YeOTB O‘zbekistonda qaysi sohalarga investitsiya kiritmoqda?

© Sputnik / Sgenerirovano II
Obuna bo‘lish
O‘rta muddatli istiqbolda bankning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritadigan investitsiyalari hajmi 1,5–2 milliard dollarga yetadi.
TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. 25–26 iyun kunlari Olmaotada Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) 20-yilligiga bag‘ishlangan yillik yig‘ilish va biznes-forum bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston bank tadbirlarida ilk bor uning to‘laqonli aksiyadori maqomida ishtirok etdi.

Godovoe sobranie i biznes-forum Yevraziyskogo banka razvitiya v Tashkente
© Sputnik
Forumning asosiy mavzularidan biri YeOTBning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish bo‘ldi. Mamlakat o‘tgan yili bankka a’zo bo‘lgan, 2026-yilda esa Toshkentda uning ilk vakolatxonasi ochildi. YeOTB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov ta’kidlaganidek, respublika allaqachon bank faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Predsedatel pravleniya YeABR Nikolay Podguzov
© Sputnik
“O‘zbekiston bankimizda markaziy o‘rinni egalladi. U 10 foiz ulushga ega uchinchi aksiyadorimizdir”, — dedi u.
Podguzovning so‘zlariga ko‘ra, o‘rta muddatli istiqbolda YeOTBning O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalari hajmi 1,5–2 mlrd dollarga yetadi. Bank joriy yilning o‘zida yuzlab million dollarlik ilk loyihalarni ma’qullab, yangi investitsiyaviy yechimlarni tayyorlamoqda.
YeOII O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Hurram Teshaboyev Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan hamkorlik respublikaning tashqi iqtisodiy siyosatining eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Bugungi kunda YeOII mamlakatlari bilan qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli 50 mlrd dollardan oshib, u sanoat, energetika, transport infratuzilmasi va raqamli iqtisodiyot sohalarini qamrab oladi.
Savdo dinamikasi ham kam ahamiyatli emas. So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonning Ittifoq mamlakatlari bilan tovar aylanmasi hajmi ikki baravardan ko‘proqqa – 9 mlrd dollardan 20 mlrd dollarga oshdi va YeOII davlatlari hissasiga respublika tashqi savdosining qariyb chorak qismi to‘g‘ri kelmoqda.
Teshaboyevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda asosiy samarani shunchaki o‘zaro savdoning o‘sishi emas, balki mamlakatlar texnologiyalar, ishlab chiqarish quvvatlari va logistikani birlashtiradigan hududlararo sanoat kooperatsiyasining rivojlanishi bermoqda.
“Aynan shuning uchun ham biz O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishini xususiy investitsiyalar, xalqaro moliyalashtirish va zamonaviy texnologiyalarni uyg‘unlashtirib yo‘lga qo‘ymoqdamiz”, — dedi vazir o‘rinbosari.
YeOTB Boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov va YeIK Kollegiyasi raisi Baqitjan Sagintayev Olmaotada bo‘lib o‘tgan YeOTB yillik yig‘ilishi va biznes-forumi doirasida hamkorlik memorandumini imzoladi.
Hujjat sanoat va agrosanoat majmuasidagi qo‘shma kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini rivojlantirish, YeOII mamlakatlari mahsulotlari eksportini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish, shuningdek, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.
Logistika — investitsiyalarning ustuvor yo‘nalishi
O‘zbekiston transport infratuzilmasini rivojlantirishni kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri deb hisoblaydi.
Respublika Yevroosiyo logistikasini sezilarli darajada o‘zgartirishi kutilayotgan eng yirik loyihalar — Transafg‘on transport yo‘laklari, “Shimol-Janub” yo‘nalishi va O‘rta yo‘lakni moliyalashtirishda xalqaro taraqqiyot banklari ishtirok etishidan umidvor.
Teshaboyevning fikricha, aynan shu loyihalar mintaqa mamlakatlariga Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga qisqa yo‘l bilan chiqish imkonini berib, xalqaro savdoning yangi arxitekturasini shakllantiradi.
YeOTB boshqaruvi raisi o‘rinbosari Aleksey Skatin bir muammoga — zamonaviy omborxona infratuzilmasi yetishmasligiga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda O‘zbekistonga 500 ming kvadrat metrga yaqin yangi ombor maydonlari kerak, bo‘sh joylar esa deyarli qolmagan. Aynan shuning uchun ham bank logistikani sarmoya kiritishning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rmoqda.
Xomashyo iqtisodiyoti o‘rniga sanoat
Yana bir strategik yo‘nalish – sanoat kooperatsiyasi bo‘lib qolmoqda. Asosiy urg‘u yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan loyihalarga, xususan, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, xomashoni chuqur qayta ishlash va sanoatni mahalliylashtirishga qaratilmoqda.
Forum ishtirokchilarining fikricha, aynan qo‘shma korxonalar butun mintaqa uchun uzoq muddatli iqtisodiy samara berishi mumkin.
Suv xavfsizligi, yashil iqtisodiyot va barqaror energetika
Forumda eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri suv resurslari muammosi bo‘ldi. YeOTB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzovning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyodagi jami suvning qariyb 90% ini qishloq xo‘jaligi iste’mol qiladi.

