Eronga zarba berish: Tramp va Netanyaxu o‘rtasida keskin bahs chiqqan — OAV

© REUTERS / Jonathan ErnstDonald Tramp i Binyamin Netanyaxu (arxivnoe foto)
Donald Tramp i Binyamin Netanyaxu (arxivnoe foto) - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.11.2026
Obuna bo‘lish
Tramp va Netanyaxu Eronga yangi zarbalar berish masalasida keskin tortishib qolgani aytilmoqda. Avvalroq Netanyaxu shu maqsadda Trampga har kuni qo‘ng‘iroq qilayotgani xabar qilingan edi.
TOShKENT, 11 noya — Sputnik. Eronga qarshi harbiy amaliyotlarni qayta boshlash masalasi AQSh prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘rtasida keskin telefon muloqotiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Isroilning "Ynet" nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Manbalardan biri o‘tgan dam olish kunlaridagi suhbatni "do‘zaxiy baqir-chaqir" deb ta’riflagan. Biroq Netanyaxu devoni bu xabarni "mutlaqo yolg‘on" deb rad etdi.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, Netanyaxu Trampga deyarli har kuni qo‘ng‘iroq qilib, Eronga qarshi harbiy harakatlarni qayta boshlashga undamoqda. Biroq Oq uy ichida ham, undan tashqarida ham yangi urushga qarshi chiquvchilar bor.
Qatar hujumni ikki haftaga kechiktirgani aytilmoqda
i24NEWS diplomatik manbalarga tayanib, Qatar AQShning Eronga ehtimoliy yangi zarbalarini kamida ikki haftaga kechiktirishga erishganini xabar qildi. Bu vaqt Vashington va Tehron o‘rtasida kelishuvga erishish uchun ajratilgan.
Qatar bosh vaziri Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy Vashingtonda Tramp bilan uchrashganidan so‘ng AQSh rahbari hozircha yangi harbiy amaliyotlarga zarurat ko‘rmayotganini bildirdi.
Shu bilan birga, Tramp AQSh qo‘shinlari zarur bo‘lsa, zarba berishga tayyorligini ta’kidladi.
Rubio: Eronning shartlari bema’ni
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Parijda G7 tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi doirasida Eron bilan kelishuv imkoniyatlariga baho berdi.
"Eron bitim tuzishni juda xohlaydi. Muammo shundaki, ular qo‘yayotgan shartlar bema’ni. Ular hozircha hatto jiddiy yondashmayapti. Ammo vaqt o‘tishi bilan bu o‘zgarishi mumkin", — dedi Rubio.
Vashington Tehronning urush zarari uchun tovon to‘lash haqidagi talabini ham rad etmoqda.
Muzokaralarda asosiy bahslar Eron portlariga qo‘yilgan dengiz qamalini bekor qilish, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish, muzlatilgan Eron aktivlarini qaytarish va mamlakat yadroviy dasturi atrofida ketmoqda.
Benyamin Netanyaxu - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 02.06.2026
Axios: Tramp Netanyaxuni “aqldan ozgan” deb atab, noshukurlikda aybladi
Yangiliklar lentasi
0