Sentabrda inflyatsiya 0,7 foizni tashkil etdi

Obuna bo‘lish
Benzin 1,2 foizga, propan 4,2 foizga qimmatlashdi, ayrim mevalar esa arzonlashdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil sentabrida O‘zbekistonda iste’mol narxlari avgustga nisbatan 0,7 foizga oshdi. Yil boshidan buyon narxlar 4,2 foizga o‘sdi.
Yillik inflyatsiya 6,4 foizni tashkil etdi.
Sentabrda oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 1 foizga qimmatlashdi Nooziq-ovqat tovarlari 0,3 foizga, aholiga ko‘rsatiladigan pulli xizmatlar esa 0,9 foizga ko‘tarildi.
Oy davomida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida tuxum eng ko‘p - 5,3 foizga (yil davomida 11,4 foizga) qimmatlashdi. Suyakli mol go‘shti bir oyda 1,7 foizga (yil davomida 16,2 foizga), suyaksiz mol go‘shti 1,1 foizga (17,9 foizga), qo‘y go‘shti 1,3 foizga (19,8 foizga) qimmatlashdi. Tovuq go‘shti 1,2 foizga, grechixa 1,1 foizga, guruch 1,0 foizga, sut va sariyog‘ 0,8 foizga qimmatlashdi. Shakar bir oyda 0,9 foizga arzonlashdi.
Qo‘mitaning ta’kidlashicha, meva-sabzavot mahsulotlari narxlari o‘zgarishiga mavsumiy omil ta’sir ko‘rsatgan. Sitrus mevalar bir oyda 12,0 foizga, uzum 5,7 foizga, olma 2,4 foizga, banan 1,7 foizga arzonlashdi.
Shu bilan birga, pomidor 14,2 foizga (yil davomida 54,9 foizga), bodring 13,5 foizga, sabzi 12,4 foizga, bulg‘or qalampiri 4,9 foizga, baqlajon 4,7 foizga, piyoz 2,6 foizga qimmatlashgan.
Benzin bir oyda o‘rtacha 1,2 foizga, bir yilda esa 20,1 foizga qimmatlashdi. Propan bir oyda 4,2 foizga (yil davomida 48,9 foizga) qimmatlashgan, litri narxi esa 10 000 so‘mgacha yetgan. Metan narxi bir oy ichida o‘zgarmadi (yil davomida 10,1 foizga oshdi).
Yangiliklar lentasi
0