Godovoe sobranie i biznes-forum Yevraziyskogo banka razvitiya v Almati
© Sputnik
Bankning hisob-kitoblariga ko‘ra, suv resurslarini boshqarishning zamonaviy texnologiyalari va “aqlli” sug‘orish tizimlarini joriy etish suvdan foydalanish samaradorligini qariyb 40% ga oshirish imkonini beradi, bu esa mintaqaning suv xo‘jaligi majmuasiga tushadigan yuklamani sezilarli darajada kamaytiradi.
“Yashil” energetika o‘sish drayverlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Barqaror energetikani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi besh yilda respublika energetika sohasiga 19 mlrd dollardan ortiq sarmoya jalb qilib, 17 GVt dan ziyod yangi quvvatlarni ishga tushirdi.
Qayta tiklanuvchi energetika, elektr energiyasini jamlash tizimlari, tarmoq infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda Qambarota GES qurilishini o‘z ichiga olgan mintaqaviy loyihalar eng istiqbolli yo‘nalishlar sirasiga kiradi.
YeOTB Markaziy Osiyoda tinch atomni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ham tasdiqladi.
Nikolay Podguzovning so‘zlariga ko‘ra, bunday loyihalar salmoqli moliyaviy resurslarni talab qilsa-da, atom energetikasi mintaqaning energetik xavfsizligini sezilarli darajada mustahkamlashga qodir.
Sun’iy intellekt — hamkorlikning yangi sohasi
Raqamli iqtisodiyot yana bir ustuvor yo‘nalishga aylanmoqda. Podguzovning ta’kidlashicha, YeOTB sun’iy intellekt bilan bog‘liq loyihalarni faol qo‘llab-quvvatlash niyatida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bankning Raqamli tashabbuslar jamg‘armasi deyarli barcha investitsiya loyihalarida ishtirok etib, ularning raqamli qismini moliyalashtirmoqda.
Ma’lumotlar markazlari va raqamli infratuzilmani rivojlantirish, transchegaraviy elektron tijorat hamda mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekiston – Rossiya eksporti uchun muhim bozor
Rossiya eksport markazi katta vitse-prezidenti Nikita Gusakov O‘zbekiston eksportni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Rossiyaning asosiy hamkori bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda Rossiya Federatsiyasi ko‘magida metallurgiya, neft-gaz kimosi, quvur transporti va mashinasozlik sohalaridagi yirik loyihalar moliyalashtirildi. Endi asosiy e’tibor transport infratuzilmasini rivojlantirish, avtomobil va temiryo‘llar qurish, kommunal xo‘jalikni modernizatsiya qilish hamda pulli yo‘llarni qurish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihalariga qaratilmoqda.
Shuningdek, rossiyalik investorlar kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilishga – maxsus texnika va suv xo‘jaligi obyektlarini yangilashga ham qiziqish bildirmoqda.
Uning fikricha, O‘zbekistonning YeOTBga a’zo bo‘lishi yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
YeOTBning yangi strategiyasi
Yillik majlisning asosiy yakunlaridan biri YeOTBning 2027–2031-yillarga mo‘ljallangan Rivojlanish strategiyasining tasdiqlanishi bo‘ldi. Hujjat quyidagilarni ko‘zda tutadi:
transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish;
sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlarini moliyalashtirish;
xalqaro kapitalni jalb qilish;
yirik integratsion loyihalarni amalga oshirish.
Bugungi kunda YeOTB yetti mamlakatni birlashtirgan. Bankning 2025-yil yakunlariga ko‘ra to‘plangan portfelida umumiy qiymati 19,6 mlrd dollarlik 326 ta loyiha mavjud. Bank hamkorlari tomonidan loyihalarga jalb etilgan mablag‘lar bilan birga iqtisodiyotga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi esa 64 mlrd dollardan oshdi.
Forum ishtirokchilari O‘zbekistonning YeOTBga a’zo bo‘lishi so‘nggi yillardagi mintaqaviy integratsiya uchun eng muhim voqealardan biri bo‘lgani haqida yakdil fikr bildirdilar. Hozir asosiy vazifa: kelishuvlardan nafaqat O‘zbekiston, balki butun Yevroosiyo makonining uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishini ta’minlashga qodir yirik infratuzilmaviy va sanoat loyihalarini amalga oshirishga o‘tish.
