Markaziy bank moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha beshta yangi tashabbusni e’lon qildi

© SputnikV Tashkente startoval perviy Silk Road Finance & Technology Forum.
V Tashkente startoval perviy Silk Road Finance & Technology Forum. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.08.2026
Obuna bo‘lish
Markaziy bank moliyaviy texnologiyalar strategiyasi, Innovatsiyalar markazi va venchur fondini ishga tushirib, 5 ming nafar yoshni tayyorlaydi.
TOShKENT, 24 avg — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki moliyaviy texnologiyalar sohasida beshta yangi tashabbusni amalga oshiradi. Bu haqda regulyator raisi Timur Ishmetov Toshkentdagi "Silk Road Finance & Technology Forum" ochilishida ma’lum qildi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Birinchi tashabbus — milliy strategiya. 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiya innovatsiyalar, zamonaviy moliyaviy infratuzilma, kapital va malakali kadrlardan foydalanish imkoniyatlarini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Ikkinchi tashabbus — Innovatsiyalar markazi. Markaz 2026-yilning to‘rtinchi choragidan birinchi rezidentlarni qabul qila boshlaydi. Unda startaplar inkubatsiya va akseleratsiya dasturlaridan o‘tishi, ishlanmalarini tartibga solish muhitida sinab ko‘rishi hamda bozorga chiqish uchun ko‘mak olishi mumkin bo‘ladi.
Uchinchi tashabbus — maxsus venchur fondi. U moliyaviy texnologiyalar sohasidagi istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Markaziy bank investitsiyalar va sherik investorlarni jalb qilish maqsadida xalqaro boshqaruv kompaniyalari bilan muzokara olib bormoqda.
To‘rtinchi tashabbus — yangi to‘lov va ochiq banking standartlari. Markaziy bank moliyaviy xizmatlarni turli yurisdiksiyalarda kengaytirish imkonini beruvchi ochiq banking APIlari hamda to‘lov standartlarini ishlab chiqmoqda. Shuningdek, hisobdan hisobga tezkor to‘lovlar va sun’iy intellekt asosidagi muqobil kredit skoringi modeli rivojlantiriladi.
“Maqsadimiz — ma’lumotlardan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanish orqali raqobatni kuchaytirish, iste’molchilar tanlovini kengaytirish va xizmatlar sifatini oshiradigan moliyaviy ekotizim yaratish”, — dedi Ishmetov.
Beshinchi tashabbus — kadrlar tayyorlash dasturi. Uning doirasida 2030-yilga qadar 5 ming nafar yosh moliyaviy texnologiyalar sohasida o‘qitiladi.
“Birinchi guruh 2026-yil oxiriga qadar Singapur universitetlari va GFTN ishtirokida ishlab chiqilgan dastur asosida o‘qishni boshlaydi”, — dedi Markaziy bank raisi.
V Tashkente startoval perviy Silk Road Finance & Technology Forum. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.08.2026
Qo‘chqorov O‘zbekiston iqtisodiyotining natijalari va kelgusi o‘n yillik rejalarini aytdi
Yangiliklar lentasi
0