Yangi Toshkentdan atom sanoatigacha: Mirziyoyev turk biznesiga nimalar taklif qildi
15:57 19.11.2026 (yangilandi: 15:59 19.11.2026)

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Mirziyoyev turk kompaniyalarini Yangi Toshkent qurilishi, atom sanoati, farmatsevtika va xususiylashtirish loyihalariga taklif etdi.
TOShKENT, 19 noya — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yig‘ilishida turkiyalik investorlarga qator yirik loyihalarda ishtirok etishni taklif qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz boshchiligidagi delegatsiya qatnashgan yig‘ilishda sanoat, energetika, qurilish, transport, farmatsevtika va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish rejalari taqdim etildi.
Turk investorlariga qanday loyihalar taklif qilindi?
Yangi Toshkent. Turkiya kompaniyalari yangi shaharda turar joy va tijorat majmualari, mehmonxonalar, ta’lim va tibbiyot muassasalarini qurishga taklif qilindi.
Atom sanoati. Jizzax viloyatida tashkil etilayotgan maxsus sanoat zonasida 15 ta yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ular O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida quriladigan AESlari uchun ham mo‘ljallangan. Turk kompaniyalariga ushbu yo‘nalishda hamkorlik taklif etildi.
Farmatsevtika. Prezident turk farmatsevtika kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasi tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Toshkent farmatsevtika parkida investorlarga imtiyozlar, tayyor infratuzilma va ishlab chiqarish maydonlari taklif qilinmoqda.
Transport va infratuzilma. Pulli avtomobil yo‘llari, aeroportlar va logistika markazlarini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatildi. Turk kompaniyalari bilan Buxoroda yangi xalqaro aeroport qurish bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda.
Elektrotexnika. Misni chuqur qayta ishlash, elektronika, transformatorlar, maishiy texnika va elektr uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish taklif qilindi.
Qishloq xo‘jaligi. Turk investorlari bilan zamonaviy issiqxonalar, sovitkich omborlari qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasi va o‘g‘itlar ishlab chiqarish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Xususiylashtirish va investitsiyalar
Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, 2026–2027 yillarda O‘zbekistonda umumiy qiymati 8,4 mlrd dollarlik davlat aktivlari, ko‘chmas mulk obyektlari va yer maydonlari savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Turk investorlari ushbu jarayonlarda faol ishtirok etishga chaqirildi. Jumladan, Samarqand avtomobil zavodini xususiylashtirish va Samarqand viloyati elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda.
Shuningdek, turk kompaniyalariga IT-autsorsing, dasturiy ta’minot, sun’iy intellekt va moliyaviy xizmatlar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklif qilindi.
2030 yilgacha qanday maqsadlar belgilangan?
Prezident O‘zbekistondagi yirik iqtisodiy rejalarni ham ma’lum qildi. Jumladan:
yalpi ichki mahsulotni 300 mlrd dollarga yetkazish;
sanoat ishlab chiqarishini ikki barobar oshirish va 2 mln yuqori daromadli ish o‘rni yaratish;
qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini 25 gigavattga yetkazish;
elektrotexnika mahsulotlari eksportini 5 mlrd dollarga yetkazish va sohaga 11,6 mlrd dollar investitsiya jalb qilish;
IT xizmatlari eksportini 5 mlrd dollarga yetkazish.
Mirziyoyev yirik investorlarga tayyor ishlab chiqarish binolari, yer maydonlari va muhandislik infratuzilmasi taklif etilayotganini ta’kidladi.
Maxsus iqtisodiy zonalarda investitsiya hajmi va shartlariga qarab, 3-yildan 10-yilgacha soliq va bojxona imtiyozlari beriladi.
Toshkent viloyatidagi 100 gektarlik “Ostim” sanoat zonasini kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Prezident ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etishga tayyorligini bildirdi.
