Putin: sanksiyalar Rossiyani to‘xtatmadi, YeI esa ular tufayli sanoat salohiyatini yo‘qotmoqda
09:19 18.11.2026 (yangilandi: 10:06 18.11.2026)

© AP Photo / Ng Han Guan
Obuna bo‘lish
Putinning ta’kidlashicha, sanksiyalar soni bo‘yicha jahon rekordchisi bo‘lgan Rossiyani yakkalab qo‘yishga barcha urinishlar barbod bo‘ldi.
TOShKENT, 18 noya — Sputnik. Yevropa Ittifoqi o‘nlab yillar davomida uning farovonligini ta’minlab kelgan arzon va barqaror Rossiya energiya resurslaridan voz kechish oqibatida sanoat salohiyati hamda raqobatdagi mavqeyini yo‘qotmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (OTIH) forumi doirasidagi ishbilarmonlar sammitida ma’lum qildi.
"Misli ko‘rilmagan sanksiyalar bosimiga duch kelgan va o‘ziga qarshi joriy etilgan jazo choralari soni bo‘yicha jahon rekordchisiga aylangan mamlakatimizni — Rossiyani yakkalab qo‘yish bo‘yicha barbod bo‘lgan urinishlar buning yaqqol misolidir", — dedi Putin.
Rossiya prezidentining boshqa muhim bayonotlari:
Sanksiyalar, bojlar va eksport cheklovlari hamon jilovlovchi ta’sirga ega. Biroq ular endilikda o‘sishni butunlay to‘xtatib qolishga, ayniqsa raqobatchilar iqtisodiyotini yakson qilishga qodir emas.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar oqibatlariga moslasha olmadi. Qarz yuki va inflyatsiya ortib bormoqda, turmush darajasining pasayishi esa Yevropa biznesi va aholisiga og‘ir yuk bo‘lib tushmoqda.
So‘nggi uch yilda Rossiya YaIM 10 foizdan ziyod o‘sdi va o‘sishda davom etmoqda. Mamlakat dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari qatoridan mustahkam o‘rin olgan, inflyatsiya nazorat ostida.
Iqtisodiy ustunlik va majburlashning eski vositalari o‘z samaradorligini yo‘qotmoqda. Avvalgi gegemon davlatlar yangi sharoitga moslashish o‘rniga, raqobatchilarning rivojlanishini cheklashga urinmoqda.
Rivojlanayotgan va bozorlari shakllanayotgan mamlakatlarning jahon iqtisodiyotidagi ulushi 1990-yildagi 35 foizdan 2026-yilda 61 foizga yetdi.
Osiyo mamlakatlari G‘arb kompaniyalarining yig‘uv sexlari joylashgan "jahon fabrikasi"dan global taraqqiyot va innovatsiyalar yetakchilariga aylandi. Ular mashinasozlik, robototexnika, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohalarida rivojlanish yo‘nalishlarini mustaqil belgilamoqda.
Rossiya raqamli transformatsiyada ilg‘or davlatlar qatoridan o‘rin olgan. Mamlakatning ikkita yetakchi til modeli dunyodagi eng yaxshilar safida, Rossiya marketpleyslari esa global miqyosdagi eng yirik o‘ntalikka kirgan.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasi Rossiya uchun muhim savdo-iqtisodiy yo‘nalish hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Putin 18–19 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan OTIH sammitida ishtirok etish uchun Xitoyning Shenchjen shahriga keldi. Ishbilarmonlar sammiti uning Xitoydagi ish dasturini boshlab berdi.
