Qurilayotgan uydan xonadon sotib olish tartibi o‘zgarishi mumkin

© Sputnik / Baxrom XatamovStroitelstvo mnogoetajki
Stroitelstvo mnogoetajki - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.11.2026
Obuna bo‘lish
Ulushli qurilish haqidagi qonun loyihasida xaridorlar pulini himoya qilish, shartnomalarni notarial tasdiqlash va qurilish kechikishiga qarshi choralar belgilangan.
TOShKENT, 10 noya — Sputnik. O‘zbekistonda qurilayotgan uylardan xonadon sotib oluvchilarning mablag‘larini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
"Ko‘p kvartirali uylarni va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida"gi qonun loyihasida xaridorlar mablag‘larini banklardagi eskrou hisobvaraqlarida saqlash va shartnomalarni majburiy notarial tasdiqlash nazarda tutilgan.
Xaridorlar uchun qanday kafolatlar belgilanmoqda?
Mablag‘lar himoyasi. Xaridorning puli to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruvchiga berilmaydi. U bankdagi maxsus eskrou hisobvarag‘ida saqlanadi va uy foydalanishga topshirilgandan keyingina quruvchiga o‘tkaziladi.
Shartnomalarni himoya qilish. Ulushli qurilish shartnomasi va unga kiritiladigan o‘zgartirishlar notarial tasdiqlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Bu bitta xonadonni bir necha kishiga sotishning oldini olishga qaratilgan.
Mablag‘ni qaytarish. Quruvchi qonun talablarini buzgan holda pul jalb qilsa, xaridor mablag‘ini qaytarishni va undan foydalanilgani uchun foiz to‘lanishini talab qilishi mumkin.
Qurilish kechikishi. Uyni topshirish muddati buzilganda obyektni muammoli deb topish uchun qo‘shimcha olti oy kutish talabi bekor qilinmoqda.
Quruvchini almashtirish. Qurilish to‘xtab qolmasligi uchun zarur hollarda quruvchi yoki vakolatli bankni almashtirish mexanizmlari joriy etiladi.
Shuningdek, quruvchilar aholi mablag‘larini jalb qilish uchun Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tishi, vakolatli bank bilan bitim tuzishi va loyiha deklaratsiyasini e’lon qilishi kerak bo‘ladi.
Yangi talablarni qonun kuchga kirgandan keyin qurilishga ruxsatnoma olgan obyektlarga nisbatan qo‘llash rejalashtirilgan.
Aslida, prezidentning 2025-yil 27-yanvardagi farmoni bilan eskrou tizimi 2025-yil 1-iyuldan ixtiyoriy, 2026-yil 1-yanvardan esa majburiy bo‘lishi belgilangan edi.
Biroq joriy yil 5-yanvarda Adliya vazirligi majburiy tartib hali kuchga kirmaganini tushuntirgan. Buning uchun alohida qonun qabul qilinishi zarur.
Nega yangi qonun zarur?
Prezident matbuot xizmati avvalroq ma’lum qilganidek, 2025-yilda ulushli uy-joy qurilishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar oqibatida qariyb 3 ming nafar fuqaroga 668 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.
Yangi qonun loyihasi ana shunday holatlarning oldini olish va xaridorlar mablag‘larini himoya qilishga qaratilgan.
Stroitelstvo jilogo kompleksa - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.06.2026
Ulushli qurilishga oid qonun loyihasi ishlab chiqildi
Yangiliklar lentasi
0