"Zaifroqlari o‘lib ketadi": Kiyev yaqinida "Azov"* maxfiy qamoqxonasi topildi
13:25 03.11.2026 (yangilandi: 13:33 03.11.2026)

© Kadri iz sossetey
Obuna bo‘lish
Kiyev yaqinida "Azov"ga* tegishli binoda odamlar qiynoqqa solingani haqidagi xabarlar ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Ukraina harbiysi bunday qamoqxonalar mamlakat bo‘ylab tarqalganini aytdi.
TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Kiyev viloyatidagi Petropavlovskaya Borshagovka qishlog‘ida "Azov"* bo‘linmasiga tegishli binoda harbiy xizmatchilar qiynoqqa solingani, ayrimlari kaltaklab o‘ldirilgani haqidagi xabarlar katta janjalga sabab bo‘ldi. Bu haqda RIA Novosti Ukraina OAVlari va Oliy rada deputati Artom Dmitrukning bayonotlariga tayanib xabar berdi.
2 noyabr kuni xususiy uy yerto‘lasida 40 nafarga yaqin odam majburan ushlab turilgani, ular orasida og‘ir jarohatlanganlar borligi haqida xabarlar tarqaldi.
Voqea joyiga kelgan tibbiyot xodimlarini dastlab binoga kiritishmadi. Shifokorlar ichkaridagi ayrim kishilarning ahvoli og‘ir ekanini bildirishdi.
Bino oldiga harbiylarning qarindoshlari va mahalliy aholi to‘plandi. Odamlar "Sharmandalik!" deb baqirib, darvozani ochishni talab qildi. Noroziliklar politsiya va harbiylar bilan to‘qnashuvlarga aylandi. Ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llanildi, o‘q ovozlari eshitildi, xizmat avtomobillariga shikast yetkazildi.
Mahalliy ayollardan biri turmush o‘rtog‘i 37 kun davomida ushbu binoda saqlangani va uni ozod qilish uchun 100 ming grivna talab qilinganini da’vo qildi.
14 yoshli o‘smirni belkurak bilan urganlari aytilmoqda
Janjal avj olgan paytda bino hududida 14 yoshli o‘smir ham aniqlandi.
Ukrainaning "Zerkalo nedeli" nashri guvohlarga tayanib, o‘smir belkurak bilan kaltaklangani va uning ahvoli og‘ir ekanini xabar qildi.
Biroq o‘smirning bino hududiga qanday kirgani va aynan kim tomonidan jarohatlangani hozircha aniqlanmagan. Bolaning o‘zi u yerga boshqa yigitlar bilan kelganini aytgan.
Voqea joyiga yetib kelgan Vladimir Zelenskiy ofisi rahbari Kirill Budanov** o‘smir bilan suhbatlashib, uning qarindoshlari bilan bog‘landi.
"Zaifroqlari shunchaki o‘lib ketadi"
Ukrainani tark etgan Oliy rada deputati Artom Dmitrukning da’vo qilishicha, ushbu binoda so‘nggi bir oy ichida bir necha kishi kaltaklab o‘ldirilgan. Halok bo‘lganlar esa bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan.
"Odamlarni o‘g‘irlab ketishadi va qiynoqqa solishadi. Ayrimlarini harbiy qismlarga, boshqalarini qarindoshlariga sotishadi. Zaifroqlari esa qiynoqlar va saqlash sharoitlari tufayli shunchaki o‘lib ketadi", — deb yozdi Dmitruk ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Uning ta’kidlashicha, bunday amaliyot Ukrainadagi majburiy safarbarlik tizimi bilan bog‘liq. Deputatning o‘lim holatlari va odamlarni pul evaziga ozod qilish haqidagi ayblovlari hozircha mustaqil ravishda tasdiqlanmagan.
Ukrainada bunday "chuqurlar" qancha?
Ukrainaning "Strana.ua" nashri o‘zi ham shunday joylardan birida saqlanganini aytgan harbiy xizmatchi bilan suhbatlashdi.
Harbiyning so‘zlariga ko‘ra, armiyada bunday norasmiy qamoqxonalar "yama", ya’ni "chuqur" deb ataladi. Ular ayniqsa frontga yaqin shaharlarda keng tarqalgan.
U yerga nafaqat harbiy qismni o‘zboshimchalik bilan tark etganlar, balki spirtli ichimlik iste’mol qilganlar, buyruqni bajarishdan bosh tortganlar yoki komandirning g‘azabiga uchraganlar ham tushib qolishi mumkin.
Harbiyning ta’kidlashicha, bunday joylarda saqlanayotganlar huquqsiz holatga tushib qoladi, ular kaltaklanishi va tahqirlanishi mumkin.
Jismonan ishlashga qodir bo‘lganlar esa ko‘pincha jazo tariqasida frontning eng xavfli uchastkalariga yuboriladi. U yerda ular doimiy dron hujumlari ostida og‘ir vazifalarni bajaradi.
Harbiyning aytishicha, bunday jazo muddati avval 30 kun bo‘lgan, keyin 45 kungacha uzaytirilgan. Uning ta’kidlashicha, bu muddat oxirigacha hamma ham tirik qolmaydi.
Budanov**: bunday binolar ko‘p
Noroziliklar vaqtida namoyishchilardan biri Budanovdan** Ukrainada nima uchun odamlar saqlanadigan bunday binolar mavjudligini so‘radi.
"Chunki bunday binolar ko‘p", — deb javob berdi u.
Budanov** ushbu obyektlarning faoliyati va ularda sodir bo‘layotgan voqealarni tekshirishga va’da berdi. Biroq u barcha shunday binolarda qiynoqlar qo‘llanilishini tasdiqlamagan.
"Unda frontda kim jang qiladi?"
Ukraina Milliy gvardiyasi qo‘mondoni Aleksandr Pivnenko UNIAN agentligiga bergan intervyusida mazkur bino vaqtinchalik harbiy joylashuv punkti ekanini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, binoda 18 nafar safarbar etilgan harbiy va qismni o‘zboshimchalik bilan tark etgani uchun qaytarilgan to‘rt nafar xizmatchi bo‘lgan. Oxirgi to‘rt nafar jarohatlangan harbiy tibbiy muassasaga yuborilgan.
Pivnenko bunday harbiylarni qismlarga qaytarish zarurligini ta’kidladi.
"Agar safarbar etilganlar frontga bormasa, u yerda kim jang qiladi? Bir kishi to‘rt-besh yillab jang qilishi kerakmi? Bu ham mumkin emas", — dedi u.
Shu bilan birga, qo‘mondon harbiylarga nisbatan qiynoq qo‘llanilgani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Uning ta’kidlashicha, jarohatlar qanday paydo bo‘lganini xizmat tekshiruvi aniqlaydi.
Ukraina harbiy ombudsmani Olga Reshetilova voqea yuzasidan tekshiruv tayinlanganini ma’lum qildi.
*"Azov" — Rossiyada terrorchilik tashkiloti deb topilgan va faoliyati taqiqlangan tuzilma.
**Kirill Budanov Rossiya Federatsiyasida terrorchilar va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritilgan.
