Toshkentda ko‘chmas mulk obyektlari qayta baholandi

© Sputnik / Baxrom XatamovMnogoetajnie doma v Tashkente
Mnogoetajnie doma v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.08.2026
Obuna bo‘lish
Qayta baholash natijasida kvartiralar narxi o‘rtacha 8 baravar, hovli uylar narxi o‘rtacha 14 baravar qimmatligi aniqlandi.
TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Toshkent shahrida ko‘chmas mulk obyektlarini ommaviy baholash natijalari muhokama qilindi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligida 14-avgust kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot davomida ommaviy baholashning maqsadlari, baholash metodologiyasi, foydalanilgan ma’lumotlar, Toshkent shahri bo‘yicha dastlabki natijalar, shuningdek, mulkdorlarning natijalar bilan tanishishi hamda murojaat qilish tartibi muhokama qilindi.
O‘zbekiston prezidentining 2025-yil 5-martdagi PF-43-son Farmoniga muvofiq, ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan. Mazkur tizimni joriy etishning birinchi bosqichi 2025–2026 yillarda Toshkent shahrida tajriba tariqasida amalga oshirilmoqda.
Tadbir davomida poytaxtda o‘tkazilgan ommaviy baholashning dastlabki natijalari taqdim etildi.
Xususan, Toshkent shahrida 600 mingdan ortiq kvartira baholangan. Ularning amaldagi kadastr qiymati 57,8 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijasidagi qiymat 426,7 trln so‘m etib belgilangan.
Shuningdek, 213 mingdan ortiq hovli-joy qayta baholangan. Mazkur obyektlarning amaldagi kadastr qiymati 39,1 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijasida ularning qiymati 548,4 trln so‘mni tashkil etdi.
Baholash natijalari Toshkent shahri hududlari kesimida ko‘chmas mulk qiymatida sezilarli tafovutlar mavjudligini ham ko‘rsatdi. Jumladan, kvartiralarning 1 kvadrat metri uchun qiymat 4,6 mln so‘mdan 35,8 mln so‘mgacha, bir sotix yer uchastkasining qiymati esa 115 mln so‘mdan 890 mln so‘mgacha bo‘lgan.
Tadbirda baholash natijalarini jamoatchilikka taqdim etish va mulkdorlarning o‘z fikr-mulohazalarini bildirish tartibi ham tushuntirildi. Dastlabki natijalar 60 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.
Mulkdorlar baholash natijalari hamda hisob-kitoblarda foydalanilgan ma’lumotlar bilan tanishish, zarur tushuntirishlarni olish va natijalarni qayta ko‘rib chiqishni so‘rash huquqiga ega. Mulkdorlar, shuningdek, ommaviy baholash natijasida aniqlangan qiymatni mustaqil baholash uchun baholovchi tashkilotni jalb qilishlari mumkin.
Tadbir yakunida ommaviy baholash metodologiyasi, dastlabki natijalar hamda mulkdorlarning murojaat qilish mexanizmlari yuzasidan savol-javob o‘tkazildi.
Yangiliklar lentasi
0