O‘zbekistonda 440 mln so‘mgacha nizosiz talablar notarius orqali hal etiladi

© Sputnik / Maksim Blinov / Mediabankka o‘tishNotarius
Notarius - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.09.2026
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda 1000 BHMgacha bo‘lgan ayrim nizosiz talablarni sudga bormasdan notarius orqali rasmiylashtirish imkoni yaratiladi.
TOShKENT, 10 sen — Sputnik. Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida sudlarda ish hajmini kamaytirish va notariat xizmatlarini raqamlashtirishga qaratilgan qonun ma’qullandi.
Senat ma’lumotiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun Fuqarolik protsessual hamda Iqtisodiy protsessual kodekslarga, shuningdek, notariat sohasiga oid qator normalarni takomillashtiradi.
Hujjat bilan hozir sud buyrug‘i chiqariladigan ayrim nizosiz talablarni notarius orqali hal qilish imkoniyati kengaytiriladi.

Xususan, belgilangan talablarga javob beradigan, miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravari (hozirda 440 mln so‘m)gacha bo‘lgan nizosiz talablar notarius vakolati doirasiga o‘tkaziladi.

Bu orqali fuqarolar va tadbirkorlar ayrim holatlarda sudga murojaat qilmasdan, notariusning ijro xati asosida undiruvni amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslarda sud buyrug‘i chiqariladigan talablar soni qisqartiriladi.
Notariat tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish kengaytiriladi. Notariuslar QR-kod bilan tasdiqlangan ijro xatlarini ijro organlariga elektron shaklda bevosita yuborishi mumkin bo‘ladi. Notarial harakatlar uchun undiriladigan to‘lovlar tizimini ham maqbullashtirish nazarda tutilgan.
Qonun, shuningdek, qonuniy kuchga kirgan sud hujjati yuqori instansiyada qayta ko‘rib chiqilayotganda uning ijrosini to‘xtatib turish mexanizmini aniqlashtiradi.
Yangiliklar sudlarda ortiqcha ish yuki va fuqarolar hamda biznesning ovoragarchiligini kamaytirishga qaratilgan.
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 14.08.2026
Mirziyoyev “Odil sudlov – 2030” strategiyasi loyihasini ma’qulladi
Yangiliklar lentasi
0