Inflyatsiya: nimalar qimmatlab, nimalar arzonlashdi?

Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 6,4 foiz bo‘ldi. Iyunda kommunal xizmatlar va yoqilg‘i qimmatlab, meva-sabzavotlar arzonlashdi.
O‘zbekistonda 2026-yil iyun oyida iste’mol narxlari oy davomida 0,6 foizga oshdi. Yil boshidan buyon inflyatsiya 3,3 foizni, yillik hisobda esa 6,4 foizni tashkil etdi.
Taqqoslash uchun: 2025-yil iyun oyida oylik inflyatsiya manfiy bo‘lgan — narxlar o‘rtacha 0,2 foizga pasaygan. O‘sha paytda yil boshidan buyon inflyatsiya 4,2 foiz, yillik inflyatsiya esa 8,7 foiz bo‘lgan.
Meva-sabzavot mahsulotlari narxlaridagi o‘zgarishlar hisobga olinmaganda, iyun oyida inflyatsiya 1,5 foizni tashkil etdi. Asosiy guruhlar kesimida iyun oyida oziq-ovqat mahsulotlari 1,4 foizga arzonlashdi. Nooziq-ovqat tovarlari 2,3 foizga, xizmatlar esa 1,8 foizga qimmatladi.
Iyun oyida oziq-ovqat mahsulotlari orasida guruch, grechka, sut, shakar, qo‘y go‘shti, mol go‘shti va tuxum narxlari oshgan. Meva-sabzavotlardan esa baqlajon, pomidor, bulg‘or qalampiri, bodiring, uzum, tarvuz, kartoshka, sarimsoqpiyoz, karam, banan va ko‘katlar arzonlashgan.
Shuningdek, iyun oyidan aholi uchun elektr energiyasi va tarmoq gaziga yangilangan tariflar joriy etildi. Respublika bo‘yicha o‘rtacha hisobda elektr energiyasi 9,6 foizga, tarmoq gazi esa 10,7 foizga qimmatlashgan.
Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, elektr energiyasi va gaz bo‘yicha inflyatsiyani hisoblashda iste’mol toifalari, ularning ulushi va o‘rtacha iste’mol hajmlari inobatga olingan. Shu sabab bu ko‘rsatkichlar tarif jadvalidagi alohida stavkalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir xil bo‘lmasligi mumkin.
Shuningdek, iyun oyida benzin o‘rtacha 3,9 foizga, propan 11,3 foizga, metan esa 8,8 foizga qimmatlashdi.
Yangiliklar lentasi
0