Korxonalarga daraxt kesish, chiqindi yoqish va qurilishdagi chang uchun jarimalar kuchga kirdi

© Tashkentskoe gorodskoe upravlenie po ekologii i oxrane okrujayushey srediNezakonnaya virubka derevyev v Yakkasarayskm rayone Tashkenta
Nezakonnaya virubka derevyev v Yakkasarayskm rayone Tashkenta - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 05.08.2026
Obuna bo‘lish
5 avgustdan yuridik shaxslarga daraxt kesish, suv va havoni ifloslantirish uchun zararning o‘n baravarigacha jarima qo‘llaniladi
TOShKENT, 5 avg — Sputnik. O‘zbekistonda 5-avgustdan ekologik huquqbuzarliklar sodir etgan yuridik shaxslarga nisbatan yangi moliyaviy sanksiyalar qo‘llanila boshlandi.
Yangi tartibga ko‘ra, jarima miqdori qat’iy belgilangan summa emas, balki atrof-muhitga yetkazilgan zarar yoki to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘loviga nisbatan hisoblanadi.
Jumladan, daraxt va butalarni noqonuniy kesgan, shikastlantirgan, yo‘q qilgan yoki boshqa joyga ko‘chirgan yuridik shaxsga yetkazilgan zararning besh baravari miqdorida jarima solinadi. Qoidabuzarlik qimmatbaho daraxt va buta navlariga nisbatan sodir etilsa, sanksiya zararning o‘n baravariga yetadi.
Shuningdek, korxona o‘ziga tegishli yoki biriktirilgan hududdagi daraxtlarni muhofaza qilish choralarini ko‘rmagan taqdirda ham zararning besh baravari miqdorida jarima to‘laydi.
Suvni ifloslantirgan yoki suv obyektlariga oqova suvlarni oqizish talablarini buzgan yuridik shaxslarga kompensatsiya to‘lovining o‘n baravari miqdorida moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi. Daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash tartibini buzganlik uchun esa jarima yetkazilgan zararning uch baravari etib belgilandi.
Havoga ifloslantiruvchi moddalarni belgilangan normativdan ortiq chiqargan korxonalar uchun jarima ularning atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish toifasiga qarab kompensatsiya to‘lovining ikki, to‘rt, olti yoki o‘n baravarini tashkil etadi.
Maydoni 500 kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish obyektlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish talablarini buzgan yuridik shaxslar kompensatsiya to‘lovining uch baravari miqdorida jarima to‘laydi.
Shina, bitum, mazut, plonka, sintetik karton, rezina, jun tolasi va boshqa chiqindilarni mo‘ljallanmagan joy yoki qurilmalarda yoqqan korxonalarga kompensatsiya to‘lovining besh baravari miqdorida sanksiya qo‘llaniladi.
Chiqindilarni to‘plash, tashish, saqlash, qayta ishlash yoki utilizatsiya qilish talablarini buzish uchun ham besh baravarlik jarima nazarda tutilgan.
Ilgari qanday edi?
Avval ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlik asosan fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jarimalar shaklida qo‘llanilar edi.
5 avgustdan esa yuridik shaxslarning o‘ziga nisbatan yetkazilgan zarar yoki kompensatsiya to‘lovining bir necha baravari miqdorida moliyaviy sanksiya qo‘llash mexanizmi joriy etildi.
Bunda moliyaviy sanksiya ma’muriy jarimaga qo‘shib hisoblanmaydi: ayni bir huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiya qo‘llansa, ma’muriy jazo berilmaydi. Biroq korxona atrof-muhitga yetkazilgan zararni baribir qoplashi shart.
Povsednevnaya jizn v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.07.2026
Daraxt va butalarni ko‘chirib o‘tkazish tartibi o‘zgardi
Yangiliklar lentasi
0