Barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi — Mirziyoyev

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Yil yakunigacha 25 turdagi ijtimoiy xizmat mahallalarga beriladi. Ijtimoiy reyestrga kiritishni asossiz rad etish holatlari ustidan nazorat ham kuchaytiriladi.
TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallalarga tushiriladi. Hozir "mahalla yettiligi" orqali aholiga 100 taga yaqin xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida Axborot va xizmat markazi tashkil etilgan. U yerda sakkizta olis mahalla aholisiga bir joyda 980 ta davlat xizmati ko‘rsatilmoqda.
Xovos tumanidagi Qahramon mahallasida esa Vengriyaning "aqlli qishloq" tajribasi asosida shunday markaz tashkil etilmoqda.

Videoselektornoe soveshanie po organizatsii deyatelnosti "maxallinskoy semerki"
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Yil yakunigacha Norin va Xovos tajribasi Qo‘ng‘irot, Konimex, Boysun, Qamashi, Qo‘shrabot, Tuproqqal’a, G‘ijduvon, Forish, Beshariq, Jalaquduq va Ohangaron tumanlarida joriy etiladi.
Urganch shahridagi Olimpiya mahallasida yo‘lga qo‘yilgan "aqlli mahalla" tajribasi har bir viloyatning 10 tadan mahallasida tatbiq etiladi.
Yig‘ilishda ijtimoiy reyestrni yuritishdagi kamchiliklar ham tanqid qilindi. Ma’lum qilinishicha, 184 ta mahallada bir oyda kelib tushgan 2 mingta arizaning barchasi asossiz rad etilgan.
Ijtimoiy reyestr masalasida prezidentga kelgan murojaatlar yil boshidan 30 mingtadan 46 mingtaga ko‘paygan.
Bosh prokuraturaga reyestrning to‘g‘ri yuritilishini nazorat qilish, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga esa uning haqqoniyligi bo‘yicha prezidentga muntazam axborot berib borish topshirildi.
Yil yakunigacha mahallalarga yana 25 turdagi xizmat tushiriladi. Ular orasida:
nogironlikni erta aniqlash;
xonadonlarni ehtiyojga moslashtirish;
ijtimoiy uyga joylashtirish xizmatlari bor.
Uch oy ichida:
250 ta mahallada demensiya va aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslar uchun kunduzgi va uyda parvarish xizmati hamda "Madad" uylari;
75 ta mahallada o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar uchun "Faol hayot" dasturi;
qarovsiz qolgan yoki zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun "Qo‘llab-quvvatlash markazlari" tashkil etiladi.
O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" ham e’lon qilindi. Obodonlashtirish ishlarini muvofiqlashtirish uchun bosh vazir boshchiligida respublika shtabi tuziladi.
Yil yakunida quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi:
"Eng orasta xonadon";
"Eng fayzli hovli";
"Eng obod ko‘cha";
"Eng namunali mahalla".
G‘olib xonadonlarga mol-mulk yoki yer solig‘idan imtiyoz beriladi.
Toshkent — Xiva temir yo‘li bo‘yidagi 285 ta mahalla va 45 ta tumanda obodonlashtirish ishlari boshlangan. Qolgan hududlarga ham magistral va temir yo‘llar atrofini xatlovdan o‘tkazib, ularni namunali qiyofaga keltirish dasturini tayyorlash topshirildi.
Mahallalarda jinoyatchilikni kamaytirish bo‘yicha tizim ham samara bermoqda. So‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 162 ta mahallaning 571 tasida joriy yilda jinoyat qayd etilmadi.
Namanganda profilaktika inspektorlariga yonkamera va planshetlar berilgani natijasida shaxsni aniqlash, bayonnoma rasmiylashtirish va materiallarni sudga yuborish avtomatlashtirildi. Ayrim mahallalarda jinoyatlar soni 10 tadan 5 taga kamaydi.
Ushbu tajribani yil yakunigacha Namangan viloyatida to‘liq, boshqa hududlarda esa kriminogen vaziyati og‘ir 448 ta mahallada joriy etish topshirildi.
Shuningdek, "qizil" va "sariq" toifadagi mahallalar profilaktika inspektorlari maxsus metodika asosida o‘qitiladi.
