Kurort, Nestle uchun mahsulot, chiqindidan elektr: Qashqadaryoda $6 milliardlik loyihalar

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Qashqadaryoda 6 mlrd dollardan ortiq 161 loyiha taqdim etildi. Ular orasida Rossiya ishtirokidagi 300 mln dollarlik tog‘-chang‘i kurorti ham bor.
TOShKENT, 21 okt — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida umumiy qiymati 6 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan 161 ta loyihani ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, 69 ta loyihani ishga tushirdi va yana 92 tasining qurilishiga start berdi.
Yirik loyihalardan biri Shahrisabz tumanida rossiyalik investorlar bilan amalga oshiriladi. Umumiy qiymati 300 mln dollarlik majmua dor yo‘li, mehmonxona va tog‘-chang‘i kurortini o‘z ichiga oladi.
Boshqa yirik loyihalar:
Sanoat: 7 mingga yaqin doimiy ish o‘rni yaratiladigan 28 ta korxona ishga tushirilmoqda. Italiyaning Cotonella brendi yiliga 8,5 mln dona tayyor trikotaj mahsuloti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda.
To‘qimachilik: Koson, Mirishkor va Kasbi tumanlarida yana 14 ta loyiha boshlanmoqda. Ular hisobidan 18 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Oziq-ovqat sanoati: AQShlik hamkorlar ishtirokidagi Wosune Food Ingredients Karshi korxonasi 3,5 ming gektarda yetishtiriladigan 100 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlaydi. Nestle va Purina kabi xalqaro brendlar uchun 40 mln dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
Qishloq xo‘jaligi: Misr va Pokiston investorlari Nishon va G‘uzor tumanlarida 24 ming gektar yerni o‘zlashtirib, kartoshkachilik va chorvachilik loyihalarini boshlamoqda.
Gidroenergetika: Oqsuv darosida umumiy quvvati 24 MVt bo‘lgan uchta GES ishga tushirildi. Kitob, Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlarida esa jami 58 MVt quvvatga ega to‘qqizta mikroGES quriladi.
Chiqindidan elektr energiyasi: Qarshi tumanida Xitoyning Shanghai SUS kompaniyasi ishtirokida 150 mln dollarlik zavod yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Tog‘-kon sanoati: Kitob tumanida Ozarbayjon bilan hamkorlikda oltin qazib olish loyihasi boshlanmoqda.
