Birinchi iyuldan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini to‘lash tartibi o‘zgarapti

© Sputnik / Baxrom Xatamov
Obuna bo‘lish
Bir kalendar yilidagi mehnatga layoqatsizlik davrining 6-kunidan boshlab - Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan to‘lash tartibi amaliyotga joriy etiladi.
TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. Ijtimoiy himoya milliy agentligi O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan ham to‘lanishini eslatdi.
Bir kalendar yilidagi mehnatga layoqatsizlik davrining 6-kunidan boshlab Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan to‘lash tartibi amaliyotga joriy etiladi. Dastlabki 5 kuni esa ish beruvchi tomonidan to‘lanadi.
Nafaqa kamida 6 oy sug‘urta stajiga ega bo‘lgan sug‘urtalangan shaxslarga tayinlanadi.
Nafaqa miqdori sug‘urta stajiga qarab belgilanadi.
Sug‘urta staji:
6 oydan 8-yilgacha bo‘lsa — o‘rtacha oylik ish haqining 60 foizi;
8 yildan ortiq staj uchun — o‘rtacha oylik ish haqining 80 foizi.
Quyidagi toifalar uchun staj koeffitsiyenti 20 foizga oshiriladi:
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
qaramog‘ida 18 yoshga to‘lmagan 4 nafar yoki undan ortiq farzandi bo‘lgan shaxslar;
farzandlaridan kamida birida nogironligi bo‘lgan shaxslar.
Nafaqani hisoblashda o‘rtacha oylik ish haqining mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 baravarigacha bo‘lgan qismi inobatga olinadi.
Yil davomida mehnatga layoqatsizlik kunlari 77 kundan oshganda, staj koeffitsiyenti 10 foiz bandga kamaytiriladi.
Kalendar yil davomida jami 182 kungacha bo‘lgan kasallik davri uchun nafaqa to‘lanadi.
Farzand parvarishi bilan bog‘liq holatlarda:
14 yoshgacha bo‘lgan farzandni parvarishlash uchun berilgan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi bo‘yicha — qo‘shimcha 20 kalendar kun;
16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan farzandni parvarishlash uchun berilgan varaqa bo‘yicha — qo‘shimcha 40 kalendar kun uchun nafaqa Jamg‘arma tomonidan to‘lanadi.
To‘lov muddatlari:
1–15-sanalar oralig‘ida tayinlangan nafaqalar — shu oyning 25-sanasiga qadar;
16–31-sanalar oralig‘ida tayinlangan nafaqalar — keyingi oyning 10-sanasiga qadar moliyalashtiriladi.
