O‘zbekiston va Rossiya Uzoq Sharqida qo‘shma logistika markazlari tashkil etilishi mumkin

© Sputnik / Vitaliy Ankov / Mediabankka o‘tishGoroda Rossii. Vladivostok
Goroda Rossii. Vladivostok - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.10.2026
Obuna bo‘lish
Toshkent viloyati va Primoryeda logistika markazlari tashkil etish, meva-sabzavot va dengiz mahsulotlari savdosini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
TOShKENT, 25-oktabr — Sputnik. O‘zbekistonning Toshkent viloyati va Rossiyaning Primorye o‘lkasida o‘zaro bog‘langan logistika hamda ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish taklif qilindi.
Tashabbus Vladivostokda o‘tkazilgan "Markaziy Osiyo — Tinch okeani: o‘zaro bog‘liqlikning yangi bosqichi?" mavzusidagi davra suhbatida O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov tomonidan ilgari surildi.
Taklifga ko‘ra, Qozog‘iston tranzit hamkor sifatida ishtirok etishi, logistika markazlari esa muntazam konteyner tashuvlari orqali o‘zaro bog‘lanishi mumkin.
Bunda FESCO transport kompaniyasining imkoniyatlaridan foydalanish, tashish jarayonlarini raqamlashtirish hamda O‘zbekistonning E-logistika tizimini integratsiya qilish ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekistondan meva, Uzoq Sharqdan baliq
Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi — agrosanoat mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish.
Xususan, Yevroosiyo agroekspressi tashabbusini rivojlantirish orqali O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan Rossiya Uzoq Sharqiga meva-sabzavotlar, quruq mevalar va qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Qaytish yo‘nalishida esa baliq va boshqa dengiz mahsulotlarini tashish taklif qilingan.
Bunday tashuvlarni tashkil etish uchun muzlatkichli omborlar, zamonaviy logistika infratuzilmasi va muvofiqlashtirilgan nazorat tartiblari zarur bo‘ladi.
Toshkentni Vladivostok bilan bog‘lovchi yo‘nalish mavjud
FESCO kompaniyasining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Osiyo mamlakatlaridan O‘zbekistonga Vladivostok orqali yuk tashish xizmati mavjud.
Jumladan, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Vyetnam va boshqa davlatlardan yuklar dengiz orqali Vladivostokka, keyin temir yo‘l bilan Toshkentga yetkaziladi.
Yangi takliflar ushbu transport imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish, ikki yo‘nalishda barqaror yuk oqimlarini shakllantirish va logistik xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan.
Hamkorlik faqat transport bilan cheklanmaydi
Akramjon Ne’matov sanoat, energetika, ilm-fan va ta’lim sohalarida ham qo‘shma loyihalarni rivojlantirish imkoniyatlarini qayd etdi.
Jumladan, muhim va noyob yer metallarini chuqur qayta ishlash, yangi materiallar yaratish, energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatilgan.
Bu borada Uzoq Sharq federal universiteti hamda Markaziy Osiyo oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikdan foydalanish mumkin.
Mazkur tashabbuslarni amalga oshirish uchun muayan asos ham mavjud. 2024-yil dekabrida Rossiya Uzoq Sharqi va O‘zbekiston o‘rtasida 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi imzolangan.
Endilikda ushbu reja doirasida amaliy pilot loyihalar portfelini shakllantirish taklif etilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev na sammite ShOS v Bishkeke - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.09.2026
ShHT—2040 konsepsiyasi: Shavkat Mirziyoyev qator tashabbuslarni ilgari surdi
Yangiliklar lentasi
0