Rossiya ichki ishlar vaziri migratsiya nazorati natijalari va rejalar haqida ma’lumot berdi

© POOL / Mediabankka o‘tishMinistr vnutrennix del RF Vladimir Kolokolsev. Arxivnoe foto
Ministr vnutrennix del RF Vladimir Kolokolsev. Arxivnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.11.2026
Obuna bo‘lish
Rossiya IIV rahbari migrantlarni nazorat qilish, tibbiy ko‘rik, hujjatlarni rasmiylashtirish va mamlakatga kirish taqiqlari bo‘yicha natija hamda rejalarni ma’lum qildi.
TOShKENT, 10 noya — Sputnik. Rossiyada migrantlarni mobil ilova orqali nazorat qilish tajribasini butun mamlakatga yoyish, tibbiy ko‘riklarni faqat davlat muassasalarida o‘tkazish va migratsiya hujjatlarini rasmiylashtirishda vositachilar ishtirokini cheklash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev Federatsiya Kengashidagi "hukumat soati"da ma’lum qildi.
"Amina" butun Rossiyada joriy etilishi mumkin
Kolokolsev Moskva va Moskva viloyatida migrantlarni "Amina" mobil ilovasi orqali nazorat qilish tajribasini yuqori baholadi.
Ilova geolokatsiya ma’lumotlari asosida xorijliklarning qayerda ekanini kuzatish imkonini beradi. Vazir ushbu amaliyotni butun mamlakat bo‘ylab joriy etish zarurligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva mintaqasida qog‘oz hujjatlardan voz kechilishi natijasida to‘qqiz oyda soxta hujjatlarni tayyorlash va ulardan foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlar uch baravar kamaygan.
Hozircha "Amina" orqali migratsiya nazorati Moskva shahri va Moskva viloyatida tajriba tariqasida amal qilmoqda. Uni boshqa hududlarga joriy etish muddati e’lon qilinmagan.
Tibbiy ko‘rik va hujjatlarni rasmiylashtirish
Rossiyada xorijliklarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni faqat davlat tibbiyot muassasalarida tashkil etish masalasi ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, migratsiya hujjatlarini qabul qilish jarayonida vositachi tashkilotlar ishtirokini istisno etish rejalashtirilgan.
Bu vazifalarni Rossiya IIVning Pasport-viza xizmati va Moskva hukumati huzuridagi Ko‘p tarmoqli migratsiya markaziga yuklash ko‘zda tutilmoqda.
Migrantlar to‘planib yashaydigan hududlar
Kolokolsev Rossiya IIV mintaqalar rahbarlari uchun migrantlar anklavlari shakllanishining oldini olish va mavjudlarini tarqatish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlaganini bildirdi.
290 ming xorijlikning Rossiyaga kirishi taqiqlangan
Kolokolsev migratsiya nazorati kuchaytirilishi natijasida erishilgan ko‘rsatkichlarni ham ma’lum qildi:
290 ming xorijlikning Rossiyaga kirishi 3-yildan 10-yilgacha taqiqlangan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan qariyb ikki baravar ko‘p.
So‘nggi uch yilda 5 mingdan ortiq sobiq xorijlikning Rossiya fuqaroligi, asosan jinoyat sodir etgani uchun, bekor qilingan.
Yashash ruxsatnomasini berishni rad etish holatlari 13 baravarga oshgan.
Rossiya fuqaroligiga qabul qilingan xorijliklar soni uchdan bir qismga kamaygan.
Migratsiya qonunchiligini buzgan 800 mingdan ortiq xorijlik nazoratdagi shaxslar reyestriga kiritilgan.
Migrantlar sodir etgan jinoyatlar 40 foizga kamaygan
2026 yilning yanvar–sentabr oylarida Rossiyada xorijiy fuqarolar tomonidan 20,6 mingta jinoyat sodir etilgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 39,5 foizga kam.
Mamlakatda qayd etilgan jinoyatlar orasida xorijliklar sodir etganlarining ulushi 3,4 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, to‘qqiz oyda Rossiyaga qariyb 7,5 million xorijlik kirib kelgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 foizga kam.
Rossiyada qonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan xorijliklarning ulushi 45 foizdan 50 foizga oshgan. O‘n yil avval bu ko‘rsatkich 25 foiz bo‘lgan.
2027 yildan migrantlar uchun soliq to‘lovlari ham o‘zgaradi
Rossiyada qabul qilingan qonunlarga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan ayrim toifadagi xorijiy xodimlarning jismoniy shaxslar daromad solig‘i bo‘yicha avans to‘lovlari oshiriladi.
Xususan, Rossiyada yashovchi va qaramog‘idagi 18 yoshgacha bo‘lgan har bir farzand uchun avans to‘lovi 50 foizga ko‘payadi. Ayrim toifalarda bu talab boshqa qaramoqdagi oila a’zolariga ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, mehnat migrantlari o‘zlari va qaramog‘idagi oila a’zolarini tegishli hududdagi yashash minimumi darajasida ta’minlay olishlari talab etiladi.
Zampred Sovbeza RF Dmitriy Medvedev dal intervyu gazete Vedomosti - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.10.2026
Rossiyada ayrim migrantlarga jarima to‘lab, qonuniy ishlashga qaytish imkoni berilishi mumkin
Yangiliklar lentasi
0