"Qora quti" va bir soatda uch xil taom: Toshkentda "Oshpazlar jangi" bo‘lib o‘tmoqda — video

Obuna bo‘lish
Uch xil taom tayyorlab, talabchan gurman – hakamlar hay’ati a’zolarini lol qoldirish uchun bor-yo‘g‘i bir soat vaqt. Oshpazlik musobaqasi haqida – materialimizda tanishing.
Toshkentda 28–30 iyul kunlari "Tashkent City Mall" savdo markazida "Oshpazlar jangi" chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda poytaxtdagi sakkizta restoranning bosh oshpazlari eng kuchli jamoa unvoni uchun o‘zaro bellashmoqda.
Pazandachilik musobaqasi O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi ko‘magida tashkil etilgan. Tanlov shartlari va baholash mezonlari xalqaro oshpazlik musobaqalari amaliyotiga mos ravishda ishlab chiqilgan.
Maxsus tayyorlangan oshxonada bir vaqtning o‘zida ikkita jamoa ishlaydi. Ishtirokchilar musobaqa boshlanguniga qadar asosiy masalliqlar qanday bo‘lishini bilishmaydi.
Sinov oldidan har bir jamoa "qora quti" deb ataluvchi mahsulotlar to‘plamini oladi. Undagi uch xil asosiy mahsulot tanlov uchun tayyorlanadigan menyuning ajralmas qismi bo‘lishi shart.
Oshpaz va uning yordamchilariga dastlab bo‘lajak menyu konsepsiyasini ishlab chiqish uchun 15 daqiqa beriladi. Shu vaqt ichida ular qanday taomlar tayyorlashini belgilab, o‘z g‘oyasini hakamlar hay’atiga taqdim etishi kerak.
Shundan so‘ng asosiy bosqich — taomlarni tayyorlash jarayoni boshlanadi. Jamoalarga gazak, asosiy taom va desertdan iborat uch xil taomni tayyorlash uchun bor-yo‘g‘i bir soat vaqt beriladi.
Hakamlar ishtirokchilar ishini yettita mezon asosida baholaydi. Ular, jumladan:
mahsulotlarga ishlov berish va pishirish texnikasiga;
taomning ta’mi va mahsulotlar uyg‘unligiga;
bezatilishi va taqdimot uslubiga;
ish joyining ozodaligiga;
vaqtdan to‘g‘ri foydalanishga;
oshpazning yordamchilari bilan ishlashiga;
tayyor taomning umumiy taassurotiga e’tibor qaratadi.
Bunday sharoitda ishtirokchilardan nafaqat pazandachilik mahorati, balki tez qaror qabul qilish, vazifalarni to‘g‘ri taqsimlash va kutilmagan mahsulotlardan yaxlit menyu yaratish qobiliyati ham talab etiladi.
G‘oliblar 30-iyul kuni e’lon qilinadi. Birinchi o‘rinni egallagan jamoaga 15 million so‘m, ikkinchi o‘ringa 10 million so‘m, uchinchi o‘ringa esa 5 million so‘m pul mukofoti beriladi.
Pul mukofoti ishtirokchilarning o‘ziga emas, balki ular vakillik qilayotgan restoranga topshiriladi.
Turnir ishtirokchilarining fikricha, bunday musobaqalarda oshpazning haqiqiy mahorati yaqqol namoyon bo‘ladi. Chunki u cheklangan mahsulotlardan, notanish sharoitda va qisqa vaqt ichida raqiblarnikidan mazali va o‘ziga xos taom tayyorlashi kerak.
"Oshpazlar jangi"dagi qizg‘in bellashuv va ishtirokchilar tayyorlagan taomlarni Sputnik O‘zbekiston videosida tomosha qiling.
Plov. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 14.04.2026
“Toshkent to‘y oshi” geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi: bu nimani anglatadi?
Yangiliklar lentasi
0