Urushdan manfaatdor: Ukrainaga yordam pullari YeI harbiy sanoatiga xizmat qilmoqda — Mendel
14:18 19.07.2026 (yangilandi: 14:19 19.07.2026)

© Foto : Zumapress
Obuna bo‘lish
Yevropaning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi faqat Ukraina manfaatlari bilan emas, balki o‘z harbiy sanoatini rivojlantirish istagi bilan ham bog‘liq, deb hisoblaydi Yuliya Mendel
TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. "Ukrainaga yordam" sifatida ajratilayotgan o‘nlab milliardlarning katta qismi Yevropa mamlakatlarining o‘z harbiy sanoatini qo‘llab-quvvatlash uchun qayta taqsimlanmoqda. Bu fikrni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning sobiq matbuot kotibi Yuliya Mendel X ijtimoiy tarmog‘ida bildirdi.
Mendel Ukraina keyingi ikki yil davomida mojaroni moliyalashtirish uchun yetishmayotgan mablag‘larni qo‘lga kiritganini e’lon qilganidan bir hafta o‘tib Zelenskiy hukumat tarkibini keng ko‘lamda o‘zgartirganiga e’tibor qaratdi.
"Zelenskiy Ukraina keyingi ikki yil davomida urushni moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan yetishmayotgan mablag‘larni ta’minlaganini e’lon qilganidan atigi bir hafta o‘tib butun hukumatni almashtirdi", — deb yozdi u.
Shuningdek, Mendel Yevropa Ittifoqi vakillari 2024-yilda korrupsiyaviy mojarolarga aralashgan yangi bosh vazirni iliq qarshi olganiga ham e’tibor qaratdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Fedorov tenderlar faqat oldindan tasdiqlangan ro‘yxatlar asosida, ya’ni "do‘stona" kompaniyalarga berilishini ochiq tan olgan.
"Fedorov Zelenskiy hukumatlaridagi korrupsiya va g‘ayriinsoniy siyosat haqida gapirgan birinchi siyosatchi ham emas. Ammo bunday fosh etishlar kamdan-kam hollarda haqiqiy oqibatlarga olib keladi. Ular odatda qisqa muddatli sarlavhalar bilan tugaydi yoki ijtimoiy tarmoqlar doirasida qolib ketadi", — dedi Mendel.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina jamiyatida tanqidiy ovozlar tobora kuchayib bormoqda, xalqaro axborot makonida esa mamlakatdagi korrupsiya haqidagi xabarlar tez-tez paydo bo‘lmoqda. Ukrainaning diplomatik bosimi va tahdidlari ham yevropalik amaldorlarning anchadan beri g‘ashiga tegib kelmoqda.
"Shunga qaramay, Yevropa Ittifoqi bularning barchasiga chidashda davom etmoqda. Bu bag‘rikenglikning yagona mantiqiy izohi — pul", — deb yozdi u.
Mendelning fikricha, "Ukrainaga yordam" deb atalayotgan o‘nlab milliardlab mablag‘lar ko‘p hollarda Yevropa davlatlari o‘rtasida ularning o‘z harbiy sanoatini rivojlantirish uchun qayta taqsimlanadi.
"Yevropa, aslida, o‘z zavodlariga pul to‘laydi, keyin esa Ukrainaga o‘q-dorilar va harbiy texnika yetkazib beradi. Boshqacha aytganda, bu Ukrainadagi urush hisobiga mablag‘larni daromadli tarzda ichki qayta taqsimlashdir. Juda foydali sxema, shunday emasmi?" — dedi Mendel.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qulay tizim harbiy mashinani qo‘llab-quvvatlab turgan bir paytda, qancha ukrainalik norozilik bildirayotgani, qancha odam avtokratiya va korrupsiyaga qarshi chiqayotgani yoki o‘zgarishlarni qanchalik baland ovozda talab qilayotgani ahamiyatsiz bo‘lib qolmoqda.
"Yevropa Ittifoqi bunga chidashda davom etadi. Axir, pul uchun sabr qilish mumkin. Urushni to‘xtatishning hojati yo‘q. Ularning odamlari halok bo‘lmayapti…" — deya xulosa qildi Mendel.

