Shota Rustavelida avtobuslar 45, avtomobillar 18 foizga tezlashdi — BRT yana qayerda ochiladi?

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Shota Rustavelida avtobuslar 45 foizga, avtomobillar 18 foizga tezlashdi. Endi BRT yo‘laklari Sergeli va Yunusobodgacha kengaytirilmoqda.
TOShKENT, 12 noya — Sputnik. Toshkentda Sergeli va Yunusobod tumanlarini bog‘laydigan 22,7 kilometrlik tezkor avtobus qatnovi (BRT) yo‘lagi bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) xabar berdi.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, Shota Rustaveli ko‘chasidagi o‘zgarishlar ijobiy natija bergan. 2026-yilgi ko‘rsatkichlar 2023-yil bilan taqqoslanganda:
avtobuslarning o‘rtacha harakat tezligi 45 foizga oshgan;
yengil avtomobillar tezligi 18 foizga oshgan;
jamoat transportidan foydalanuvchilar soni kuniga 8 ming nafardan ziyodga ko‘paygan.
Demak, avtobuslarga ustuvorlik berish nafaqat jamoat transporti yo‘lovchilariga, balki avtomobil haydovchilariga ham foyda keltirishi mumkin.
BRT qaysi ko‘chalarda tashkil etiladi?
Loyiha to‘rtta asosiy ko‘chani qamrab oladi:
Shota Rustaveli — 6,5 km. BRT 2025-yildan buyon ishlamoqda.
Shahrisabz — 3,2 km. Dastlabki 2,2 kilometri foydalanishga topshirilgan.
Amir Temur shohko‘chasi — 7,6 km. Qurilish ishlari boshlangan.
Yangi Sergeli — 5,5 km. Tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
BRT (Bus Rapid Transit) — avtobuslar uchun alohida harakatlanish yo‘laklari, maxsus bekatlar va harakatni boshqarish tizimlarini birlashtiruvchi tezkor jamoat transporti tizimi.
Yangi koridorlarda svetoforlarning "yashil to‘lqin" tizimi joriy etiladi, zamonaviy bekatlar quriladi. Ularga avtobuslarning kelish vaqtini ko‘rsatuvchi elektron tablolar, videokuzatuv kameralari va SOS tugmalari o‘rnatiladi.
Nega yo‘llarni kengaytirish o‘rniga avtobuslarga ustuvorlik berilmoqda?
Toshkentda 3,2 million aholi va qariyb 640 ming shaxsiy avtomobil bor. Bir yengil avtomobilda ko‘pincha bir-ikki kishi harakatlansa, oddiy avtobus bir vaqtning o‘zida 60 nafargacha yo‘lovchi tashishi mumkin.
Xalqaro transport tashkilotlari ma’lumotlariga ko‘ra, bir harakatlanish tasmasidan bir soatda yengil avtomobillarda 600–1600 nafar, maxsus avtobus tasmasida esa 8 ming nafargacha yo‘lovchini o‘tkazish mumkin.
Yo‘llarni kengaytirish ham tirbandlikni har doim bartaraf etavermaydi. Iqtisodchilar Jil Duranton va Metyu Terner AQSh shaharlaridagi transport harakatini o‘rganib, yangi yo‘l tasmalari ko‘payishi bilan ulardan foydalanadigan avtomobillar harakati ham ortishini aniqlagan.
Shu bois shaharlarda faqat avtomobillar uchun yo‘l qurish emas, balki mavjud yo‘llar orqali ko‘proq odam tashish masalasiga ham e’tibor qaratilmoqda.
Avtomobillar soni kamayadimi?
Transport vazirligining avvalgi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki yil ichida 142 ming nafar toshkentlik shaxsiy avtomobil va taksidan jamoat transportiga o‘tgan.
Biroq yangi tizimga o‘tish ayrim noqulayliklarni ham keltirib chiqarmoqda. Qurilish ishlari sababli harakat sxemalari o‘zgarmoqda, ba’zi chorrahalarda chapga burilish cheklanmoqda.
Shunga qaramay, Shota Rustaveli ko‘chasida qayd etilgan natijalar jamoat transportiga ajratilgan yo‘laklar avtomobil harakatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
