O‘zbekiston konchilikda investitsiyalar uchun keng imkoniyat yaratgani e’tirof etildi
14:43 05.05.2026 (yangilandi: 15:17 05.05.2026)

© Sputnik / Sgenerirovano II
Obuna bo‘lish
TOBB Turkiya konchilik kengashi raisi Ibrahim Halil Kirshan O‘zbekiston resurslari va Turkiya sanoati birlashsa, Markaziy Osiyodan Yevropagacha yangi qiymat zanjiri shakllanishini aytdi.
TOShKENT, 5-may — Sputnik. Toshkentda O‘zbekiston—Turkiya biznes forumi bo‘lib o‘tmoqda. Unda geologiya, konchilik va qayta ishlash sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, yangi investitsiya loyihalariga Turkiya kompaniyalarini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Forumda 20 tadan ortiq Turkiya kompaniyalari ishtirok etmoqda, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
TOBB Turkiya konchilik kengashi raisi Ibrahim Halil Kirshanning aytishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston konchilik sohasini liberallashtirib, xorijiy investitsiyalar uchun keng imkoniyat yaratdi.
Uning ta’kidlashicha, bu jarayonda turk kompaniyalarining faol ishtirok etishi har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishi mumkin.
“Bir tomonda boy resurslarga ega O‘zbekiston, ikkinchi tomonda esa ushbu resurslarni qayta ishlay oladigan kuchli sanoat tizimiga ega Turkiya turibdi. Bu ikki kuchning birlashuvi nafaqat ikki tomonlama savdoni oshiradi, balki Markaziy Osiyodan Yevropagacha bo‘lgan yangi qiymat zanjirini shakllantiradi”, — dedi Kirshan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonda O‘rta koridor ham muhim ahamiyatga ega. Turkiya ushbu koridorning G‘arbga chiqish darvozasi sifatida O‘zbekiston va mintaqadagi davlatlarning mineral boyliklarini jahon bozorlariga yetkazishda logistika va savdo markazi bo‘la oladi.
Kirshan O‘zbekiston uran ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biri ekanini, Qizilqum cho‘lidagi konlar hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xalqaro miqyosda e’tiborga sazovorligini qayd etdi.

V poslednie godi Uzbekistan liberalizoval gornodobivayushuyu otrasl i otkril shirokie vozmojnosti dlya inostrannix investitsiy
© telegram sputnikuzbekistan
Shuningdek, uning aytishicha, kumush, volfram, ruh, qo‘rg‘oshin, fosfat va kaliy kabi qazilma boyliklar zaxiralari O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim resurs bazalaridan biriga aylantirmoqda.
“Turkiya konchilik sohasi bugun Markaziy Osiyodan Afrikagacha, Bolqondan Yaqin Sharqqacha bo‘lgan keng hududda faoliyat yuritmoqda. Ushbu tajriba va salohiyat O‘zbekiston uchun muhim hamkorlik imkoniyatlarini yaratadi”, — dedi u.
Forumda O‘zbekiston tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov ham yangi loyihalar haqida ma’lumot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2030-yilgacha Samarqand va Toshkent viloyatlarida “Kelajak metalllari” texnoparki tashkil etiladi.
Shuningdek, Samarqand viloyatida farmatsevtika klasteri, Toshkent viloyatida esa molibden klasteri tashkil etilishi rejalashtirilgan.
“Ushbu klasterlarda qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga barcha investorlarni taklif qilib qolamiz. Bizning sohada Turkiya investorlarining hissasi juda katta, kundan-kunga oshib bormoqda”, — dedi Yusupov.
