ShHT—2040 konsepsiyasi: Shavkat Mirziyoyev qator tashabbuslarni ilgari surdi
14:23 01.09.2026 (yangilandi: 17:53 01.09.2026)

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
ShHT Taraqqiyot bankini ishga tushirish, iqlim o‘zgarishiga oid dasturlarni ishlab chiqish va Afg‘oniston bilan muloqotni qayta tiklash — prezident e’tibor qaratgan asosiy mavzular.
TOShKENT, 1 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkekdagi ShHT Davlat rahbarlari sammitida bir qator tashabbuslarni ilgani surdi.
Prezident a’zo davlatlar salohiyatlarini birlashtirish va birgalikda uzoq muddatli istiqbolda rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratish zarurligini ta’kidladi.
“ShHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqish
Uning asosiy maqsadi — investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashiniladigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar kengayib boradigan o‘zaro bog‘liq va barqaror makonni shakllantirishdan iborat bo‘lishi lozim, — dedi Mirziyoyev
Ko‘p tomonlama qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirish
Shu maqsadda maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistikani birlashtiradigan ShHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqishni taklif etamiz. Natijada biznes, investorlar va davlat tuzilmalari uchun amalda universal raqamli darcha paydo bo‘ladi.
ShHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirish
Ushbu institut faoliyati umummintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan, hayotga tatbiq etish uchun tayyor investitsiya takliflariga tayanishi lozim. Hukumat rahbarlari kengashi transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma sohalaridagi ustuvor loyihalar portfelini tanlashni boshlashi kerak, dedi davlat rahbari.
SI sohasida butunjahon tashkilotini tashkil etish
Shavkat Mirziyoyev XXR raisi Si Szinpinning Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha butunjahon tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini oliqishladi va sohada sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida ShHTning ochiq ko‘p tilli ma’lumotlar korpusini shakllantirishni taklif qildi.
ShHTning iqlim o‘zgarishiga oid dasturlarini ishlab chiqish
Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf-xatarlar oziq-ovqat, suv va energetik xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatayotgani munosabati bilan ShHTning kompleks dasturlarni, texnologiyalar va ilg‘or bilimlar almashinuvini muvofiqlashtiradigan ixtisoslashgan mexanizmini tashkil etishni taklif etamiz.
2035 yilga qadar suv va energetika samaradorligi sohasida ShHTning texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish bu yo‘nalishdagi qadamlardan biri bo‘lishi mumkin.
Xalqaro transport yo‘laklari sohasida hamkorlik
ShHTga a’zo davlatlarning temir yo‘l makonlari integratsiyasi bo‘yicha kengash ta’sis etishni maqsadga muvofiq deb hisoblayman. Logistika infratuzilmasini rivojlantirishni muvofiqlashtirish va milliy transport tizimlarining choksiz o‘zaro bog‘lanishini ta’minlashni uning ustuvor vazifasi sifatida ko‘ramiz.
Afg‘oniston bilan muloqotni qayta tiklash
Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash mintaqamiz xavfsizligi va taraqqiyoti uchun fundamental ahamiyatga ega. Barchamizga yaratuvchan mintaqaviy jarayonlarga integratsiyalashgan, farovon qo‘shni mamlakat kerak.
Xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qilish uchun ShHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti keldi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Yaqin Sharq mintaqasida muloqotni qayta tiklash va keskinlikni yumshatishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidladi.
Undan tashqari, O‘zbekiston prezidenti, Qirg‘izistonning ShHTga raislik davrida erishilgan samarali natijalarni yuksak baholab, majlis kun tartibi va qarorlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
