Furqat Esonboyev O‘zbekistonning JChdagi ishtiroki haqida fikr bildirdi

© SputnikBivshiy futbolist i trener iz Uzbekistana Furkat Esonboyev
Bivshiy futbolist i trener iz Uzbekistana Furkat Esonboyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.06.2026
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Furqat Esonboyev O‘zbekiston terma jamoasining JChdagi ishtiroki natijadan qat’i nazar, milliy futbol uchun muhim bosqich bo‘lganini ta’kidladi
TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi ishtiroki natijadan qat’i nazar, milliy futbol uchun katta tajriba va muhim dars bo‘ldi. Bu haqda sobiq futbolchi va murabbiy Furqat Esonboyev Sputnik O‘zbekiston muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Furqat Esonboyev futbolchilik faoliyati davomida “Paxtakor”, “So‘g‘diyona”, “Andijon” va “MHSK” jamoalarida to‘p surgan.
"Albatta, bu — ilk ishtirok edi. Jamoa dunyoning eng kuchli raqiblariga qarshi maydonga tushdi. Futbolchilarimiz hali yosh, ayrim o‘yinlarda tajriba yetishmasligi sezildi”, — dedi Furqat Esonboyev.
Uning ta’kidlashicha, yuqori darajadagi o‘yinlarda futbolchilardan nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki vaziyatni tez va to‘g‘ri baholash qobiliyati ham talab etiladi.
“O‘yin davomida futbolchidan talab etiladigan eng muhim jihatlardan biri — vaziyatni to‘g‘ri baholay olishdir. Raqib qarshisida jamoa a’zolari bir-birini so‘zsiz tushunishi, imo-ishoralar orqali ham fikrlarini anglay olishi kerak. Shuningdek, o‘yinchilardan tezkorlik, chaqqonlik va ayyorlik talab etiladi”, — dedi u.
Esonboyev Jahon chempionatidagi o‘yinlarda raqiblar juda kuchli bo‘lganini, O‘zbekiston terma jamoasi ayrim holatlarda jismoniy tayyorgarlik borasida qiynalganini qayd etdi.
“Menimcha, bo‘lib o‘tgan o‘yinlarda raqiblarga qarshi jismoniy tayyorgarlik borasida biroz qiynaldik. Raqiblar juda kuchli edi. Shunga qaramay, futbolchilarimiz oxirigacha kurashdi. Ayniqsa, Fayzullayev va Shomurodovning o‘yin maydonida ko‘rsatgan fidoyiligini alohida ta’kidlash lozim, deb o‘ylayman. Ular jon-jahdlari bilan harakat qilishdi”, — dedi sobiq futbolchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolda har bir mayda detal natijaga ta’sir qilishi mumkin.
“Futbol — juda mashaqqatli sport turi. Unda har bir mayda jihat katta ahamiyatga ega. Bir soniyalik chalg‘ish yoki kichik xatoning o‘zi ham g‘alabaga to‘sqinlik qilishi mumkin”, — dedi Esonboyev.
Sobiq futbolchi Jahon chempionati O‘zbekiston futboli uchun qaysi yo‘nalishlarda ko‘proq ishlash kerakligini ko‘rsatib berganini ta’kidladi.
“Bu turnir bizga qaysi yo‘nalishlarda yanada ko‘proq ishlash kerakligini yaqqol ko‘rsatib berdi. Eng muhimi, futbolchilar va murabbiylar Jahon chempionati muhitini his qildi, o‘z qobiliyatlarini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ldi”, — dedi Esonboyev.
Uning fikricha, keyingi bosqichda bolalar futboli, akademiyalar va murabbiylar tayyorlash tizimiga e’tiborni yanada kuchaytirish zarur.
“Agar bu yo‘nalishlarga investitsiyalar davom etsa, tizimdagi kamchiliklar bartaraf etilsa hamda yosh futbolchilarga moddiy va ma’naviy jihatdan yetarli ko‘mak ko‘rsatilsa, O‘zbekiston terma jamoasi kelgusi xalqaro musobaqalarda yanada raqobatbardosh jamoaga aylanishi shubhasiz”, — dedi sobiq futbolchi.
Trener Valeriy Nepomnyashiy - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 29.06.2026
Nega O‘zbekiston termasi guruhdan chiqa olmadi — Nepomnyashiy Kannavaroning xatolarini aytdi
Yangiliklar lentasi
0