Mirziyoyev “Odil sudlov – 2030” strategiyasi loyihasini ma’qulladi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 14.08.2026
Obuna bo‘lish
Barcha sudlarda axborot olish, murojaat topshirish va raqamli xizmatlardan foydalanish “yagona darcha” tamoyili asosida ta’minlanadi.
TOShKENT, 14 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga sudlar faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirishga qaratilgan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi loyihasi taqdimot qilindi.
Ta’kidlanishicha, “Odil sudlov – 2030” strategiyasi aholining takliflari, olimlar, amaliyotchi yuristlar va advokatlar bilan muloqotlar, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan.
Strategiyada 57 ta vazifa, uni amalga oshirish bo‘yicha 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturida 160 ta aniq chora-tadbir hamda 2030-yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta maqsad belgilangan.
Jumladan, quyi sudlar qarorlarini qayta ko‘rib chiqish xolisligini oshirish maqsadida 2027-yil 1-iyuldan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi.
Viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlanib, taftish instansiyasining vakolatlari hududlararo sudlarga beriladi. Bu bir sudning o‘z qarorini o‘zi qayta ko‘rib chiqishi amaliyotiga chek qo‘yadi va fuqarolarning adolat izlab poytaxtga borish zaruratini kamaytiradi.
2030 yilga qadar zaruratga qarab qariyb barcha tuman va shaharlarda fuqarolik sudlarining faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Barcha sudlarda axborot olish, murojaat topshirish va raqamli xizmatlardan foydalanish “yagona darcha” tamoyili asosida ta’minlanadi.
Sudga berilgan ariza boshqa sudga tegishli bo‘lsa, u fuqaroga qaytarilmaydi, sudning o‘zi uni tegishli sudga yuboradi. Arizada juz’iy kamchilik aniqlangan taqdirda sud uni bartaraf etishda fuqaroga faol ko‘maklashadi.
Iqtisodiy nizolarni tezkor hal etish uchun “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” standarti joriy etiladi. Bu tadbirkorlarning idorama-idora sarson bo‘lishi va hujjatlarni qayta-qayta topshirishiga chek qo‘yadi.
Inson erki – oliy qadriyat ekanligidan kelib chiqib, tergov, surishtiruv bosqichida inson huquqlari kafolatlarini kuchaytirish uchun “asosli gumon” (prima facie) standarti joriy etiladi.
Tergov sudyasi sanksiya berish masalasini ko‘rib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi, gumon yoki ayblov uchun asoslar yetarliligini tekshirish va zarur qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa shaxsning erkinligi asossiz cheklanishining oldini oladi.
Yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida Oliy sud Rayosati qarorlarini qamrab oladigan ochiq “Pretsedentlar reyestri” yuritiladi.
Sudyalarni odil sudlovga daxldor bo‘lmagan tashkiliy vazifalardan ozod etish uchun 2028-yildan “sud ma’murchiligi” instituti joriy etiladi.
“Raqamli sud” konsepsiyasi barcha sudlarda to‘laqonli ishga tushirilib, my.sud.uz portali va uning mobil ilovasi takomillashtiriladi. Sudlarga murojaatlarning kamida 50 foizini elektron shaklda berish, sud majlislarining 100 foizini audioyozuv orqali qayd etish va Oliy sud axborot tizimlari foydalanuvchilarining sonini kamida 5 baravar oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mediatsiya va yarashuv mexanizmlarini kengaytirish, noqonuniy deb topilgan ma’muriy hujjatlarning ochiq reyestri yuritishni qamrab olish, “xalq vakillari hay’ati” ishtirokida ko‘riladigan jinoyat turlari sonini kamida 3 taga yetkazish maqsad qilingan.
Davlat rahbari strategiya loyihasini ma’qullab, unda nazarda tutilgan islohotlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tegishli farmonni imzoladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oznakomilsya s prezentatsiyey po povisheniyu effektivnosti sistemi komplayens-kontrolya v sudax. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.06.2026
Oliy sud tarkibida Komplayens nazorati xizmati tashkil etiladi
Yangiliklar lentasi
0