Benzin va mobil aloqa qimmatladi, oziq-ovqat arzonladi: iyul inflyatsiyasi

Obuna bo‘lish
Iyulda iste’mol narxlari 0,1 foizga pasaydi: oziq-ovqat arzonladi, benzin, mobil aloqa va ayrim xizmatlar qimmatladi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyul oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlari iyunga nisbatan 0,1 foizga pasaydi. Yil boshidan buyon narxlar 3,2 foizga oshdi.
Yillik inflyatsiya 6,4 foizni tashkil etdi. Bu 2025-yil iyulidagi ko‘rsatkichdan — 8,9 foizdan 2,5 foiz bandga past.
Iyul oyida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 0,91 foizga arzonladi. Nooziq-ovqat tovarlari 0,3 foizga, aholiga ko‘rsatiladigan pulli xizmatlar esa 0,5 foizga qimmatladi.
Oziq-ovqat mahsulotlaridan sabzi 12,6 foizga, uzun donli guruch 6,4 foizga, yumaloq donli guruch 6,1 foizga, mosh 4,2 foizga va piyoz 1,7 foizga qimmatladi.
Ayni paytda baqlajon 42,8 foizga, bulg‘or qalampiri 39,4 foizga, pomidor 24 foizga, tarvuz 20,3 foizga, kartoshka 18 foizga, qovun 14,5 foizga arzonladi.
Iyul oyida AI-98 va AI-100 markali benzin 10 foizga, AI-95 — 8,5 foizga, AI-92 esa 3,9 foizga qimmatladi. Benzinning barcha markalari bo‘yicha o‘rtacha o‘sish 4,8 foizni tashkil etdi.
Xizmatlar orasida maishiy chiqindilarni olib ketish xizmati 2,7 foizga, mobil aloqa xizmatlari 2,4 foizga, shahar avtobuslarida yo‘l haqi esa respublika bo‘yicha o‘rtacha 1,4 foizga oshdi.
Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtasida 2 mlndan ziyod narx kuzatildi. Iste’mol savatiga 419 turdagi tovar va 98 turdagi xizmat kiritilgan.
Yangiliklar lentasi
0