O‘zbekiston atom energetikasining kelajagiga tayyorgarlik: MAGATE bilan tajriba va hamkorlik
12:11 29.10.2026 (yangilandi: 14:06 29.10.2026)

© Sputnik
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Toshkentdagi xalqaro yig‘ilishda reaktorlarni demontaj qilish, radioaktiv chiqindilar va sohada kadrlar tayyorlash muhokama qilindi.
TOShKENT, 29 okt — Sputnik. Toshkentda yadro reaktorlarini foydalanishdan chiqarishga bag‘ishlangan MAGATE xalqaro yig‘ilishi o‘tmoqda. Tadbir doirasida agentlik eksperti Vladimir Mixal Sputnik O‘zbekiston muxbiriga bergan intervyusida bo‘lajak AESda hosil bo‘ladigan radioaktiv chiqindilar bilan ishlashga qanday tayyorgarlik ko‘rish zarurligini tushuntirdi.
“Kelajakda qancha radioaktiv chiqindilar hosil bo‘lishini oldindan aniqlab olish muhim. Bu tegishli texnologiyalarni rivojlantirish, saqlash omborlarini kengaytirish va bunday ishlarni moliyalashtirishni ko‘zda tutish uchun zarur”, — dedi Mixal.
Uning ta’kidlashicha, bunday yondashuv zarur infratuzilma va resurslarni o‘z vaqtida tayyorlash, yadroviy loyihalarni ishlab chiqish bosqichidayoq xavfsizlik masalalarini hisobga olish imkonini beradi.
Toshkentda xalqaro tajriba muhokama qilinmoqda
MAGATE 26–30 oktabr kunlari Toshkentda eski yadro reaktorlarini foydalanishdan chiqarish bo‘yicha tadqiqotlarga bag‘ishlangan uchinchi xalqaro muvofiqlashtirish yig‘ilishini o‘tkazmoqda.
Unda o‘nta davlat, jumladan, AQSh, Xitoy, Qozog‘iston, Eron, Misr va Indoneziya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Ishtirokchilar yadroviy qurilmalarni demontaj qilish texnologiyalari, radioaktiv chiqindilar bilan ishlash, uskuna va materiallarning radiatsiyaviy holatini baholash hamda bunday ishlarning xavfsizligini oshirish usullarini muhokama qilmoqda.
Yig‘ilishning aynan Toshkentda tashkil etilishi O‘zbekistonning bu sohadagi amaliy tajribasi bilan ham bog‘liq.
O‘zbekistonning reaktorni demontaj qilish tajribasi
Mamlakatda 2019-yilda “Foton” AJga qarashli IIN-3M tadqiqot reaktorini foydalanishdan chiqarish va demontaj qilish ishlari yakunlangan. Loyiha O‘zbekiston Yadro fizikasi instituti va Rossiyaning “Sosni” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi ishtirokida, MAGATEning texnik va maslahat ko‘magida amalga oshirilgan.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktorining innovatsiyalar va xalqaro aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari, texnika fanlari doktori Faxrulla Kungurovning aytishicha, mazkur reaktor ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, radioelektron qismlarning neytron va gamma-nurlanish ta’siriga chidamliligini sinash uchun ishlatilgan.
MAGATE Yadro energiyasi departamentining yadroviy obyektlarni foydalanishdan chiqarish bo‘yicha guruhi rahbari Vladimir Mixal ham ushbu xalqaro loyihada ishtirok etgan.
“Bu juda muvaffaqiyatli loyiha bo‘ldi. Shuningdek, biz dastlabki taxminlarga to‘liq mos kelmaydigan qiziqarli fizik jarayonlarni ham aniqladik. Bu tajribani boshqa mamlakatlardagi mutaxassislarga ham yetkazish zarur”, — dedi Mixal.
Uning fikricha, O‘zbekistonda orttirilgan tajriba shunga o‘xshash tadqiqot reaktorlaridan foydalanayotgan boshqa davlatlar uchun ham foydali bo‘lishi mumkin.
Atom energetikasi uchun mutaxassislar qanday tayyorlanmoqda?
Kungurovning so‘zlariga ko‘ra, yadro obyektlarining butun xizmat muddati davomida xavfsizlikni ta’minlay oladigan mutaxassislarni tayyorlash xalqaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Hozirda Yadro fizikasi institutidagi VVR-SM tadqiqot reaktori 60-yildan ortiq vaqtdan beri ishlatib kelinmoqda. Uni yaqin vaqtda foydalanishdan chiqarish rejalashtirilmayotgan bo‘lsa-da, mutaxassislar bu jarayonning xalqaro tajribasini oldindan o‘rganmoqda.
“Qurilajak atom elektr stansiyasi besh yildan keyin foydalanishdan chiqarilmaydi — uning xizmat muddati 60–100 yilni tashkil etishi mumkin. Biroq mutaxassislar bu jarayonni qanday tashkil etish, qanday texnologiyalarni qo‘llash va xavfsizlikni qanday ta’minlash kerakligini oldindan tushunishlari lozim”, — deya tushuntirdi Kungurov.
O‘zbekistonlik mutaxassislar MAGATEning ixtisoslashtirilgan maktablari, seminarlari va xalqaro yig‘ilishlarida ishtirok etmoqda. Olingan bilim va tajribani kelgusida yosh olimlar hamda sohadagi boshqa mutaxassislarga yetkazish rejalashtirilgan.
“Tadbirlarimiz bunday vazifalarga duch kelayotgan barcha mamlakatlar uchun ochiq. O‘zbekiston ham shular jumlasidan. Agar mamlakatdan tegishli takliflar kelib tushsa, biz ularni albatta jiddiy ko‘rib chiqamiz”, — dedi MAGATE vakili.
Mixal agentlik ekspertlari va O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish muhimligini ham ta’kidladi. Bu yangi loyihalar haqida ma’lumot olish, amaliy tajriba almashish va xalqaro mutaxassislardan maslahat olish imkonini beradi.
Yadro xavfsizligi va kelgusidagi vazifalar
Toshkentdagi xalqaro yig‘ilishda “O‘zatom”, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda sohani tartibga soluvchi organlar vakillari ham ishtirok etmoqda.
Kungurovning ta’kidlashicha, bunday uchrashuvlar atom energetikasini rivojlantirish bilan bog‘liq vazifalarga tayyorgarlik ko‘rishda muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekistonning MAGATE bilan hamkorligi yadro obyektlari xavfsizligini ta’minlash, radioaktiv chiqindilar bilan ishlash, atom energetikasi va yadro tibbiyotini rivojlantirish, shuningdek, qonunchilikni takomillashtirish yo‘nalishlarini ham qamrab oladi.
Alohida e’tibor yadro obyektlarining jismoniy himoyasiga qaratilmoqda. Bu qo‘riqlanadigan hududlar, muhandislik to‘siqlari va boshqa xavfsizlik choralarini nazarda tutadi.
Ularni obyektlarni loyihalashtirish, qurish va foydalanish jarayonlarida hisobga olish zarur.
Mutaxassislarning fikricha, radioaktiv chiqindilar bilan ishlash, ularni xavfsiz saqlash va yadro obyektlarini kelgusida foydalanishdan chiqarish masalalari atom energetikasi loyihalarining dastlabki bosqichlaridanoq rejalashtirilishi lozim.
