G‘alabaning 81-yilligi arafasida Toshkentda “Xotira olovi” yoqildi
© Sputnik
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Moskvadagi Noma’lum askar qabridan olingan Mangu olov parchasini Toshkentga boks bo‘yicha jahon chempioni Denis Lebedev olib keldi.
Toshkentda Buyuk G‘alabaning 81-yilligi arafasida “Xotira olovi” xalqaro aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosim “Birodarlik qabristoni” yodgorlik majmuasida o‘tkazildi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Moskvadagi Noma’lum askar qabridan olingan Mangu olov parchasini Toshkentga boks bo‘yicha jahon chempioni Denis Lebedev olib keldi.
Tadbirda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aleksey Yerxov, O‘zbekistondagi Rossotrudnichestvo vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskaya, Denis Lebedev hamda Ikkinchi jahon urushi faxriylari so‘zga chiqdi.
Ular o‘zbekistonliklarning umumiy G‘alabaga qo‘shgan hissasi, shuningdek, urush yillari haqidagi xotirani saqlash va uni kelajak avlodga yetkazish bugungi kunda ham muhim ekanini ta’kidladi.
Mangu olov parchasi solingan chiroqlar konslager asiri Anatoliy Burikinga, Leningrad qamali guvohlari Yuriy Smolich, Tamara va Nina Sokolovalarga, shuningdek, A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent filiali direktori Sergey Barchenkoga topshirildi.
“O‘ylaymanki, hali ko‘p yillar o‘tadi va umid qilamanki, bu doim shunday bo‘lib qoladi: rossiyaliklar o‘zbekistonliklarning ular uchun qilgan ishlarini, o‘zbekistonliklar esa ota-bobolarining umumiy G‘alabamizga qanday hissa qo‘shganini hamisha yodda tutadi”, — dedi Irina Staroselskaya Sputnik O‘zbekiston muxbiriga bergan intervyusida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Mangu olovning bir parchasi A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent filialiga topshirilgan, chunki oliygoh 9-may — G‘alaba kuni, Xotira va qadrlash kuni kabi bayramlarga doimo alohida e’tibor bilan yondashadi.
“Biz ularni e’tirof etmasligimizning iloji yo‘q edi, chunki talabalar ham, o‘qituvchilar ham, rahbariyat ham befarq emas. Ushbu parcha ular uchun bir mukofot bo‘lishini, bu olov ularga o‘z ajdodlarini eslatib turishini istaymiz. Va, albatta, faxriylarimizga, qamalda bo‘lganlarga, konslager mahbuslariga, ya’ni shu yerda, Toshkentda yashab, tadbirlarimizga hamisha tashrif buyuradigan insonlarga ham topshirdik. Xudo ularga salomatlik ato etsin, toki ular yana uzoq-uzoq yillar yonimizda bo‘lib, ushbu go‘zal bayramni biz bilan birga nishonlashsin”, — dedi u.
Denis Lebedev O‘zbekistonda odamlar Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlarni va o‘z qahramonlarini xotirlashini, ularga hurmat ko‘rsatishini alohida ta’kidladi.
“Shuning uchun mendan: “Denis, 9-may arafasida siz qayerga borasiz?”, deb so‘rashganda, “Balki, O‘zbekistonga”, deb javob beraman. Chunki bu yerda nafaqat hayotda, balki sportda ham ko‘plab hamfikrlarim, do‘stlarim bor”, — dedi u.
Aksiya tashkilotchilari — Umumrossiya xalq fronti va Toshkentdagi Rus uyi.
