"Men tuzoq qo‘ydim va u unga tushdi": kun qahramoni Yoqubboyev Hindiston ustidan g‘alaba haqida
13:28 22.09.2026 (yangilandi: 16:56 22.09.2026)
© Sputnik
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Hindistonga qarshi hal qiluvchi partiyada g‘alaba qozongan Nodirbek Yoqubboyev qo‘ygan tuzog‘i, Nihal Sarinning xatosi va terma jamoaning chempionlik imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi.
TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Samarqanddagi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston asosiy terma jamoasi safida ishtirok etayotgan 24 yoshli grossmeyster Nodirbek Yoqubboyev amaldagi chempion Hindistonga qarshi uchrashuv qahramoniga aylandi. U deyarli boy berilgan partiyani g‘alabaga aylantirib, O‘zbekistonga prinsipial raqib ustidan 2,5:1,5 hisobidagi g‘alabani keltirdi.
Bu Yoqubboyevning Olimpiadada jamoa taqdirini hal qilgan birinchi partiyasi emas. To‘rtinchi turda Turkiyaga qarshi uchrashuvda ham aynan uning g‘alabasi O‘zbekistonga hal qiluvchi ochkoni keltirgan edi. Olti tur davomida Yoqubboyev to‘rtta g‘alaba va bitta durang qayd etdi, bir turda dam oldi.
Hindistonga qarshi uchrashuvda dastlabki uch partiya durang bilan yakunlandi.
Birinchi taxtada Nodirbek Abdusattorov Pragnanandxa Rameshbabu bilan, ikkinchi taxtada Javohir Sindarov Arjun Erigaysi bilan, to‘rtinchi taxtada esa Shamsiddin Vohidov amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan ochko bo‘lishdi.
Shu tariqa, Nodirbek Yoqubboyev va Nihal Sarin o‘rtasidagi partiya butun uchrashuv taqdirini hal qildi. Bahs qariyb 4,5 soat davom etdi. Sarin Hindistonning eng kuchli shaxmatchilaridan biri bo‘lib, grossmeyster unvonini 14 yoshida qo‘lga kiritgan.
Partiyaning katta qismi Yoqubboyev uchun og‘ir kechdi. Hindistonlik shaxmatchi pozitsion ustunlikka ega edi, qolaversa, vaqt bo‘yicha ham katta farq yuzaga kelgan: bir payt Sarinda qariyb 26 daqiqa, Yoqubboyevda esa uch daqiqa atrofida vaqt qolgan edi.
Nodirbekning aytishicha, raqibi aynan vaqt tanqisligidan foydalanib, unga bosim o‘tkazishga harakat qilgan.
"Vaqtdan bosim o‘tkazishga harakat qildi. 40-yurishga yaqin unda ancha ustunlik bor edi, lekin bir yurishda hammasini yo‘qqa chiqardi. Tuzoq qo‘ygan edim, tuzoqqa tushdi. O‘sha qo‘pol xatodan keyin menda yutuq paydo bo‘ldi va uni qo‘ldan chiqarmadim", — dedi Yoqubboyev.
Hal qiluvchi vaziyat Sarin otini F5 katagiga yurganidan keyin yuzaga keldi. Raqibning xatosini payqagan Yoqubboyev hissiyotlarini yashira olmadi — bu holat translyatsiya kameralariga ham tushdi.
"Juda xursand bo‘ldim, shuning uchun hissiyotlarga berildim. Hindiston bilan bu o‘yin biz uchun juda muhim edi. Ular eng yaqin raqiblarimizdan biri. G‘alaba qozonganimizdan va yakka peshqadamga aylanganimizdan xursandman", — dedi grossmeyster.
Partiya davomida kameralar Javohir Sindarovning Yoqubboyevga nimadir deganini ham qayd etdi. Nodirbekning aytishicha, jamoadoshi undan xavotir olmaslikni so‘ragan va hammasi yaxshi bo‘lishini aytgan.
Yoqubboyev Hindistonga qarshi uchrashuv oldidan g‘alabani kafolatlangan natija sifatida qabul qilish mumkin bo‘lmaganini ta’kidladi. Biroq O‘zbekiston shaxmatchilari har bir taxtada o‘z imkoniyatlaridan foydalansa, amaldagi chempionni mag‘lub etish mumkinligiga ishongan.
"Biz g‘alaba qozonishimiz mumkinligiga ishonardik. Yigitlar barcha taxtalarda yaxshi o‘ynashdi. Menda vaziyat yomonroq edi, lekin omadim keldi va g‘alaba qozondim", — dedi u.
Nihal Sarin ustidan g‘alaba Yoqubboyev uchun shaxsiy jihatdan ham ahamiyatli bo‘ldi. Uning aytishicha, hindistonlik grossmeyster avvaldan o‘zi uchun noqulay raqiblardan biri bo‘lgan.
"Nihal Sarin men uchun juda noqulay raqib. Onlayn musobaqalarda unga ancha ko‘p yutqazganman. Lekin bu safar onlayn yoki tezkor shaxmatni umuman o‘ylamadim, hammasini chetga surib, shunchaki yaxshi shaxmat o‘ynashga harakat qildim. Shuning uchun aynan Nihal Sarinni yutganim o‘zim uchun ham alohida quvonch bo‘ldi", — dedi Yoqubboyev.
O‘zbekistonning Hindistonga qarshi natijasi alohida ahamiyatga ega. Hindiston 2024-yilgi Olimpiadaning amaldagi chempioni hisoblanadi. Samarqanddagi g‘alabadan keyin O‘zbekiston olti turda maksimal 12 ochko to‘plab, musobaqada yakka peshqadamga aylandi.
Shunga qaramay, Yoqubboyev Hindiston ustidan g‘alabani chempionlik uchun hal qiluvchi natija deb hisoblashga shoshilmayapti.
"Hali oldinda Xitoy bor. Germaniya, Amerika ham raqiblarini yutib bizgacha yetib kelsa, qiyin bahslar bo‘ladi. Bo‘shashishimiz kerak emas. Hozir bir kun dam olib, keyingi o‘yinga yaxshilab tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak", — dedi shaxmatchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Olimpiadaning O‘zbekistonda o‘tayotgani ham jamoaga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. O‘z yurtida o‘ynaganda muxlislar sendan va butun jamoadan g‘alaba kutayotganini his qilish oson emas.
Amaldagi chempion ustidan qozonilgan muhim g‘alabadan keyin ham Yoqubboyev asosiy e’tiborni oldindagi partiyalarga qaratish kerakligini ta’kidladi.
"Men shunchaki xursandman. Lekin bo‘shashmaslik kerak. Keyingi o‘yinlar yanada muhimroq bo‘ladi. Agar yaxshi formada bo‘lsak va yaxshi o‘ynasak, chempionlik uchun katta imkoniyatlarimiz bor", — dedi u.
Olti turdan keyin O‘zbekiston terma jamoasi 12 ochko bilan turnir jadvalida yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Yettinchi turda o‘zbekistonlik shaxmatchilar asosiy ta’qibchilardan biri — 11 ochko jamg‘argan Xitoy terma jamoasi bilan uchrashadi. Shu bois Hindiston ustidan g‘alabadan keyingi navbatdagi bahs ham O‘zbekistonning chempionlik uchun kurashida muhim sinovlardan biri bo‘ladi.
