Mirziyoyev TDT norasmiy sammitida qanday tashabbuslarni ilgari surdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.05.2026
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston rahbari tashkilot doirasida sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish – bugungi davr talabi ekanini urg‘uladi.
TOShKENT, 15-may — Sputnik. Qozog‘istonning Turkiston shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish mavzusiga bag‘ishlangan norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Davlat rahbari uchrashuv jahonda turli ziddiyatlar tobora avj olayotgan davrga to‘g‘ri kelotganini ta’kidladi. Xalqaro munosabatlarda ishonch taqchilligi yanada kuchayib, global institutlarning o‘rni va ta’siri borgan sari zaiflashmoqda. Bu muammolar bizdan o‘zaro muloqotlarni faollashtirib, muhim masalalar bo‘yicha uyg‘un pozitsiyalarni ishlab chiqishni taqozo etmoqda.
Mirziyoyev, shu nuqtayi nazardan, turkiy dunyoning integratsiyasi bu xalqlar taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan uzoq muddatli strategik masala ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston rahbari hamkorlikni rivojlantirish uchun bir qator tashabbuslarni ilgari surdi:
Biz mintaqadagi data markazlarini yuqori tezlikdagi aloqa kanallari bilan bog‘laydigan “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz.
Islom sivilizatsiyasi markazi TURKSOY va Turkiy akademiya bilan tarixiy-madaniy manbalarimizni yagona “katta ma’lumotlar” platformasiga jamlasa, xalqlarimiz uchun foydali ish bo‘lar edi.
Yassaviy tariqatining bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini hamkorlikda chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etishni taklif qilamiz.
Yoshlarning istiqbolli startaplari, innovatsion ishlanmalari, sun’iy intellektga asoslangan turli yechimlarini moliyalashtirish uchun biz Qozog‘iston bilan tuzayotgan Qo‘shma venchur jamg‘armasiga Tashkilotning barcha a’zolarini qo‘shilishga chorlaymiz.
Chegaralarda bojxona va tranzit tartib-taomillarini yengillashtirish bo‘yicha imzolangan Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi haqidagi bitimni hayotga tatbiq etish hamda ma’lumotlar almashuvini to‘liq raqamlashtirishimiz zarur.
Ekologiya masalalariga e’tiborni yanada kuchaytirish maqsadida tashkilotimiz doirasida 2027-yilni “Tabiatni asrash yili” deb e’lon qilishni taklif etamiz.
Yangi tahdidlarni aniqlash va ularning oldini olish uchun turkiy dunyo doirasida yagona xavfsizlik va ishonch makonini yaratishimiz lozim. Bu borada umumiy mexanizm – Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyansni tuzish tashabbusini ilgari suraman.
Mirziyoyev qabul qilinadigan Turkiston deklaratsiyasi tili va dili bir-biriga chambarchas bog‘langan xalqlarning ezgu niyatlarini yanada mustahkamlab, “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasida belgilangan yuksak maqsadlarga erishish yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘lishishiga ishonishini bildirdi.
Vstrecha prezidenta Uzbekistana Shavkata Mirziyoyeva i prezidenta Kirgizstana Sadira Japarova. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.05.2026
Mirziyoyev Qozog‘istonda Qirg‘iziston va Turkiya rahbarlari bilan uchrashdi
Yangiliklar lentasi
0