Koinotdan tabrik, "Kelajak olimlari", kosmonavt tashrifi— Toshkentda festival davom etmoqda
11:11 08.11.2026 (yangilandi: 11:15 08.11.2026)

© Sputnik/ Aleksandra Teroxina
Obuna bo‘lish
Festival O‘zbekistonning 13 shahrini qamrab oldi. Toshkentda kosmonavt bilan uchrashuv va yosh ixtirochilar tanlovi bo‘lib o‘tdi.
TOShKENT, 8 noya — Sputnik. Toshkent politexnika muzeyida beshinchi bor tashkil etilayotgan "NAUKA 0+" xalqaro festivali davom etmoqda. 7–8 noyabrga mo‘ljallangan tadbir "BRIKS+ ochiq ilm-fan haftaligi" doirasida o‘tkazilmoqda, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Bu yil festival ilk bor O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oldi. 13 shahardagi 20 ta maydonchada 70 ta ilmiy-ommabop ma’ruza, 2 ming kvadrat metrdan ortiq interaktiv ko‘rgazmalar, mahorat darslari, intellektual viktorinalar va ilmiy shoular tashkil etildi.

V Tashkente proxodit yubileyniy Mejdunarodniy festival NAUKA 0+
© Sputnik/ Aleksandra Terexina
Festivalning asosiy mavzusi — "Sening koinot olaming". U insonning kosmosga ilk parvozining 65-yilligiga bag‘ishlangan.
Ochilish marosimi ham kosmik parvoz ruhida o‘tdi: ishtirokchilar ramziy start tugmasini bosib, ilm-fan olamiga sayohatni boshladilar.
Mehmonlar uchun yana bir o‘ziga xos sovg‘a — Xalqaro kosmik stansiyadan (XKS) yo‘llangan videotabrik bo‘ldi. "Roskosmos" kosmonavtlari Potr Dubrov, Anna Kikina va Sergey Teteratnikov orbitadan turib festival ishtirokchilariga muvaffaqiyat va yangi kashfiyotlar tiladilar.

V Tashkente proxodit yubileyniy Mejdunarodniy festival NAUKA 0+
© Sputnik/Aleksandra Teroxina
M. V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filiali rahbari Nikolay Volkov ilm-fanga qiziqishi fizika olimpiadasidan boshlanganini esladi.
"Bugun festivalda qatnashayotgan ko‘plab yoshlar uchun ushbu ma’ruzalar, tanlovlar, viktorinalar va boshqa tadbirlar o‘z hayot yo‘lini tanlashga, kelajakda shug‘ullanadigan ilmiy yo‘nalishini belgilab olishga yordam beradi", — dedi u.
"NAUKA 0+" festivalining xalqaro dasturlar bo‘limi rahbari Yakov Gordeyev Sputnik O‘zbekiston muxbiriga bergan intervyusida tadbirning geografiyasi kengayib borayotganini ta’kidladi.
"NAUKA 0+ festivali mehmondo‘st Toshkent shahrida yubiley — beshinchi bor o‘tkazilmoqda. O‘z vaqtida Moskva davlat universiteti rektori Viktor Antonovich Sadovnichiy tashabbusi bilan boshlangan festival xalqaro miqyosdagi nufuzli tadbirga aylangani va bu yil O‘zbekistonda mamlakatning barcha hududlarini qamrab olgani quvonarlidir", — dedi u.
Gordeyevning fikricha, bunday tadbirlar olimlar bilan ilm-fan va texnologiyalarga qiziquvchilarni bir-biriga yaqinlashtiradi, bolalar va kattalarga yangi bilim hamda taassurotlar beradi.
Yosh ixtirochilarning yutuqlari
Bu yil O‘zbekistonda festival doirasida ilk bor "Kelajak olimlari" tanlovi tashkil etildi.
Tanlovning yarim finallari hududlardagi ixtisoslashtirilgan maktablarda bo‘lib o‘tdi va ularda ishtirokchilarning ishlari hududiy OTM olimlari hamda soha hamkorlaridan iborat hay’at tomonidan baholandi. Final bosqichi esa M. V. Lomonosov nomidagi MDUning Toshkent shahridagi filialida o‘tkazilib, unda jami 70 ta loyiha namoyish etildi.
"Bolalar uchun bu ilm-fan va muhandislik sari qo‘yilgan ilk qadam, o‘ziga xos kashfiyotdir. Menimcha, ayni shu yoshda ularni qo‘llab-quvvatlash nihoyatda muhim", — dedi tanlov direktori Sergey Sergeyev.
Kosmonavt bilan uchrashuv va amaliy tajribalar
Festival ishtirokchilari Moskvadan kelgan sinovchi kosmonavt, Yu. A. Gagarin nomidagi Kosmonavtlarni tayyorlash markazi boshlig‘i o‘rinbosari Andrey Babkin bilan ham uchrashdilar.

V Tashkente proxodit yubileyniy Mejdunarodniy festival NAUKA 0+
© Sputnik/ Aleksandra Terexina
U Sankt-Peterburgdagi "Koinot sari yo‘l" kosmik muzeyi mudiri Zorana Lujnaya bilan birgalikda kosmonavtlarning maxsus kiyimlari, parvoz xavfsizligi texnologiyalari va kosmosga uchishdan oldingi tayyorgarlik jarayoni haqida so‘zlab berdi.
Festival doirasidagi tadbirlar "Rossotrudnichestvo" vakolatxonasi, MIFI, MDU va Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiallari, shahar planetariysi hamda Toshkent viloyatidagi ilmiy muassasalarda ham o‘tkazildi.
Politexnika muzeyidagi interaktiv maydonchalar ayniqsa bolalarda katta qiziqish uyg‘otdi.
"Festivalga butunlay tasodifan kelib qoldik: ko‘chadan o‘tib ketayotib, bolalarimiz juda yaxshi ko‘radigan politexnika muzeyi yonidagi bayroqchalarni ko‘rib qoldik va kirib, ajoyib muhitga oshno bo‘ldik", — dedi toshkentlik Aleksa va Stefanning onasi Yelena Kochkina.
Uning aytishicha, bolalar bu yerda gadjetlarni unutib, ilm-fan olamiga sho‘ng‘igan. Ular mustaqil tajribalar o‘tkazib, ilmiy eksperimentlarda faol qatnashmoqda.
Festival 8-noyabr kuni ham davom etadi. Mehmonlarni yangi ilmiy tajribalar, ko‘rgazmalar va qiziqarli mashg‘ulotlar kutmoqda. Politexnika muzeyidagi asosiy maydonchaga kirish bepul.
Tadbir Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligi hamda MDU tomonidan Rossiya va O‘zbekiston Fanlar akademiyalari ko‘magida tashkil etilgan. Uning bosh hamkori — Alisher Usmonovning "San’at, fan va sport" xayriya jamg‘armasi. O‘zbekistondagi tashkiliy hamkor — Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi.
