Pensiya yoshi 63 yoshgacha, minimal staj 15-yilgacha oshirilishi mumkin — qonun loyihasi

© Sputnik
Obuna bo‘lish
Pensiya yoshini bosqichma-bosqich 63 yoshgacha oshirish, minimal stajni 15-yilga yetkazish va pensiya hisoblash tartibini o‘zgartirish taklif etilmoqda.
TOShKENT, 15 sen — Sputnik. O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Taklif etilayotgan asosiy o‘zgarishlar:
pensiya yoshi har yili 3 oydan bosqichma-bosqich oshiriladi. Natijada erkaklar uchun pensiya yoshi 60 dan 63 yoshga, ayollar uchun 55 dan 63 yoshgacha yetkazilishi mumkin;
yoshga doir pensiya tayinlash uchun talab qilinadigan eng kam ish staji hozirgi 7-yildan har yili bir yildan oshirilib, 2034-yilda 15-yilga yetkaziladi;
zarur minimal stajni to‘play olmagan fuqarolarning yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlanadi. Ular umumiy belgilangan pensiya yoshiga yetganidan besh yil o‘tib nafaqa olishi mumkin bo‘ladi;
pensiya uchun o‘rtacha ish haqini hisoblashda hozirgi oxirgi 10-yil ichidagi ketma-ket 5-yillik ish haqini olish tartibi bosqichma-bosqich o‘zgaradi. Hisoblash davri har yili bir yildan uzaytirilib, 20-yilga yetkaziladi;
bunda fuqaroning eng past daromad olgan davrining 10 foizi pensiya hisob-kitobidan chiqarib tashlanadi. Bu past maosh olingan ayrim davrlarning pensiya miqdoriga salbiy ta’sirini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin;
pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini ham oshirish taklif qilinmoqda;
pensiyaga chiqishni kechiktirgan fuqarolar uchun yuqoriroq hisoblash ko‘rsatkichlarini qo‘llash nazarda tutilmoqda.
O‘zini o‘zi band qilganlar uchun nima o‘zgaradi?
Loyihaga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ijtimoiy soliqni qat’iy belgilangan tartibda to‘lovchilar toifasiga o‘tkazish taklif qilinmoqda. Ularga ijtimoiy soliqni yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.
To‘langan ijtimoiy soliqning 10 foizi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Buning hisobiga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini davlat ijtimoiy sug‘urtasi hisobidan to‘lash nazarda tutilmoqda.
Hozir o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar davlat ijtimoiy sug‘urta tizimida ixtiyoriy asosda ishtirok etishi mumkin.
Loyiha hozircha jamoatchilik muhokamasi bosqichida. Undagi normalar yakuniy qaror qabul qilinishiga qadar o‘zgarishi mumkin.
