: 18:58 19.11.2026)

© Sputnik / POOL
/ Obuna bo‘lish
Vladimir Putin AQSh taklif etgan murosalar, Ukrainada saylovlar, xavfsizlik kafolatlari va Qrim ko‘prigiga javob haqida gapirdi..
TOShKENT, 19 noya — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shenchjenda ATES sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida Ukraina mojarosini hal qilish shartlari, Kiyevning pozitsiyasi va Qrim ko‘prigiga berilgan zarbalarga javob haqida gapirdi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
Putin Rossiya Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha AQSh tomonidan taklif etilgan murosali yechimlarga, jumladan, Ankorijdagi muzokaralarda ham o‘zgarishsiz rozi bo‘lganini bildirdi.
Uning fikricha, Kiyev va Yevropa hozircha bu murosalarni qabul qilishga tayyor emas. Rossiya rahbari mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun barcha tomonlar mavjud voqelikdan kelib chiqishi zarurligini ta’kidladi.
Putin Ukraina bo‘yicha quyidagi masalalarga ham to‘xtaldi:
Jangovar harakatlarni to‘xtatish. Kiyev hukumati urushni to‘xtatishni istamayotgandek taassurot uyg‘onmoqda, chunki bunday holatda darhol saylovlar o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.
Tinchlik muzokaralari. Rossiya qurolli mojaroni davom ettirish niyatida emas va Kiyevdagi hokimiyat vakillari bilan ham muloqotga tayyor. Biroq mojaroning yakunlanishi ko‘p jihatdan Ukraina tomoniga bog‘liq.
Xavfsizlik kafolatlari. Rossiya Ukrainaning ham xavfsizlik huquqiga ega ekanini tan oladi. Ammo Moskva uchun o‘z xavfsizligi masalasi ham muhim va uni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi.
Donesk viloyati. Putin Ukraina qo‘shinlari Donesk hududining qolgan 10 foizini ma’lum vaqt ushlab turishi mumkinligini, ammo keyinchalik bu hududni boy bersa, bunday harakatlarning ma’nosi bor-yo‘qligi savol ostida qolishini aytdi.
Rossiya rahbari Ukrainadagi mojaroning kelib chiqishiga ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2014-yildagi hokimiyat almashinuvidan so‘ng Kiyev Ukrainaning janubi-sharqida harbiy operatsiya boshlagan. Rossiya esa sakkiz yil davomida ushbu inqirozni tinch yo‘l bilan tartibga solishga uringan.
Putin Qrim ko‘prigiga berilgan zarbalarga ham munosabat bildirdi. U Rossiya javob choralari ko‘rishini va ular Ukraina tomonining harakatlaridan ancha og‘riqliroq bo‘lishini ta’kidladi.
Shuningdek, Rossiya prezidenti Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan kelishuvga erishish imkoniyatini muhokama qilganini, ammo Qrim ko‘prigiga zarbalardan so‘ng bu rejadan voz kechilganini ma’lum qildi.
Putin Rossiyaning asosiy maqsadi vaqtinchalik sulh emas, balki uzoq muddatli tinchlikka erishish ekanini ta’kidladi.
Muzokaralar uchun imkoniyat saqlanib qolayotganini bildirgan Rossiya rahbari Ukraina hukumati va uning homiylari mavjud voqelikni anglab yetsa, murosaga kelish mumkinligini qayd etdi.
19 noyabr kuni Putin Shenchjenda AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uch tomonlama muzokaralarda ishtirok etdi. Ukraina mojarosi Putinning Tramp bilan alohida uchrashuvida ham muhokama qilindi.

