Budapesht uchun revansh: Sindarov, Abdusattorov va Yoqubboyev Xitoy jamoasi bilan o‘yin haqida

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Xitoyni mag‘lub etib, yetti turdan so‘ng yettita g‘alaba bilan peshqadamlikni mustahkamladi.
TOShKENT, 24 sen — Sputnik. O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida yetti turdan so‘ng yuz foizlik natijani saqlab qolmoqda. Shaxmatchilar yettinchi turda Xitoy jamoasini mag‘lub etib, ketma-ket yettinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Bu bahs o‘zbekistonlik shaxmatchilar uchun alohida ahamiyatga ega edi. 2024-yilda Budapeshtda o‘tgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston Xitoyga 1,5:2,5 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.
Xitoyga qarshi uchrashuvda Muhiddin Madaminov va Javohir Sindarov durang qayd etdi, Nodirbek Abdusattorov hamda Nodirbek Yoqubboyev esa o‘z partiyalarida g‘alaba qozondi.
19 yoshli Madaminov qora donalarda Suy Sanyuyga qarshi o‘ynab, murakkab vaziyatda durangga erishdi.
"O‘yin boshida juda hayajonlandim. Raqibim tayyorgarlikda ustunlikka ega edi va vaqti ham ko‘proq edi. Lekin o‘zimni qo‘lga olib, oxirigacha kurashdim. Qora donalardagi durangni yaxshi natija deb hisoblayman", — dedi u.
Nodirbek Abdusattorov jamoa Xitoyga qarshi bahsda bir-birini qo‘llab-quvvatlab o‘ynaganini ta’kidladi.
"Biz hammaga jamoa bo‘lib o‘ynayotganimizni ko‘rsatdik. Muhiddin juda yaxshi o‘ynadi. Javohirning pozitsiyasi ham yaxshi edi, lekin u jamoa g‘alaba qilayotganini ko‘rib, ortiqcha tavakkal qilmadi", — dedi Abdusattorov.
Uning o‘zi birinchi taxtada sobiq jahon chempioni Din Lijenni mag‘lub etdi. Abdusattorov Budapeshtda ham aynan shu raqibga qarshi o‘ynagan, ammo o‘sha partiyada imkoniyatni boy bergan edi.
"Budapeshtda u menga deyarli hech qanday imkoniyat qoldirmagandi. Bu safar debutga ham, ruhiy jihatdan ham yaxshi tayyorlandim. Uning xatosidan foydalanib, g‘alaba qozondim", — dedi shaxmatchi.
Jamoa a’zolarining aytishicha, Xitoyga qarshi bahs oldidan Hindiston ustidan qozonilgan g‘alaba ham ularga qo‘shimcha ishonch bergan.
Abdusattorov Hindistonni O‘zbekistonning asosiy raqiblaridan biri deb atadi.
"2022 yildan beri ular bilan bir necha bor durang o‘ynadik. Bu safar g‘alaba qozondik. Umid qilamanki, peshqadamlikni oxirigacha saqlab, birinchi o‘rinni egallaymiz", — dedi u.
Nodirbek Yoqubboyev esa oldinda hali kuchli raqiblar borligini ta’kidladi.
"Armaniston, AQSh, Germaniya — barchasi kuchli jamoalar. Ularni ham yengishga harakat qilamiz", — dedi shaxmatchi.
Javohir Sindarovning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z partiyasida jamoadoshlarining pozitsiyalarini hisobga olgan holda durangga rozi bo‘lgan.
"Ikkala Nodirbekning ham vaziyati yaxshi ekanini ko‘rdim. Jamoaviy natija muhim edi. Hozircha hammasi rejamiz bo‘yicha ketapti", — dedi Sindarov.
O‘zbekiston terma jamoasi yetti turdan keyin yettita g‘alaba bilan musobaqada peshqadamlik qilmoqda. Oldinda yana to‘rtta tur bor.
Men tuzoq qo‘ydim va u unga tushdi — Nodirbek Yakubboyev Hindiston ustidan g‘alaba haqida - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 22.09.2026
"Men tuzoq qo‘ydim va u unga tushdi": kun qahramoni Yoqubboyev Hindiston ustidan g‘alaba haqida
Yangiliklar lentasi
0